15:43 / 15.08.2018
4 063

Mahbusning maktubi: 3630 kun qamoqxonada saqlangan kitob

Mahbusning maktubi: 3630 kun qamoqxonada saqlangan kitob
Taniqli adib Oybekning uy-muzeyida ko‘plab noyob buyumlar saqlanadi. Adibning ish stoli, ko‘zoynagi, qalami... Bularning bari adabiyot shinavandasining ko‘nglida ajib hislar uyg‘otadi. Ammo bu muzeydagi bir maktub hech kimni befarq qoldirmasligi shubhasiz. Yozuvchining qizi Oynur opaning ma’lumot berishicha, bu maktub 1945-55 yillar davomida surgunda, hibsxonada azob chekkan yozuvchi tomonidan 1966 yilda muzeyga sovg‘a qilingan ekan. Maktubni o‘qib, ta’sirlanmaslik ilojsiz ish. Biz adibning qizidan iltimos qilib, shu xatdan nusxa oldik. Quyida uni to‘lig‘icha e’tiboringizga havola etmoqdamiz.

«Bu kitob biz uchun nihoyatda mo‘’tabar, mo‘’jizakor kitobdir. Kitob insoniyat dunyosining eng ulug‘ kishisi, buyuk mutafakkir mavlono Mir Alisher Navoiy janobi oliy hazratlari haqida yozilgan, hozirgi zamondagi qalam egalari bundan oshirib yozolmasdilarki, buni faqat Oybek epladi.

Qo‘lingizdagi muqovasi to‘rt-besh marta yangilangan, eski kitob ko‘p kishilarni o‘lim changalidan olib qolgan. Shoir emasmiz-da, bu bilan mubolag‘a qilib yuborganga o‘xshab qoldim. Aslida esa hech qanday mubolag‘asiz, ayni bir haqiqatni yozyapman.

Hurmatli o‘quvchi! Siz yozuvchi Aleksandr Soljenitsinning «Ivan Denisovichning bir kuni» degan hikoyasini o‘qigansiz. Unda yozuvchi bir kunnigina yozgan, xolos. Lekin qo‘lingizdagi kitob shunaqangi kunlarning 3630tasini po‘lat chidam bilan o‘tkazdi. Ivan Denisovichnining lagerdagi birgina kuni tasvirlangan. Kitob esa lagerlarning ko‘pida bo‘ldi, uni butun azob-uqubatlari, qiynoq, ochlik-yalang‘ochliklari, xo‘rlashlari, insonni inson emas itlardan ming marta past ko‘rishlarini o‘z ko‘zi bilan ko‘rdi. U yerdagi har bir lager boshlig‘i «men sovet hukumatiman» deb istagan ishini qilganlarini, boquvda quturib, semirib yotgan ovcharkalarni begunoh, zo‘rg‘a oyog‘ini sudrab ketayotgan mahbuslar ustiga tashlashlari, hatto ba’zan it bormaganda majbur qilib, qoptirishlar, soqchilar bir-birlari bilan «kimning iti kuchli» o‘ynashib itni qo‘yib yuborib, jim ketayotgan mahbuslarni orqasidan uzib yiqitishlari... Bir burda nonga och mahbuslarni bir necha martalab peshonasi yerga tekkuncha ta’zim qildirishlar, salom bermasa so‘kish, urish, xo‘rlash, qamash... Mana shularning barchasini ko‘rdi.

«Ivan Denisovichning bir kuni» hikoyasidan ma’lumki, baraklar juda katta, unda turli millat vakillari yotadi. Hamma baraklar tunda qulflab qo‘yiladi. Har xil odam bor, shuning uchun barcha narsalarni berkitib yurish kerak. Xususan, nonni. Kitob o‘qish, uni o‘zi bilan olib yurish qat’iyan man etilgan. Keladigan va yuboriladigan xatlar, albatta, tekshiruvdan o‘tadi. Har bir barak kuniga, albatta, tintuvdan o‘tadi. Shunda nazoratchilar qo‘liga nima tushsa olib o‘rtaga tashlaydilar. Ayniqsa, taxta chorpoyani ikkinchi qavatidan turib uloqtirilgan narsalar chil-chil bo‘lib ketadi. Hatto nina, to‘g‘nog‘ichlar ham sovuq qurol hisoblanadi. Binobarin, buyum egasi, shubhasiz, jazolanadi. Qog‘oz-qalam tortib olinib, chetga otib yuborilar edi...

