06:30 / 27.08.2018
5 163

Xiva elektr tarmoqlari korxonasi va bank xodimlaridan iborat jinoiy guruh fosh etildi

Xiva elektr tarmoqlari korxonasi va bank xodimlaridan iborat jinoiy guruh fosh etildi
Xiva tumani elektr tarmoqlari korxonasi, «Xalq banki“ning ushbu tuman filiali va boshqa subyektlarida faoliyat koʻrsatgan bir guruh shaxslar huquqni muhofaza qi­luvchi idora xodimlarining tezkor sayʼ-harakatlari bi­lan ushlandi va 24 nafar qo­nunbuzar sud javobgarligiga tortildi. Bu haqda jinoyat ishlari boʻyicha Xorazm viloyat sudi raisining oʻrinbosari vazifasini bajaruvchi Ulugʻbek Bakdurdiyev «Gazeta.uz”ga maʼlum qildi.

Bu jinoiy toʻdani «Xalq banki"ning tuman filialida kassir vazifasida ishlagan (1990 yili tugʻilgan) Qudrat Yunusov boshqargan. Jinoiy guruh tarkibidan tuman elektr taʼminoti korxonasi rahbari, ishchi, hatto sartaroshlar, guruh yetakchisidan 20−30 yosh katta boʻlgan shaxs­lar ham oʻrin olgan.

Mazkur jinoiy qilmish 2016 yilning ilk ku­ni ikkita manbadan tuman elektr taʼminoti korxonasiga aslida kelib tushmagan 6 million 595 ming soʻm pulni “kirim” qilishdan boshlangan va to 2017 yilning kuz oylarigacha xufyona davom etgan. Oʻsha kuni dast­labki qoʻsh “tadbir” bank kassiri Q. Yunusov va behisob boylikning daragini eshitib, tinchini yoʻqotgan elektr tarmoqlari korxonasi muhandisi Shuhrat Sultonov, korxonada yetakchi hisobchi vazifasida ishlagan Faxriddin Mahmudov, hisobchi Shodlik Sobirov, operator Jaloliddin Aniyozov, elektr payvandchi Rashidbek Madrimov ishtirokida silliqqina amalga oshdi.

Korxonaga kelib tushayotgan pullarni maxsus “kalit” — kod orqali kirim qilish vazifasini ado etayotgan Sh. Sultonov va U. Allanazarov kassir Q. Yunusovning iltimosini yerda qoldirishmadi. Maʼlum vaʼda evaziga bank va korxona sirini kafolotlovchi oʻsha “kalit” — kod raqamini hech ikkilanmay unga oshkor etishdi. Natijada korxonaga kelib tushmagan 6 million 595 ming soʻm, elektr energiyasi isteʼmolchilari roʻyxatidagi 17 nafar fuqaro hisobiga yozildi. Ular tomonidan isteʼmol qilingan elektr energiyasi evaziga topshirilgan pul esa, oʻrtada “arra” qilindi. Ozgina miqdor pul evaziga katta hajmdagi qarz­dorlikni bartaraf etishga qaratilgan taklif fuqarolar tomonidan xayrixohlik bilan qabul qilingani uyushgan guruh aʼzolari uchun ayni muddao boʻldi.

Ishlar qizigandan-qizidi, yurishgandan-yurishdi. Oz emas, naq 884 marotaba qayd qilingan jinoiy holatlar asnosida davlat gʻaznasiga kirim qilinishi zarur boʻlgan 1 milliard 445 million soʻm guruh aʼzolarining «xufya choʻntagi"dan joy oldi. Qadimiy shahar va tumandagi oʻn­larcha korxona-tashkilotlar, bank muassasalaridan aslida kelib tushmagan yuzlarcha million soʻm­ni ifoda etuvchi pullar maxsus kodlar yordamida elektr taʼminoti korxonasi joriy hisob raqamiga kirim qilindi va fuqarolarning oz miqdordagi toʻlovi evaziga katta miqdordagi qarz­dor­li­gini bartaraf etishga xizmat qildi.

