12:12 / 15.08.2018
2 962

Yopiqliq qozon yopiqligicha qolmoqda. Propiska muammosi qachon hal etiladi?

Yopiqliq qozon yopiqligicha qolmoqda. Propiska muammosi qachon hal etiladi?
Keyingi ikki yilda O‘zbekiston davlat hokimiyati va boshqaruvi tizimida keng ko‘lamli ijobiy o‘zgarishlar ro‘y berdi. Bunda asosiy e’tibor fuqarolarning huquqlarini himoya qilish va aholi manfaatlarini amalda ta’minlashga qaratildi.

«Inson manfaatlari – hamma narsadan ustun», «Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak», degan ezgu g‘oyalar O‘zbekiston taraqqiyotining yangi bosqichiga qadam qo‘yayotganligini anglatmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil 22 yanvarda Harakatlar strategiyasi asosida amalga oshirilishi belgilangan «Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili»da amalga oshirishga oid Davlat dasturi to‘g‘risida»gi farmoni e’lon qilindi.

Farmon bilan vaqtincha yoki doimiy propiskasi bo‘lmagan yoxud turar joyi bo‘yicha hisobda turmagan fuqarolarni ishga olishga oid taqiq bekor qilinishi kerak edi. Ushbu norma fuqarolarga mamlakatimizning istalgan hududida, ayniqsa, Toshkent shahri va Toshkent viloyatida ishga joylashishda hech qanday cheklovlarsiz o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarish imkonini beradi. Istiqbolli kadrlar qayerda doimiy yoki vaqtincha propiska qilingani, turar joyi bo‘yicha hisobda turganidan qat’i nazar, poytaxt mintaqasida mehnat qila oladi. O‘z navbatida, ish beruvchilar vaqtincha yoki doimiy propiskasi bo‘lmagan yoxud turar joyi bo‘yicha hisobdan o‘tmagan fuqarolarni ishga olganliklari uchun javobgarlikdan ozod etiladi.

Farmon asosida normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish va ijro etish muddati 2018 yil 1 aprel sanasi etib belgilangandi.

Loyihalarda:

vaqtincha yoki doimiy propiskasiz fuqarolarni ishga qabul qilishni rad etish bilan bog‘liq amaliyotga barham berish;

mehnat munosabatlari jarayonida pasport tizimi qoidalariga rioya etmaganlik uchun ish beruvchining ma’muriy javobgarligini bekor qilish;

vaqtincha yoki doimiy propiskasiz yoxud turgan joyi bo‘yicha hisobda turmasdan yashaganlik, yashashga yo‘l qo‘yganlik uchun ma’muriy jazo choralarini yengillashtirish nazarda tutiladi, deyilgandi.

Tegishli normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari ustida Adliya vazirligi, Bosh prokuratura, IIV, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi ish olib borishi belgilangandi. Ayni vaqtda xodimlari Toshkent shahrida doimiy ro‘yxatga olinishida imtiyozlarga ega tashkilotlar.

O‘zbekistonda propiska, pasport olish, ta’lim, mehnat qilish va boshqa konstitutsion huquqlarni amalga oshirish bilan bog‘liq cheklovlarni bekor qilish rejalashtirilayotganligini eshitgan faol fuqarolarimiz ba’zi bir saytlar va ijtimoiy tarmoqlarda o‘z xursandchiligini yashira olmasdan fikrlar bildirishdi.

O‘zbekistonda vaqtinchalik yoki doimiy propiskasiz fuqarolarni ishga qabul qilishdagi taqiq bekor qilinishini ko‘pchilik katta hushxabar sifatida qabul qildi. Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilardan biri Zafar Yoriyev bu xabarni «Yilning eng yaxshi yangiligi», deb atadi.

Obodon Reyimboyeva — «O‘zbekiston fuqarolarining konistitutsiyaviy huquqlari tiklanishiga asos solinibdi. Viloyatlarni ajratib tashlanishining oldi olinibdi. Endi Toshkent shahri taraqqiyotiga yanada keng yo‘l ochilibdi», deb fikr qoldirgan.

