09:52 / 18.08.2018
8 850

Halima Xudoyberdiyeva vafot etdi

Ҳалима Худойбердиева вафот этди
O‘zbekiston xalq shoirasi Halima Xudoyberdiyeva vafot etdi, deb ma’lum qiladi Kun.uz nashri.

Halima Xudoyberdiyeva 1947 yil Sirdaryo viloyati Boyovut tumanida tug‘ilgan. O‘zbekiston xalq shoirasi (1992). Toshkent davlat universitetining jurnalistika fakultetini tugatgan (1972). “Saodat” jurnalida adabiy xodim, bo‘lim mudiri (1972-75), bosh muharrir o‘rinbosari va bosh muharrir (1982-94), Yoshlar nashriyotida bo‘lim mudiri (1978-82), O‘zbekiston xotin-qizlar qo‘mitasi raisi (1990-94), “Yozuvchi” nashriyotida yetakchi muharrir (1996-98), “Sanam” jurnalida bosh muharrir o‘rinbosari (1998-2003), 2004 yildan “XXI asr” gazetasida bo‘lim muharriri bo‘lib ishlagan.

Halima Xudoyberdiyevaning ilk she’rlari o‘quvchilik yillarida Yangiyer tuman gazetasida bosilgan (1964). Shundan keyin uning “Ilk muhabbat” (1968), “Oq olmalar” (1973), “Chaman” (1974), “Suyanch tog‘larim” (1976), “Bobo quyosh” (1977), “Issiqqor” (1979), “Sadoqat” (1983), “Muqaddas ayol” (1987), “Bu kunlarga yetganlar bor”, “Hurlik o‘ti” (1993), “To‘marisning aytgani” (1996) “Yo‘ldadirman” (2005) va boshqa she’riy kitoblari nashr etilgan.

Halima Xudoyberdiyevaning she’rlari ko‘plab xorijiy tillarga tarjima qilingan. To‘fon Minnullinning “Alla” pyesasi Halima Xudoyberdiyevaning avtorlashtirilgan tarjimasida hozirgi O‘zbek milliy akademik drama teatri sahnasida qo‘yilgan.

U Fazu Aliyeva, Silva Kaputikyan, Ibrohim Yusupov ijodidan tarjimalar qilgan.

1-chaqiriq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi deputati. Hamza nomidagi O‘zbekiston Davlat mukofoti laureati (1990).

Halima Xudoyberdiyeva
BILMASLAR


Ko‘rdim qishloq, go‘zal shaharlar ko‘rdim,
Ohorlari ketib borar, bilmaslar.
Jamalaksoch pari-paykarlar ko‘rdim,
Bahorlari ketib borar, bilmaslar.

Tugmak bo‘lsa yetmas belbog‘ uchlari,
Dunyo molin mahkam tishlar tishlari,
Bog‘larining shirinzabon qushlari –
Olqorlari ketib borar, bilmaslar.

Otlari-ya, qorabayir otlari
Gijinglaydi, deb o‘ylasam, dodladi.
Yoli bo‘ron bo‘lganligin yodladi –
Shunqorlari ketib borar bilmaslar.

Kuzatib bu dunyoning o‘r-qirini,
Bilmay qoldim kelmak, ketmak sirini.
Yolg‘on yorlar yalashib bir-birini,
Chin yorlari ketib borar, bilmaslar.

Charsillagan bir o‘t yonar ichimda,
Men she’r aytsam, aytmadim til uchinda.
Bu taloto‘p, quv-quv, chop-chop ichinda
Halima ham o‘tib borar, bilmaslar.

Zamin.uz tahririyati marhumaning oila a’zolariga va yaqinlariga chuqur hamdardlik izhor etadi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Halima Xudoyberdiyeva vafot etdi