Oradan kechayotgan kunlar va oylar mobaynida elektr taʼminoti korxonasiga kelib tushayotgan milliardlarcha mablagʻning “choʻgʻi” soʻnayotgani, daromaddan baraka qochayotgani, mutasaddilar qancha urinishsa-da, jamoaning biri ikkiga boʻlmayotgani maʼlum boʻlib bordi va bu hol so­liq or­gani eʼtiborini oʻzi­ga tort­di.

Korxonada roʻy bergan yirik oʻpirilish oʻtgan yil kuz chogʻi boshlangan taftish tadbirlarining ilk pallasidayoq oshkor boʻldi. Fakt­lar 2016 yilning yanvaridan 2017 yilning oktyabr oyi­gacha jami 884 ta holatda sodir etilgan jinoiy qilmishlarning barchasida “Xalq banki"ning korxonadagi shaxobchasida kassir vazifasida ishlagan Q. Yunusovning qoʻli borligi, amalga oshirilgan pul tushirish va «yuvish” operatsiyalarining hammasi uning faol ishtiroki va norasmiy rahbarligi ostida kechganini koʻrsatdi.

Maʼlum boʻlishicha, ustomon gʻaznachi oʻzlashtirish va talon-toroj qilish yoʻli bilan moʻmay boylik orttirishga qaratilgan davomli jinoyatlarni gohida u, gohida bu, gohida yana birovi, boshqa gal yana bir hamtovogʻining faol koʻmagida amalga oshirgan. Olib borilgan taftish va tergov harakatlari oz emas, naq 536 ta holatda oʻzlashtirilgan salkam 677 million soʻm Q. Yunusov, Sh. Sultonov, Sh. Sobirov, J. Aniyozovlarning “gʻaroyib oʻyini” natijasi boʻlganini koʻrsatdi. Ushbu davomli tadbir asnosida naqd 3 993 nafar fuqaroning koʻp miqdordagi qarzi arzimas hajmdagi toʻlov eva­ziga pinhona tarzda bartaraf etilgan. Natija esa, chakkimas: naqd 677 million soʻm jinoyatchilarning choʻntagiga oqib kirgan.

Jinoiy gu­ruh ho­miysi boshqa bir “gʻaroyib tadbir"ni energiya taʼminoti korxonasi hisobchilari, kodlangan maxsus kalit egalari: F. Mahmudov va Sh. Sobirov bilan oʻzaro hamkorlikda amalga oshirib borgan. Buning oqibatida 1 086 nafar isteʼmolchi oz miqdordagi toʻlov hisobiga katta miqdordagi qarzidan xalos etilgan. Bu ish 328 ta nojoʻya holat asnosida roʻyobga chiqadi. Q. Yunusov jami 20 ta jinoiy holatni oʻzida jam etgan va 19,5 million soʻm miqdoridagi pulni oʻzlashtirish hamda talon-toroj qilishga olib kelgan boshqa bir jinoiy rejani esa, sherigi J. Aniyozov bilan hamkorlikda amalga oshirgan va bu jarayonda yana 143 nafar fuqaroga «xolis xizmat” koʻrsatilgan.

Fakt va dalillar bunday qingʻirliklarda korxona rahbari Rashid Nurullayevning korxonada roʻy bergan aksariyat qingʻirlik va oʻgʻirliklar uning koʻz oʻngida, yanada achinarlisi, faol ishtiroki, shaxsiy boylik ilinjidagi «xurmacha qi­liq“­lari oqibatida yuz berganligini koʻrsatdi. U amalini suisteʼmol qilgan holda oʻziga boʻysunadigan shaxs­lar: yetakchi hi­sobchi F. Mahmudov, muhandis Sh. Sultonov, operator J. Aniyozov tomonidan qoʻshqoʻllab tutqazilgan naqd 35 million soʻmni korxonaga kelgan mehmonlarga sarf-xarajat qildim, degan bahonada oʻz «jigʻildoni”ga joylab qoʻya qoldi.

Tergov harakatlari bu safda ancha yuqo­ri va nufuzli tashkilot — Xorazm Hududiy elektr tarmoqlari aksiyadorlik jamiyati energiya sotish va uning hisobini yuritish sektori boshligʻi Sardor Yusupov ham ancha “faollik” koʻrsatganini isbotladi.