Normurod Hamroyev — «Haqiqatdan ham ajoyib yangilik! Endi yurtdoshlarimiz davlatimizning hohlagan joylariga borib qonuniy tartibda doimiy yashash joyi propiskasi bilan ishga joylashish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Xususan, vatanimiz poytaxti Toshkent shahrida ham. Zero, poytaxtimizda ishlash imkoniyatlari keng va ishchi o‘rinlari bisyor. Oldin propiskasi bo‘lmasa, ishga qabul qilinmasligi minglab yurtdoshlarmiz mutaxassisliklari bo‘yicha ishga joylasha olmasligiga sabab bo‘layotgan edi. Muhtaram yurtboshimizning qarorlarida qayd etilgan ushbu imkoniyatlar bilan faqat tabriklash kerak!» deb yozgandi.

«Otasiga rahmat, shu qarorni imzolaganning, – deb fikr qoldirgan foydalanuvchilardan biri Faxriddin Turdiyev. – O‘zbekiston fuqarosi xohlagan joyida yashashi kerak. Qanday yaxshi xabar! Shu vaqtgacha viloyatliklar kamsitib kelingandi. Axir shu yurt uchun ishlasak, shu yurt uchun soliq to‘lasak, nima uchun vatanimiz poytaxtidan uy-joy olib yasholmaymiz, degan fikr qiynardi meni. Bugun armonlarimiz ushalgan tarixiy kun bo‘ldi».

Biz bu fikrlarni bejizga keltirmadik. Prezidentimizning ushbu farmonidan so‘ng ming-minglab vatandoshlarimiz orzu-armonlari ushalishiga umid qilgandi.

Afsuski, yil poyoniga yetib borayotgan bo‘lsada, farmon ijrosiga mas’ul bulgan idoralar rahbarlarining bu haqda bosh qotirishiga hali ham qimmatli vaqtlari yetmayotganday ko‘rinmoqda.

Bunday ochiqroq fikr bildirishga undagan ko‘plab murojaatlardan birini sizning e’tiboringizga havola etmoqchimiz.

(Xalq dardini xalqning o‘zidan eshitamiz. Bizga o‘z dardini aytgan fuqaromiz, istihola yuzasidan qaysi maktab direktoriga murojaat qilganligi va o‘zining kimligini oshkor etmasligini iltimos qildi)

— Oliy ma’lumotga egaligim va ixtisosligim to‘g‘ri kelgani hamda yashash manzilim yaqinligi bois poytaxtimizning Shayxontohur tumanidagi maktablardan biriga borib, ish so‘rab maktab direktorining qabuliga kirdim. Ma’lumotimni ko‘rib chiqib, sizday yaxshi mutaxassis bizga kerak, deb aytdi. Bu so‘zlarni eshitib, quvonchim ichimga sig‘may turganida — eng og‘riqli, odamning jon-jonidan o‘tib ketadigan savolni berdi: Toshkent shahrida doimiy yoki vaqtincha propiskangiz bormi? Yo‘q deb, javob qildim. Hech bo‘lmaganda vaqtincha propiska qilib keling, shundan so‘ng sizni ishga qabul qilamiz. Qilolmasangiz sizni ishga olishga haqqim yo‘q dedi. Shunda Prezidentimizning farmoni bilan Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy yoki vaqtincha propiskasiz bo‘lsa ham ishga qabul qilishga ruxsat etilganini ommaviy axborot vositalarida qayta-qayta aytishdi-ku, dedim. Direktor menga qarab, bundan mening xabarim yo‘q ekan, deb kuldi. Va kim aytadi, nima qiladi bilmadim. Menga yuqoridan propiskasi bo‘lmagan xodim bo‘lsa ham ishga ol degan bo‘yruq haligacha kelgani yo‘q. Men shunga amal qilaman, dedida yaxshi boring, deb xonasidan chiqib ketishimga ishora qildi.

Yuqoridagi holatlarni ko‘rib jim keta olmaysan kishi. O‘z-o‘zidan savollar paydo bo‘ladi. Nega mas’ul davlat idoralari shu vaqtga qadar mazkur masala bilan bog‘liq ishlar haqida hech qanday xabar berishmadi? Nega yil yakunlanayotganiga qaramay loyiha ijrosi nima sababdan kechikayotganligini izohlashmadi? Oddiy halq yelkasiga ham oftob tegadimi o‘zi? Yoki qorni och bilan qorni to‘qning nima ishi bor zaylida ish davom etaveradimi? Savollar bisyor. Hozircha sukunat. Albatta, mazkur muammolar bo‘yicha tegishli mutasaddi tashkilotlardan jo‘yali izohlar kutib qolamiz.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Yopiqliq qozon yopiqligicha qolmoqda. Propiska muammosi qachon hal etiladi?