Shu zikr etilgan tintuvlarning hammasidan 3630 kun mobaynida sabr matonat bilan, ba’zan non o‘rnida, buxanka non ichida saqlanib, ba’zan qo‘lga tushsa yalinib, yolvorib, birda yaxshi narsa berib saqlab kelishadi. Och qoldik, kaltak yedik, xo‘rlandik, so‘kish eshitdik, o‘nlab Navoiy muxlislari borib nazoratchi, boshliqlarga yalindik, tiz cho‘kdik. Navoiyni qaytib oldik... Bizlar nonni aziz tutuvchilardanmiz, binobarin hamma vaqt nonimiz bo‘ldi, lekin bo‘lmaganda och qoldik tiz cho‘kmadik, qiynaganlarida hatto sababsiz yalinmadik, mardonavor tik turib o‘rtog‘imizni saqladik, sotmadik, mag‘rur bardosh berdik...

Lekin Navoiy uchun yalindik. Hurmatli o‘quvchi sababini so‘rar, albatta, besabab hech narsa bo‘lmaydi.

Ma’lumki, mahbuslarning ko‘pchiligi urushdan qaytib yoki qaytmay qamoqqa olingan yosh, hali hayot nima ekanini bilmay, 18 yoshda askarlikka borib, u yerda qurshovda yoki boshqa sababli, masalan, og‘ir yarador bo‘lib asirga tushgan. U yerda fashistlar qo‘lida rosa ezilgan, xor bo‘lgan. So‘ngra Mustafo Cho‘qay, Vali Qayumxon va boshqalar tomonidan yahudiylardan farq qilib ajratib olingan, unda ham hayot ko‘rmagan yigitlar edi. Bunday yigitlar uchun, ayniqsa, azob-uqubatlar ichida Navoiyni o‘qish zulmatdan turib quyosh nurini ko‘rish, shimolning zulmatli qattiq qishidan quyosh nurini ayamay to‘kib turgan, hamma yerlarda gullar ochilib, ularning anbar hidlari har yonga sochilib turgan, bulbullar sayrab, ariqlarda zilol suvlar shaldirab oqib turgan go‘zal Toshkent diyoriga kelib qolgandek, g‘arib ko‘ngillari o‘zicha bir oz bo‘lsa-da shu zulmatdan chekkaga, ona vatanga, o‘sib-ungan o‘lkaga va xususan, adabiyotga, uning shu qadar pok qalbli mutafakkiri - buyuk Navoiyga intilar edi.

Bu yosh, g‘arib, ezilgan, xo‘rlangan, hayot haqidagi ma’lumoti juda sayoz bo‘lgan yigitlar 25 yil o‘tirishlarini eslasalar barcha narsadan, shu jumladan, aziz nondan ham voz kechar edilar. Xuddi shu vaqtda ular Navoiydan madad olishar, yana yashashga ko‘nishar, yana sabr qilishar, yana chidashar edi. Binobarin, Oybekning kitobi shu qadar yaxshi yozilganki, u insonlarni Navoiydek ulug‘ inson, vatanini, tilini, asarini saqlashga undagan bo‘lsa, bu zulmatda ham odamlarga ma’naviy kuch, quvvat, sabr-matonat, chidam berdi. Tub ma’nosi bilan ko‘p qora ko‘zlarni o‘limdan olib qoldi...
Abdurahmon Rahimov
1966 y.
Karlach (Qarag‘anda) 45-1955 y kelgan


arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Mahbusning maktubi: 3630 kun qamoqxonada saqlangan kitob