Aniqlangan fakt­larga qaraganda, masʼul lavozimli bu shaxs tuman elektr taʼminoti korxonasidagi kimsalarning “hotamtoyligi” tufayli 7 million 400 ming soʻm va 200 AQSH dollarini oʻzlashtirgan.

Aslida yoʻq pullarni korxonaga kirim qilish, oʻzlashtirish, maxsus kalitlar yordamida maxfiy raqamlarni bemalol oshkor etishdek jinoiy ishga berilgan kimsalar payti kelganida oʻzlariga sherik izlab topish va jarayonga jalb etishga kirishdilar. Isteʼmolchilardan pul undirish va uni davlat gʻaznasiga joylashdek masʼuliyatli vazifaga aslo daxli boʻlmagan qator shaxslar, chunonchi, ushbu korxonada nazoratchi, elektromontyor vazifalarida ishlagan Shixnazar Ollanazarov, Muborak Ahmedova, Arslonbek Matchonov, Mahmudbek Matyoqubov, Yodgor Masharipov, Hasanboy Masharipov, Otabek Rustamov, Mahkambek Samandarov, elektromontajchi Mansurbek Safoyev, Xiva shahridagi Turizm kasb-hu­nar kolleji hisobchisi Anvarbek Sobirov, shahardagi 121-sonli koʻzi ojizlar maktab-internati bosh hisobchisi Ravshan Solayev, Tibbiyot kolleji bosh hisobchisi Hur­­­mat Yusupov, “Mikrokreditbank“ning shahar filiali gʻaznachisi Sardorbek Xoʻ­jayev, «Kapital­bank”­ning «Ichon qalʼa” shahobchasi mutaxassisi Sanjar Yusupov, sartarosh Jumanazar Jumaniyozovlar ham bu jinoyatga bosh qoʻshgan. Ozgina toʻlov evaziga katta miqdordagi qarzdorlikdan qutulish payida yurgan bir qator fuqarolar puch vaʼdalar, avrash, aldash, ishontirishga qa­ratilgan «targʻibot-tashviqot"lar taʼsirida hamtovoqlar tomonidan qoʻ­yilgan tuzoqqa tushib qolganini oʻzlari ham sezmagandek tuyuladi.

Sud va tergov jarayoni ayblanuvchilardan Sh. Sul­­tonov, R. Solayev, H. Yusupov, R. Nurullayev, S. Yusupovning ishi avval ham sudga tushgani, javobgarlik va jazoga roʻpara boʻlishgani, boshqalarni esa, bunday chohga elektr taʼminoti korxonasi va nomi zikr etilgan idora, tashkilot, muassasalarda yuzaga kelgan nosogʻlom maʼnaviy-axloqiy muhit yetaklab kelganini roʻy-rost koʻrsatdi. Guruh rahnamosi Q. Yunusov esa, xalq va davlatning behisob boyligini talon-toroj qilish, oʻz­lashtirish hisobiga bir yoʻla ikkita “Neksiya” avtomashinasini sotib olgani va ularni oʻz yaqinlari nomiga rasmiylashtirgani sud jarayonida qayd etib oʻtildi.

Sudda uyushgan jinoiy guruhning qilmishlariga qonuniy, adolatli va xolis baho berildi. Jazoning muqarrarligi taʼminlandi. Oʻzgalarning halol oshiga koʻz tikkan, qoʻl choʻzganlar haqli va mantiqiy ravishda el nafrati, qonun soʻrovi, pirovardida esa, adolatli jazoga roʻ­para keldilar.

