15:21 / 31.08.2018
4 286

Xorijlik ishbilarmonlar, davlat va jamoat arboblariga Oʻzbekiston davlat mukofotlari topshirildi

Xorijlik ishbilarmonlar, davlat va jamoat arboblariga Oʻzbekiston davlat mukofotlari topshirildi
31 avgust kuni mamlakat tarixida birinchi marta chet elliklarga Oʻzbekiston Respublikasining davlat mukofotlarini topshirishga bagʻishlangan tantanali marosim boʻlib oʻtdi. Unda prezident Shavkat Mirziyoyev nutq soʻzladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar tarqatdi.

– Bugun koʻpmillatli xalqimiz Oʻzbekiston Respublikasi Mustaqilligining 27 yilligini keng nishonlamoqda, – dedi Prezident. – Ushbu shonli tarixiy sanani biz bilan birgalikda mamlakatimizning chet ellardagi koʻp sonli doʻstlari va sheriklari – davlat va jamoat arboblari, diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlar, yirik xorijiy kompaniyalar va moliya institutlari vakillari bayram qilayotgani bizni quvontiradi.

Harakatlar strategiyasiga muvofiq Oʻzbekiston faol va ochiq tashqi siyosat yuritmoqda. Rossiya, Xitoy, AQSH, Janubiy Koreya, Germaniya, Yaponiya, Markaziy Osiyo davlatlari va boshqa mamlakatlar bilan oʻzaro manfaatli aloqalar jadal rivojlanmoqda. Jahonning yetakchi kompaniyalari, bank va konsorsiumlari, xalqaro biznes tuzilmalari mamlakatimiz bilan faol hamkorlik qilmoqda.

– Biz sheriklarimizning Oʻzbekiston iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirishga, yirik qoʻshma loyihalarni amalga oshirishga, ijtimoiy va madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlashga qoʻshayotgan katta hissasini yuksak qadrlaymiz, – dedi davlat rahbari.

Prezident Shavkat Mirziyoyev taniqli hamyurtimiz, Rossiyaning “USM Holding” aksiyadorlik jamiyati taʼsischisi va rahbari Alisher Usmanovga “El-yurt hurmati” ordeni, Rossiyaning “LUKOYL” ochiq aksiyadorlik jamiyati prezidenti Vagit Alekperov hamda Germaniyaning “KNAUF” korxonalari guruhi ishtirokchilari Kengashi aʼzosi Nikolaus Knaufga “Doʻstlik” ordenlarini topshirdi.

Shuningdek, Tojikiston Respublikasi bosh vaziri Qohir Rasulzoda, tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Muhriddinga “Fidokorona xizmatlari uchun” ordenlari topshirildi. Oʻzbekiston bilan Tojikiston xalqlari oʻrtasidagi doʻstlik munosabatlarini mustahkamlashga katta hissa qoʻshgan madaniyat, fan va sogʻliqni saqlash sohalari vakillariga farmonga muvofiq orden va faxriy unvonlar berildi.

– Bunday marosim mamlakatimiz tarixida birinchi marta oʻtkazildi. Oʻylaymanki, hamjihatligimiz, bagʻrikengligimiz ifodasi boʻlgan bu tadbir anʼanaga aylanib qoladi. Oʻzaro manfaatli hamkorligimiz bundan buyon ham rivojlanib, samimiy doʻstligimiz va oʻzaro anglashuvimiz xalqimiz farovonligiga xizmat qiladi, – deya taʼkidladi Shavkat Mirziyoyev.

Mukofotlanganlar yuksak eʼtibori, xorijlik investorlarni qoʻllab-quvvatlayotgani uchun davlat rahbariga minnatdorlik bildirdi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Xorijlik ishbilarmonlar, davlat va jamoat arboblariga Oʻzbekiston davlat mukofotlari topshirildi