17:40 / 24.08.2018
19 045

Qashqadaryolik morboz tabibning noyob iste'dodi (video)

Qashqadaryolik morboz tabibning noyob iste'dodi (video)
Qashqadaryolik tabib Alisher Yormatovni kobralar 20 marotabadan ko'proq chaqqan. Qo'llari chandiqda. Ikki marotaba o'lim bilan olishgan va shifokorlar yordam berisha olishmagan. Hayotga bo'lgan muhabbat o'lim ustidan g'alaba qozongan. Bundan tashqari tabib g'aroyib nayrangbozliklarni namoyish etadi: yarimyalang'och Alisher-aka gilamchaga yotib oladi va turmush o'rtog'i uning ustiga o'nta kobrani qo'yadi. Yarim soatlarcha kobralar uning ustida o'rmalashadi va uni chaqishmaydi.

Quyidagi HAVOLA orqali morbozning chiqishini koʻrishingiz mumkin.


Morbozning eng zo'r chiqishi, u ikkita kobraning boshini o'z og'ziga solishidir. Uning noyob iste'dodi uchun Antique World (Germaniya) Akademiyasi unga professor unvoni tayinladi.

Maqola muallifi u bilan Samarqandda uchrashdi.

– Ilonlarga bo'lgan muhabbatingiz qachon va qaerda boshlandi?

– Bir kuni meni katta bolalar tutib do'pposlashganda, to'qqiz yoshda edim. Kun bo'yi g'orda arazlab o'tirdim. O'shanda mendan hamma qo'rqishligi uchun xavfli ilonlar bilan shug'ullanaman deb o'zimga va'da berdim. Chunki bizning qishloq tog' yon bag'rida joylashgan bo'lib, bu yerda kobralar, qora ilon va ko'lvor ilonlar ko'p. Shundan keyin ilonlarni cho'ntagimda yoki kuylagim ichida olib yuradigan bo'ldim.

– Sizni keyin xafa qilishmaydigan bo'lishdimi?

– Albatta! Ammo men ham haddimdan oshdim. Bolalar nafaqat qo'rqish, hatto men bilan do'stlashmay qo'yishdi. Ilonlarni g'orda saqlasam ham, ba'zida ularni uyga olib kelar edim. Shuning uchun otamdan ko'p gap eshitar edim: u hamqishloqlarimiz biznikiga kirmay qo'yishadi deb xavfsirar edi, u qishloqda hurmatga ega bo'lgan odam – sobiq kolxoz raisi, opalarim esa keyinchalik: biri – professor, boshqasi – dotsent unvoniga sazovor bo'lishdi.

– Qizlar ham sizni chetlab o'tishadigan bo'lishdimi?

– Ha, bu g'amgin voqealar. Shuning uchun men kech uylandim. 27 yoshimda otamni hurmati tufayli, ota-onam morbozga turmushga chiqishga rozilik bergan kelinni topishdi. Qizlar esa men to'g'rimda kechasi go'zal pariga aylanadigan ilonlarimdan birini sevib qolgan degan mish-mishni tarqatishdi. Bugun bu kulgili bo'lib ko'rinadi, ammo o'shanda odamlar bu gapga ishonishgan.

Qishloq xo'jalik instituti talabasi bo'lishimga qaramay, ilonlarni tark etmasdan, kostyumimning cho'ntagida olib yurar edim. Bir kuni shunday voqea ro'y berdi. Yotoqxonada ilon paltomning cho'ntagidan o'rmalab chiqib, xonadoshimning krovati yonida cho'zilib yotibdi. U o'yg'ongandan so'ng, men institutdan qaytganimgacha, krovatidan tusholmay o'tirgan. Shu kundan boshlab men yotoqxonada bir o'zim yashaydigan bo'ldim.

Nima uchun ilonlarni yaxshi ko'raman? O'zim ham tushunmayman.

– Sizni qachon birinchi bor ilon chaqdi va nega bunday bo'ldi? Qo'llaringiz, barmoqlaringizda chandiqlar ko'p, bularning barchasi ilon chaqishi natijasidami?

