08:31 / 03.09.2018
5 802

“Gʻaroyib hodisalar izidan”: “Oʻlib, qayta tugʻilganlar..."

“Ғаройиб ҳодисалар изидан”: “Ўлиб, қайта туғилганлар..."
Odamzotning qayta tugʻilishi haqida ilgari matbuotda koʻplab maqolalar berilganiga, olimlar tomonidan bir necha oʻnlab marotaba ilmiy izlanishlar olib borilganiga qaramay, baribir bizning zamonamizda turli bahs-munozaralar davom etmoqda. Olimlar qayta-qayta inson oʻlimidan soʻng qaytadan tugʻilishi mumkinligini isbotlashga urinishmoqda. Mana, yana bir misolga nazar tashlang.

Arabistonda istiqomat qiluvchi Diana ismli yetti yashar qiz kunlarning birida uyqu orasida yahudiylar tilida gapira boshladi. Vaholanki, u yashayotgan qishloqda yahudiy millatiga mansub odamlar yoʻq edi. Qolaversa, qizaloq hech qachon qishlogʻidan tashqariga chiqmagan. Xoʻsh, u qanday qilib begona tilda gapirdi?..

Maʼlum boʻlishicha, qizaloq qiziquvchilarga soʻzlab bergan. Aytishiga qaraganda, uning ismi Yael bin Yair boʻlib, ota-onasi bilan Tel-Avivda yashagan va uch yil oldin avtohalokatga uchrab halok boʻlgan.

Qizaloqning hozirgi ota-onasi politsiya xodimlaridan shu voqeaga oydinlik kiritishlarini soʻrab murojaat etishdi. Arxiv materiallar tekshira boshlandi. Qarangki, haqiqatan uch yil avval qizaloq ota-onasi bilan birga ketayotib avtohalokatga uchragan va olamdan koʻz yumgan. Hammasi toʻgʻri keldi. Diana shundan soʻng ota-onasidan yahudiy odatiga koʻra shanba kunlari sham yoqib ruhlarni shod etishlarini soʻradi…

Oʻn yoshga yetgandan soʻng esa u oʻtmish hayotini qidirib topish maqsadida yoʻlga otlandi. U Tel-Avivga bordi. Oʻzi yashagan koʻchani, uyni sira qiynalmasdan topdi. Ammo bu yerda endi butkul boshqa odamlar istiqomat qilishardi. Ular qizchaga oʻzi istagan maʼlumotlarni bera olishmadi. Shunga qaramay, qizaloqning hayoti butun dunyoga ovoza boʻlib, u bilan koʻplab olimlar qiziqa boshlashdi. Bu voqeadan hayajonga tushgan Kaliforniya universiteti professori Jon Stivenson psixologiya fakulteti olimlari bilan birgalikda 1500 dan ortiq shunga oʻxshash materiallar toʻplashga erishdi.

Isroilda esa aynan shu ish bilan shugʻullanuvchi doktor Osama Husayn yashar ekan. Uning taʼkildashiga koʻra, bolalar gipnoz taʼsirida oʻzlarining oʻtmish hayoti haqida beixtiyor gapira boshlasharkan. Ayniqsa, Druzlar (11 asrlarda Liviya va Suriyada yashagan qullar) haqida shunday maʼlumotlar koʻp topilgan. Druzlarning dini juda maxfiy boʻlib, bu dinning ichiga kirib borish har kimga ham nasib etavermasligi haqida doktor Osama koʻplab misollar keltirib oʻtdi. Druzlar kimda kim ularning maxfiy sirlaridan ogoh boʻlishga intilsa, albatta halok boʻladi deya hisoblashadi.

Mana shunga bir misol. Osafiya degan qishloqda toʻrt yashar Xeni Saif ismli bolakay yashagan. Kunlarning birida uni ota-onasi toʻyga olib bordi. Toʻyga Deyr Xad degan qishloqdan koʻplab mehmonlar tashrif buyurishgandi. Shunda Xeni u yerdagi begona odamlarga tashlanib, barchalarini oʻz ismlari bilan atay boshladi. Bu rostdan ham ishonib boʻlmaydigan holat edi.

— Oyi, ona, — deya baqirdi u. — Deyr Xad mening qishlogʻim. Iltimos, menikiga boraylik! Sizlarga oʻzim yashagan uyni koʻrsataman!..

Ota-ona bolakayning iltimosini rad eta olishmadi. Xeni qishloqqa keliboq sira qiynalmasdan oʻz uyini topdi. Ichkariga kirib uy egalarining birini dada, birini oyi deya atay boshladi.

— Men sizlarning oʻgʻlingizman! — deya qichqirdi u uy egalariga. — Taniyapsizlarmi meni?.. Besh yil oldin men olamdan oʻtgandim-ku!..

Surishtirib koʻrishlar shuni koʻrsatdiki, shu oilada rostdan besh yil oldin bolakay olamdan oʻtgan ekan.

— Mana mening kiyimlarim! — hayqirdi Xeni. — Endi men sizlar bilan birga yashayman! Bu mening uyim!

Ota-onalar oʻzaro kelishib olishdi. Endi Xeni haftaning besh kunida hozirgi ota-onasi, dam olish kunlari esa Deyr Xaddagi oʻz uyida yashaydigan boʻldi. Lekin Xeni voyaga yetgach, asosiy vaqtini faqat Deyr Xad qishlogʻida oʻtkazadigan boʻldi.

Nima ham derdik. Yuqorida tilga olib oʻtilgan hodisalar hayotdan olingan. Bularga qarshi bir gap aytishga-da ojizmiz. Bu holatlarni ahmoqlikka, aqlsizlikka yoʻyishga ham haqqimiz yoʻq. Shunday ekan, hammasini Yaratganning hukmiga havola etishdan boʻlak chora topa olmaymiz.

Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » “Gʻaroyib hodisalar izidan”: “Oʻlib, qayta tugʻilganlar..."