08:30 / 21.08.2018
4 739

Xorazmda IIV tizimidagi 6 nafar rahbar ishdan olindi

Xorazmda IIV tizimidagi 6 nafar rahbar ishdan olindi
Ichki ishlar vaziri general-mayor Po‘lat Bobojonov rahbarligidagi Ishchi guruh joriy yilning 12-16 avgust kunlari Xorazm viloyatining barcha shahar va tuman ichki ishlar organlari hamda viloyat ichki ishlar boshqarmasida batafsil o‘rganishlar olib borib, ularning yakuni bo‘yicha har bir tarkibiy tuzilma va xodimlar faoliyatiga tanqidiy baho berildi. Bu haqda IIV Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi axborot bergan.

O‘rganishlar davomida ichki ishlar vaziri Xazorasp, Bog‘ot, Yangiariq, Xonqa, Urganch tumanlarida ichki ishlar organlari shaxsiy tarkibi bilan uchrashdi.

O‘rganishlar yakuni bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoni, Bosh prokuratura, viloyat hokimligi va ichki ishlar organlari mas’ul xodimlari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda viloyatning ayrim ichki ishlar organlari xodimlarining fuqarolar bilan munosabatlarda noo‘rin hatti-harakatlari, rahbarlarning mas’uliyatsizligi va beparvoligi hamda ularning qo‘l ostidagi xodimlari ustidan kunlik nazoratni lozim darajada olib borilmayotganligi oqibatida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar aholining haqli e’tiroziga sabab bo‘layotganligi ko‘rsatib o‘tildi.

Xususan, viloyatda joriy yilning yetti oyi mobaynida jinoyatchilik kamayganiga qaramasdan, ayrim hududlarda kriminogen vaziyat birmuncha og‘irlashgan. Shovot va Yangiariq tumanlarida qotillik, Xonqa, Urganch va Qo‘shko‘pir tumanlarida og‘ir shikast yetkazish jinoyatlari ko‘paygan.

Muhokamalar davomida egallab turgan lavozimiga noloyiq xatti-harakatlarni sodir etgan, sohada amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyatini to‘laqonli anglab yetmasdan, bugungi kun talablariga javob bermaydigan eskicha ish uslubida xizmat qilayotgan, o‘z ustida ishlamasdan, fuqarolarning manfaati yo‘lida jonbozlik ko‘rsatmagan Yangibozor tumani IIB boshlig‘i vazifasini bajaruvchi J.Piryazov, IIB boshlig‘ining yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Yu.Axmedov, Jinoyat qidiruv bo‘linmasi boshlig‘i I.Salayev, Urganch tumani IIB boshlig‘ining yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Sh.Jumanazarov, Qo‘shko‘pir tumani IIB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Sh.Xasanov, Yangiariq tumani IIB boshlig‘ining xizmat bo‘yicha o‘rinbosari X.Nurmetovlar egallab turgan lavozimlaridan ozod etildilar.

Shuningdek, faoliyatida yo‘l qo‘ygan kamchiliklar, xizmat vazifalarini bajarishga mas’uliyat bilan yondashmagan qator rahbar va xodimlarga turli darajadagi intizomiy jazo choralari qo‘llanildi.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Xorazmda IIV tizimidagi 6 nafar rahbar ishdan olindi