08:02 / 19.08.2018
4 667

Ziyoratmi yoki ziyofat?

Ziyoratmi yoki ziyofat?
O‘zbekistonimiz boy tarix va ulkan moddiy-ma’naviy merosga ega diyor hisoblanadi. Qolaversa, bu zaminda muqaddas qadamjolar va aziz avliyolar maskan topgan ziyoratgohlar ham talaygina. Yurtimiz mustaqillikka erishgan dastlabki yillardayoq marhum birinchi Prezident Islom Karimov tomonidan ushbu muqaddas qadamjolarni, ziyoratgohlarni obodonlashtirish, ziyoratchilar uchun qulay shart-sharoit yaratib berish maqsadida keng ko‘lamli ishlar olib borilgani barchamizga sir emas. Bugun ham shu xayrli ishlarning davom etib borayotgani butun o‘zbek xalqini quvontiradi, albatta. Bu yaratilgan va yaratilayotgan qulayliklar va sharoitlarning barchasi ziyoratchilar o‘z ziyoratlarini emin-erkin amalga oshirishlari uchundir.

Ammo bugungi kunda amalga oshirayotgan ziyoratlarimiz shariatimizga ham sharoitimizga mos kelmoqdamikan? Biz ziyorat deb qilayotgan ishlarga dinimiz nima derkan? Hech shu haqida o‘ylab ko‘rganmizmi?

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam qabrlarni ziyorat qilishga targ‘ib qilganlar. Bir hadisi sharifda “Qabrlarni ziyorat qilinglar, chunki u oxiratni eslatadi” (Ibn Moja), deyilgan. Shu hadisga muvofiq qabrlarni, muqaddas qadamjolarni ziyorat qilishdan maqsad, oxiratni eslash, o‘lim barcha yaratilgan mavjudotu maxluqotning boshiga tushadigan ish ekani haqida tafakkur qilib, xayrli va savobli ishlarga bel bog‘lashni ziyorat chog‘ida qasd qilish lozim bo‘ladi. Ziyorat mobaynida kishi bir muddat bo‘lsa-da, dunyo tashvishlarini unutib, oxirat, qabr va undagi holat to‘g‘risida, Qiyomatda bu dunyoda qilib o‘tgan yaxshi-yomon amallaridan hisob-kitob qilinishi to‘g‘risida o‘yga tolishi lozim.

Lekin ming afsuski, bugun ziyoratgohlarimiz shirk va bid’at ishlarga to‘lib toshgan. Dinimizga tamomila yot bo‘lgan munkar ishlar avj olgan. Turli xil jonliqlar olib kelinib, noshar’iy yo‘llar bilan so‘yilib, ziyoratgohlar “ziyofatxona”larga aylanib ketmoqda. Alloh nomiga qilinishi lozim bo‘lgan qurbonliklarni turli xil avliyolarning nomiga atab so‘yib, shirkka olib boruvchi ishlarni qilib qo‘ymoqdalar. Agar ziyoratgoh tog‘li, so‘lim joyda joylashgan bo‘lsa, tag‘in u yerdagi bazmu jamshidni, u yerdagi isrofgarchilikni ko‘raverasiz…

Axir Alloh taolo biz bandalarini bergan ne’matlariga shukr qilib, kufrona ne’mat qilishlikdan qaytarmaganmi?! Alloh taolo Ibrohim surasining 7-oyatida bunday marhamat qiladi: “Yana Rabbingiz e’lon qilgan (bu so‘zlar)ni eslangiz: “Qasamki, agar (bergan ne’matlarimga) shukr qilsangiz, albatta, (ularni yanada) ziyoda qilurman. Bordi-yu, noshukrchilik qilsangiz, albatta, azobim (ham) juda qattiqdir”.

Ziyorat qasdida kelib, aslida nimaga kelganini unutib qo‘yayotgan “ziyoratchi”lar ushbu oyati karimaga amal qilishlari lozim. Shunday tinch zamonda, ozod zaminda yashayotgani uchun Yaratganga hamdlar aytib, bergan ne’matlariga shukr qilib yashash lozim. Aslini olganda, ziyoratgohlarga borib, u joyda ziyofat, ichkilikbozlik, baqir-chaqir, to‘polon qilib boshqa ziyoratchilarga ozor berish noto‘g‘ri ish. Qancha ziyofat, qancha yig‘inu bazmlarni niyat qilgan bo‘lsa, choyxona-yu to‘yxonalarda o‘tkazaversin. Kishi ziyoratga bordimi, uning odoblariga rioya qilishi, qilayotgan ushbu ziyorati uchun beriladigan savobdan umid qilib harakat qilishi lozim.

Ziyoratchilarimizdan qilayotgan ziyoratlarining odoblariga rioya qilishlarini, isrofga, shirkka sabab bo‘ladigan amallardan ehtiyot bo‘lishlarini so‘raymiz.
Ma’rufxon Burixonzoda,
Bo‘stonliq tumani “Toli Buva” masjidi imom-xatibi

Manba: Muslim.uz


arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Ziyoratmi yoki ziyofat?