– Qirq yoshimdan so'ng ilonlar bilan jiddiy shug'ullanishni boshladim, hovlining bir qismini devor bilan o'rab, terrariumga o'xshash inshoot qildim. Bu katta chuqur bo'lib, o'rtada reshetkali stol bor, va bu yerda kobralar yig'ilishadi. O'shanda ular o'ttizga yaqin edi, hozir esa ikki baravar ko'proq. Bir kuni ilonlarning oldiga tushib, reshetka yonida yaqindan ularni kuzatishni boshladim – men doim shunday qilar edim. Nima uchundir ulardan biri menga tashlanib, barmog'imdan chaqdi. Jarohat unchalik chuqur emas edi, men unchalik aziyat chekmadim, chunki tanamni chiniqtirish uchun zaharni kichik dozalarda qabul qilib kelar edim. Shuni aytib o'tish kerakki, chaqishning xavfi qanchalik organizmga zahar tushishidan bog'liq. Mana bir misol. Ilonning zaharini olish uchun, uning bo'ynidan tutib turgan edim. Shu payt hovliga qo'shni kirib, nimanidir so'radi. Men e'tiborimni susaytirib, qo'limni bir oz bo'shatibman, kobra qo'limdan chiqib ketib, bilagimdan yuqori joyni chaqdi, shunchalik kuchli chaqdiki, hattoki zaharli tishi sindi. Ana o'shanda men xavfli dozaga duchor bo'ldim.

– Ilon chaqqanda inson qanaqa og'riqni his etadi, qanday belgilar paydo bo'ladi?

– Tanam shunchalik holsizlandiki, hattoki boshimni tuta olmay qoldim. Tashnalik azob berib, ichim qurib ketganday bo'ldi, bir holatda daryo yoniga sudralib keldim. Besh litrga yaqin suv ichdim. Gandiraklab uy tomon yo'l oldim, yo'lda hushimni yo'qotibman. Xotinim meni topib olibdi. Uyda hushimga bir marotaba kelib, yana hushimni yo'qotdim. Shu tariqa ikki marotaba shu holatga tushdim. Uchastka vrachi qon bosimimni o'lchaganida, ancha past edi: 60 ga 40. Doktor yordam bera olmasligini aytib, meni tashlab ketdi. Mudrab yotgan holimda qizimning: «Dadamning yuragi urmayapti!» deb qichqirganini eshitardim. Ana o'shanda meni haqiqiy qo'rquv bosdi va xotinimga: «Agar men o'lsam, ilonlarimni qo'yib yuboringlar» deb aytdim. Tanam falajlanganicha qoldi va faqat bu kunisiga bir oz o'zimga keldim.

– Sizning aytishingizcha, zaharning kuchi ilonning qaerga chaqqanligiga ham bog'liqmi?

– Boshga qancha yaqin bo'lsa, shunchalik xavfli hisoblanadi: chunki unda bosh miya bor. Bir marta kobra ensa sohamdan chaqdi. Voqea shunday bo'lgan edi. O'sha yillari men horijlik turistlar uchun chiqish qilar edim. Bir kuni “badavlat” rus mehmonlar tashrif buyurgan mehmonxonaga taklif etishdi. Uchta kobra bo'ynim atrofida o'ralib turishardi. To'satdan orqamda ikkala kobra bir-biriga hamla qilib, biri boshimdan chaqib oldi. Men hushimni yo'qotishni boshladim, seansni bekor qilishdi, meni kasalxonaga olib ketishdi. Endi hayotdan ko'z yumsam kerak deb o'yladim – yana omadim keldi. Mana chandiq ham qolgan.

– Nima uchun u sizni chaqdi, ular sababsiz insonlarga tegishmaydi dedingizku?

– Balkim keskin harakat qilgandirman, yoki ixtiyorsiz unga aziyat bergandirman. Buni ular xavf deb bilib, tashlanishgan bo'lsa kerak. Himoya instinkti.

– Siz kobrani oliyhimmat ilon deysiz. Nima uchun?

