23:03 / 14.08.2018
5 895

Tadbirkor Jahongir Umarov «ishi» bo‘yicha Toshkent shahar IIBB xodimlari ishdan olindi

Tadbirkor Jahongir Umarov «ishi» bo‘yicha Toshkent shahar IIBB xodimlari ishdan olindi
Tadbirkor Jahongir Umarovning Toshkent shahar IIBB xodimlari tomonidan qo‘lga olingani va uning tergov qilingani ortidan IIV xizmat tekshiruvi o‘tkazdi. Natijada JQB xodimi, tergovchi lavozimidan ozod etildi.

Xabaringiz bor, Olmazor tuman jinoyat ishlari bo‘yicha sudi o‘z binosida tadbirkor Jahongir Umarov “ishi” bo‘yicha sud-tergov harakatlarini olib bormoqda. Bu haqda UzNews.uz xabar bermoqda.

Hozirda, guvox va xolislar sudda o‘z ko‘rsatmalarini berishmoqda.

Ayni mana shu paytda, advokatlar tomonidan Jahongir Umarovning qo‘lga olinishi, uni Toshkent shahar IIBB binosida kaltaklangani va unga nisbatan bo‘lgan tergov harakatlarida bir qator qonunbuzlishilar bo‘lganligi aytilib, bu holat bo‘yicha IIV tomonidan xizmat tekshiruvi o‘tkazilishi borasida sudga iltimosnoma bilan murojaat qilishdi.

Sudga raislik qiluvchi Zafar Bobonov bu bo‘yicha ajrim chiqardi va ayni mana shu ajrim yuzasidan Ichki ishlar vazirligi o‘z xavfsizlik boshqarmasi xodimlari tomonidan xizmat tekshiruvi o‘tkazildi.

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari general-mayor D.A. Nazarmuhamedov tomonidan 10 avgust kuni imzolangan, Toshkent shahar IIBBning ayrim xodimlariga nisbatan o‘tkazilgan xizmat tekshiruvi xulosasida quyidagilar keltirib o‘tilgan.

O‘z xizmat vazifalarini vijdonan, yuksak kasbiy darajada bajarish o‘rniga, ularga mas’uliyatsizlik bilan qarab, 2018 yil 22 yanvar kuni soat 21:00da O‘zbekiston Respublikasi JPKning 224-moddasi tartibida ushlanib, vaqtinchalik saqlash hibsxonasiga olib kelingan vaqtida fuqaro J.Umarov tanasida o‘tkazilgan ko‘rik davomida “yuz, yelka, ikkala tizza, qovurg‘a, teri usti, ikkala oyoq ostlarida ko‘karish va shilinishi” ko‘rnishidagi bir qator tan jarohati belgilari mavjud bo‘lsa-da, ushbu tan jarohatlari go‘yoki, J. Umarovning so‘zidan yiqilib olganligi haqida asoslantirilmagan dalolatnoma tuzishgan.

Aniqlangan tan jarohatlari bo‘yicha tibbiy ma’lumotnoma olish choralarini ko‘rmaganliklari, holat bo‘yicha nazorat qiluvchi prokurorga xabar bermaganliklari, tergovchining ozod qilish haqidagi qarori ijrosini ta’minlamaganliklari, bundan tashqari 2018 yil 23, 24, 25, 26, 27, 29, 30, 31 yanvar hamda 1 fevral kuni J. Umarovni tergov organlarining ruxsatisiz va konvoy kuzatuvisiz tezkor xodimlarga berib yuborishganligi oqibatida fuqarolar tomonidan ichki ishlar organlari xodimlariga nisbatan salbiy fikrlar tug‘ilishiga yo‘l qo‘yganliklari, ushbu xatti-harakatlari bilan IIVning 2016 yildagi 82-sonli, 2017 yildagi 171-sonli buyruq talablarini qo‘pol ravishda buzganliklari uchun bir qator xodimlar “jazolandi”.

Jumladan, Toshkent shahar IIBB vaqtincha saqlash hibsxonasi sobiq inspektori serjant Sharipov Ravshon Sadullayevich va PPX va JTSB bo‘linmalari vaqtincha saqlash hibsxonasi inspektor-navbatchisi serjant Ashiraliyev Bahrom Mirzaaxmedovichlarga “Xayfsan” intizomiy jazosi, katta serjant Usmonov Baxtiyor Imomxo‘jayevichga esa “Qattiq xayfsan” intizomiy jazosi tayinlandi.

Tadbir davomida yo‘l qo‘ygan kamchilik va xatolari uchun esa IIBB Jinoyat qidiruv boshqarmasi Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘limi katta tezkor vakili podpolkovnik Mahmudov Abulazim Abdulkaimovich, Bo‘limning katta tezkor vakili podpolkovnik Zakirov Aziz Abdukadirovich, katta tezkor vakil podpolkovnik Nurmuxamedov Yusufbek Rafikovichlarning har biriga “Xayfsan” e’lon qilingan.

Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘limi o‘ta muhim ishlar bo‘yicha tezkor vakili mayor Nurutdinov Fatxiddin Sadritdinovich esa ichki ishlar organlaridan bo‘shatildi.

Fuqarolarda tergov organlarining faoliyati shaffofligiga shubha paydo bo‘lishiga sababchi bo‘lganligi, shoshma-shosharlik bilan jinoyat ishini tamomlagani va qator kamchiliklarga yo‘l qo‘ygani uchun Toshkent shahar IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi iqtisodiyot sohasidagi jinoyatlarni tergov qilish bo‘limi o‘ta muhim ishlar bo‘yicha tergovchisi mayor Yakubov Jasur Maxmudjonovich egallab turgan lavozimidan ozod etilgan.

Toshkent shahar IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi iqtisodiyot sohasidagi jinoyatlarni tergov qilish bo‘limi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi mayor Abdurahmonov Ulug‘bek Oybekovichga “Qattiq xayfsan” berildi.

Shuningdek, o‘z xizmat vazifalarini to‘liq bajarmagan Toshkent shahar IIBB EKM shaxsni identifikatsiya qilish bo‘limi boshlig‘i podpolkovnik Shakirov Shaxzod Akmaldjanovich va shu bo‘lim katta eksperti kapitan Karimov Sardor Shuxratovichlarga intizomiy jazo berish masalasi Toshkent shahar IIBB “Intizomiy kengash”da ko‘rilishi ham xizmat tekshiruv xulolasasida ko‘rsatib o‘tilgan.

Xizmat tekshiruv xulosasi nusxasi Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Olmazor tuman sudiga, ma’lumot uchun O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga yuborilgan.

Ushbu xizmat tekshiruvi xulosasi shaxsiy tarkib o‘rtasida keng muhokama etilib, kelgusida joylarda yuqorida qayd etilgan holatlarga yo‘l qo‘ymaslik va oldini olish uchun aniq amaliy chora-tadbirlar belgilanishi O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari-Toshkent shahar IIBB boshlig‘i general-mayor R.M. Djurayev zimmasiga qoldirilgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Tadbirkor Jahongir Umarov «ishi» bo‘yicha Toshkent shahar IIBB xodimlari ishdan olindi