Tergov organi tomonidan ularga nisbatan Jinoyat kodeksining 167−205−209−228−243-moddalari qator bandlari boʻyicha qoʻ­yilgan ayblarning deyarli barchasi sudda oʻz tasdigʻini topdi. Aksariyat sudlanuvchilar korxonada yuz bergan qilmishning oqibati va asoratini yaqqol il­gʻab, aybini chin koʻngildan tan oldilar, unga astoydil pushaymonlik bildirdilar. Korxonaga va davlat gʻaznasiga yetkazilgan 1 milliard 445 million soʻmlik iqtisodiy ziyonning 902 million soʻmi sud va tergov jarayonida solidar tartibda qoplangani ushbu iq­rorlikning ifodasi boʻldi. Sud qoplanmay qolayotgan 542 million soʻmni solidar tartibda undirish boʻyicha mahkum Q. Yunusov, Sh. Sobirov, J. Aniyozov, Sh. Sultonov, F. Mahmudovlar zimmasiga yukladi. Yetkazilgan moliyaviy ziyonnning asosiy qismi shu paytgacha sudlanuvchilar tomonidan qoplangani, qilmishga astoydil pushaymonlik bildirilgani, ularning oilaviy shart-sharoitlari va berilgan tavsifnomalar jazoni jiddiy ravishda yengillatuvchi holat sifatida eʼtirof etildi. Aksariyat qilmishlar birmuncha jiddiy jazo choralarini taqozo qil­sa-da, sudlanuvchilarning deyarli bari bunday ogʻir qismatdan xoli qoldirildi.

Ozodlikdan mahrum qilishga qaratilgan oz muddatli jazo choralari jinoiy toʻda yetakchilari sifatida eʼtirof qilingan Qudrat Yunusov, Shuhrat Sultonov, Shodlik Sobirov, Jaloliddin Aniyozovgagina qoʻllanildi. Faxriddin Mahmudov, Ulugʻbek Allazarov, Rashidbek Madrimov, Sardorbek Xoʻjayev, Rashid Nurullayev, Sanjar Yusupovlar oylik maoshning muayyan qismini ushlab qolgan holda axloq tuzatish ishlariga jalb qilindi. Eng kam oylik ish haqining 10 dan 30 baravarigacha boʻlgan miqdordagi jarima jazosi Sh. Ollanazarov, M. Ahmedova, A. Matchonov, M. Matyoqubov, Yo. Masharipov, H. Masharipov, O. Rustamov, A. Sobirov, R. Solayev, M. Samandarov, M. Safoyev, S. Yusupov, J. Jumaniyozov, H. Yusupovlarga nisbatan qoʻllanildi. Shuningdek, sudlanuvchilar muayyan muddatgacha mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qi­lindi.

Qudrat Yunusov, Shuhrat Sultonov, Jaloliddin Aniyozov, Shodlik Sobirov dast­labki bosqich sudining hukmidan soʻng oʻzlari tomonidan yetkazilgan zararning oʻrni toʻla qoplanganini maʼlum qildilar. Bu holat prokuratura organining eʼtiborini tortdi. Viloyat prokurori oʻrinbosari sudga protest bilan murojaat qilib, zarar bartaraf etilgani munosabati bilan mahkumlarga nisbatan qoʻllanilgan jazo chorasini yengillashtirishni soʻradi.

Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqining viloyat Kengashi ham aynan shu mazmundagi kafolat xatini yoʻlladi. Yuzaga kelgan bu holat appelyatsiya bosqich sudida jiddiy va mufassal muhokama etildi. Uning yakunida mahkum Qudrat Yunusovga nisbatan Jinoyat kodeksining bir muncha yengil jazo tayinlashni koʻzda tutuvchi 57-moddasini qoʻllash maqsadga muvofiq, deb topildi. Natijada unga nisbatan 2 yilu 11 oydan iborat ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi. Mahkumlardan Sh. Sultonov, J. Aniyozov, Sh. Sobirovlarni ozodlikdan mahrum etish haqida avval chiqarilgan sud hukmlari esa, ish haqining muayyan qismini ushlab qolgan holda tegishli muddatga ax­loq tuzatish ishlari jazosiga almashtirildi. Muqaddam ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq boʻlmagan jazoga tortilgan boshqa bir mahkum — H. Yusupovning jazodan butunlay ozod etish haqidagi arizasi esa, asossiz, deb to­pildi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Xiva elektr tarmoqlari korxonasi va bank xodimlaridan iborat jinoiy guruh fosh etildi