– U aqlli ilon. O'zi birinchi bo'lib tashlanmaydi va albatta menga yaqinlashmagin degan ma'noda o'zini vajohatli turishi va vishillashi bilan sizni ogohlantiradi. Qora ilon va ko'lvor ilon ogohlantirib o'tirmaydi, darhol tashlanadi. Ular makkor ilonlar, va ularning hatti-harakatini oldindan aytib bo'lmaydi. Ayniqsa qora ilondan qo'rqaman: uning chaqishi juda og'riqli. Bir kuni ilonlar turgan chuqurga tushganimda, qora ilonning dumini bilmasdan bosib olibman, va u shu zahotiyoq oyog'imni chaqib oldi. Kuydiruvchi og'riqdan o'zimni quduq yoniga urdim va chanqog'imni hech qoniqtira olmadim, ichim yonib ketdi. Og'riqdan dod solgim keldi. Shu yo'sinda uch kun azob chekdim.

– Agar insonni tibbiy yordam ko'rsatish imkoni bo'lmagan joyda – tog'da, o'rmonda yoki cho'lda ilon chaqsa, nima qilish kerak?

– Bunday holatlarda chaqqan joyda kichik kesma qilib, ko'proq qonni siqib chiqarib tashlashga harakat qilaman. Kinolarda buni boshqacha qilib ko'rsatishadi: chaqqan joyni so'rib tashlashadi. Agar jarohat chuqur bo'lmasa, bunda ma'no bor, chunki zahar qonga o'tishga ulgurmaydi. Unda so'rib tashlash mumkin. Aks holda bu befoyda. Bunda vaqtning ahamiyati katta.

– Tanangizni chiniqtirish uchun siz zahar ichib turasiz. Uni qaysi nisbatda suv bilan aralashtirasiz? Umuman uning ta'mi qanday?

– Men toza zahar ichaman. Istasangiz, ko'z oldingizda uchta kobraning zaharini yig'ib ichib yuborishim mumkin. Ta'mi tomoqni kuydiradigan darajada achchiq. Zaharni ichgandan so'ng, bir qancha vaqt bosh aylanadi. Ana shunday. Bir gramm quruq zaharni yig'ish uchun, 20 ga yaqin kobralar kerak bo'ladi.

– Odamlar qaysi kasalliklar bilan sizga murojaat etishadi? Ularga ham zaharni tavsiya etasizmi?

– Ha, zahar beraman, lekin toza ko'rinishda emas. Men uni suv bilan aralashtiraman. Ilon zahri va yog'idan tayyorlangan surtmalarni ham qo'llayman. Bular poliartrit, bavosil, oshqozon yarasi, radikulit kasalliklarida foyda beradi. Umidi so'ngan bemorlarni onkologiyadan olib kelgan holatlar ham bo'lgan. Ba'zi bemorlarga kobraning zahri yordam berganini sezdim, chunki u rak hujayralarini o'ldiradi. Mening dorilarim onkologik bemorlarga yordam bermagan holatlari ham bo'lgan.

– Nima uchun kobralar Yormatovni chaqmaydi? Sir nimada? Ilonlar yuzingizdan 5-10 santimetr narida turishibdi.

– Menimcha kobra insonni sezsa kerak. Agar inson qo'rqqanligini sezdirsa, ilon uni chaqadi. Inson qo'rqqan paytda, o'zidan ilonga ma'qul bo'lmagan qandaydir hid ajratsa kerak. Aytgancha, men ularning oldiga ichib kelganimda, ular meni chaqishar edi. Shundan beri men ichmayman.

– Nima uchun kobralar ularga yaqin kelgan uch yashar nabirangizni chaqmaydi?

– Ehtimol, barchasi shu sabablidir. Bola ilon u uchun naqadar xavfli ekanini tushunmaydi va ilonga talpinadi. Hozircha nabiramda qo'rquv hissiyoti yo'q.

– Agar chaqsachi?

– Ishoning, dahshatli hech narsa sodir bo'lmaydi, chunki u allaqachondan buyon zahar ichib keladi. Barcha ilonlar bilan ishlaydiganlar bilishadi: bir kunmas bir kun ularni baribir ilon chaqadi.

Manba: darakchi.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Qashqadaryolik morboz tabibning noyob iste'dodi (video)