19:42 / 11.08.2018
4 084

Tanganing ikkinchi tomoni: qo‘riqchilar faoliyati qachon tartibga solinadi? (foto, video)

Tanganing ikkinchi tomoni: qo‘riqchilar faoliyati qachon tartibga solinadi? (foto, video)
Yunusobod tumanidagi so‘nggi hodisa qator huquqiy masalalarni keltirib chiqardi.

Ijtimoiy tarmoqlarda video tarqaldi, unda tungi klub qo‘riqchilari bu yerga kelgan shaxsni o‘lasi bilan kaltaklashgani va pichoq bilan zarbalar berishganini ko‘rish mumkin.

Endi O‘zbekistondagi qo‘riqlash xizmati haqida bir qator savollar tug‘ilmoqda. Birinchidan, O‘zbekistonda qo‘riqchilarning faoliyati litsenziyalanmaydi.

Xorijiy mamlakatlarda Bouncer (doorman) atamasi bor - qo‘riqchi. Ular muassasaning (bar, restoran, diskoteka va boshqalar) xavfsizligi uchun javobgardirlar.

Masalan, Buyuk Britaniyada qo‘riqchiga aylanish uchun shaxs quyidagi litsenziyani olishi kerak:

O‘z navbatida, qo‘riqchilar ushbu litsenziyani o‘zi bilan olib yurishi va uni ko‘zga tashlanadigan joyga taqib qo‘yishlari kerak. Litsenziya bo‘lmasa, ish ham bo‘lmaydi. Aytgancha, Britaniya politsiyasi muntazam ravishda reydlar o‘tkazib, qo‘riqchilarda hujjat borligini tekshiradi.

Litsenziya olish uchun siz bir qator jarayonlardan o‘tishingiz kerak. Darvoqe, Buyuk Britaniyada qo‘riqchilik faoliyatini tartibga solish bilan maxsus agentlik (SIA) shug‘ullanadi.

Litsenziya olish uchun nomzod agentlik saytida ro‘yxatdan o‘tishi, so‘rovnomani to‘ldirishi, maxsus treningni tugallashi, testlardan o‘tishi va tegishli tekshiruvdan o‘tishi kerak. Litsenziya odatda 14 kun ichida beriladi.

O‘zbekistonda bu sohani tartibga solib, litsenziyani joriy etish vaqti keldi. Ushbu faoliyat bilan shug‘ullanadigan maxsus tashkilotni tashkil etish muhimdir. O‘z navbatida, u ichki ishlar organlariga bevosita bo‘ysunishi kerak, chunki Ichki ishlar vazirligi jamoat xavfsizligi uchun mas’uldir.

Har qanday litsenziyasiz faoliyat qonun bilan jazolanishi kerak. Shunga ko‘ra, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks va Jinoyat kodeksiga o‘zgartirish kiritish muhim.

Shu bilan birga, nazoratni kuchaytirish uchun qo‘riqchilarga profilaktika inspektoriga litsenziyaning nusxasini taqdim etish majburiyati qo‘yilishi lozim.

Misol uchun, Yunusobod tumanida «A» yangi klubi ochildi. Menejer qo‘riqchilarni yollashga qaror qildi. U litsenziyaga ega qo‘riqchilarni qidirishga majbur bo‘ladi. Nima bo‘lgan taqdirda ham, bu qo‘riqchilar ma’lumot treningdan o‘tgan va ichki ishlar organlarida ro‘yxatdan o‘tgan bo‘ladi. Shundan so‘ng, qo‘riqchilar mahalliy profilaktika inspektorining oldiga borib, o‘z litsenziyasining nusxasini beradilar.

Natijada, ichki ishlar organlari bu ob’ektni kim qo‘riqlayotganini bilishadi va mas’uliyatni his etadilar.

Ikkinchidan, treningni professionallar ishlab chiqishi kerak.

Trening jarayoniga psixologiya, birinchi tibbiy yordam, muloqot usullari va ma’muriy, shuningdek, jinoiy qonunchilik haqida qisqacha tanishtiruv kurslarini kiritish lozim.

Agar tashrif buyuruvchi pichoq bilan hujum qilsa, uni qurolsizlantirish lozim, biroq, shu bilan birga, darhol ichki ishlar organi xodimlarini, ayniqsa profilaktika inspektorini chaqirish kerak.

Videoga e’tibor bering. Qo‘riqchilar bunday faoliyat uchun professional tayyorgarlikdan o‘tmaganligi aniq ko‘rinib turibdi.

Kimdir sizning hamkasbingizga pichoq bilan jarohat yetkazdi, lekin bu uni o‘ldirish kerakligini anglatmaydi. Qurolsizlantirish va ichki ishlar organi xodimlarini tezda chaqirish mumkin edi.

Darvoqe, qo‘riqchilar ham qaysi hollarda kuch ishlatish mumkinligini, o‘zini o‘zi himoya qilish nima ekanini bilishlari kerak. Chunki, barcha harakatlar uchun ular qonun oldida baribir javob beradilar.

Kimdir shishani sindirdi va o‘ziga jarohat yetkazdi. Qo‘riqchi birinchi yordamni ko‘rsatishga tayyor bo‘lishi kerak.

Ushbu sohani faqatgina litsenziyalash yo‘li bilan tartibga solish mumkin.

Ha, qo‘riqchilar kuchli, lekin, katta ehtimol bilan, ular ma’muriy va jinoiy qonunchilik haqida umuman ma’lumotga ega emaslar, hech qanday maxsus treningdan o‘tishmagan.

Huquq-tartibot organlaridagi ayrim ekspertlar bilan suhbat chog‘ida ma’lum bo‘ldiki, qo‘riqchilar odatda «ko‘chadan» olinadi. Bu muntazam ravishda zallarda yoki maktablarda sport bilan shug‘ullanadigan yigitlar. Kechasi ob’ektni qo‘riqlashadi, kunduzi esa sport bilan shug‘ullanishadi yoki o‘qishadi. Asosan, turli xil dorilar va sport ozuqa qo‘shimchalarini iste’mol qilib, o‘z gavdalari haqida qayg‘urishadi. Hech qanday professional malaka yo‘q - shunchaki gavda.

Keling, ochiq aytaylik. O‘zbekistonga bu kabi «razborkachilar» umuman kerak emas. Bizga normal litsenziyalangan qo‘riqlash xizmati kerak. Albatta, kuch ham kerak, lekin aql ham zarar qilmaydi.

Aytgancha, litsenziyani pullik qilish mumkin. Masalan, bir yil uchun - eng kam ish haqining 20 baravari (3 million 686 ming so‘m). Olingan mablag‘larni mahalliy profilaktika inspektorlari faoliyatini yaxshilashga yo‘naltirish kerak.

O‘zbekistonda qo‘riqchilik faoliyati legal kasbga aylanishi darkor. Tegishli tashkilotlar harakatga qandaydir choralar ko‘rmasa, bunday hodisalar faqat ortib boradi. Yana bir bor ta’kidlaymiz, hammasi qonuniy bo‘lishi lozim, qo‘riqchilar huquq va majburiyatlarga ega bo‘lishi kerak.
Ulug‘bek Akbarov

Manba: Kun.uz

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Tanganing ikkinchi tomoni: qo‘riqchilar faoliyati qachon tartibga solinadi? (foto, video)