09:24 / 04.09.2018
4 932

Saudiyalik oʻzbeklar vaqfi 2019 yil 3000 ziyoratchining Haj xarajatini qisman koʻtaradi

Saudiyalik oʻzbeklar vaqfi 2019 yil 3000 ziyoratchining Haj xarajatini qisman koʻtaradi
Taqdir taqozosi tufayli oʻtgan asrning 20-30-yillarida oʻzbek millati vakillaridan minglab kishilar xorijiy mamlakatlarga, jumladan, Saudiya Arabistoniga chiqib ketishga majbur boʻlgan.

Ular Saudiyaning Makka, Madina va Toif shaharlarida taʼlim, tijorat va boshqa muhim jabhalarda faoliyat yuritib, katta hurmatga sazovor boʻlishgan. Jumladan, Makka va Madinadagi ikki haram – Masjid ul-Harom va Rasululloh (s.a.v) masjidlari atrofida koʻplab yerlarni sotib olib, vaqf sifatida avlodlarga qoldirgan. Vaqf bu, diniy atama boʻlib, islom yoʻlida foydalanilishi yoki sarflanishi uchun ajratilgan har qanday mulkdir. U asrlar osha qiyomat kuni qadar hech kimning mulkiga aylantirilmay, faqat haqdorlar tamonidan ezgulik yoʻlida tasarruf etiladi. Makka va Madina shaharlarida Saudiyadagi oʻzbeklar tomonidan vaqf qilingan 300 dan ziyod imorat, bino, madrasa-yu masjid faoliyat yuritmoqda.

Oldinroq xabar qilinganidek, Mustaqillik bayrami arafasida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisi oʻrinbosari, “Haj-2018“ mavsumining ishchi guruh rahbari Nuriymon Abulhasan Oʻzbekistonning Jidda shahridagi konsulligi va Saudiya universitetlarida taʼlim olayotgan talabalar bilan hamkorlikda ajdodlarimizning maʼnaviy – ilmiy merosini yurtimizga qaytarish boʻyicha koʻplab dasturlar ishlab chiqib, amaliy choralar olib borayotgan edi. Ushbu dastur va loyihalarning natijasi oʻlaroq nafaqat ilmiy merosni yurtga qaytarish balki ajdodlarimiz yurtimiz uchun vaqf qilgan mulklarni ham haqdorlarga tasarruf etish boʻyicha muzokaralar tashkil etildi. Jumladan, kuni kecha Nuriymon Abulhasan Jidda shahrida Mavarounnahr vaqflari qoʻmitasi raisi doktor Habib Mirza Buxoriy va ushbu qoʻmita raisi oʻrinbosari Muhammad Amin Mirza Buxoriy bilan uchrashib, ajdodlarimiz tomonidan qoldirilgan vaqflarni ularga eng haqli boʻlgan avlodlar – Oʻzbekiston fuqarolari uchun ham sarflanishi masalasida kelishuvga erishdi. Bu haqda qoʻmita Matbuot xizmati xabar bermoqda.

Muzokaralar davomida doktor Habib Oʻzbekistonda olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlar, xususan, diniy yoʻnalishdagi ijobiy qadamlarni yuqori baholab, saudiyalik oʻzbeklar vaqflaridan tushayotgan daromadlarni oʻz egalari yaʼni, Oʻzbekistondan haj ziyorati uchun keladiganlar uchun sarflanishi kerakligini va vaqflarni qoldirganlar vasiyatlari taqozosi aynan adolatning talabi ekanligini taʼkidlab oʻtdi. Kelishuvga koʻra, Saudiya Arabistoni Vaqflar qoʻmitasi uch oy ichida keyingi haj mavsumigacha boʻladigan daromadlarni hisoblab, oʻzbekistonlik ziyoratchilar uchun qancha pul ajratilishini oʻrganib chiqadi. Rejaga muvofiq, kelasi haj mavsumida vaqflar daromadidan taqriban 3000 ga yaqin oʻzbekistonlik hojining Makka shahridagi mehmonxonalar puli toʻlab beriladi. Bu degani, endi Oʻzbekistonning taxminan 3000 ziyoratchisi uchun arzon haj toʻlovlari dasturi ishlab chiqiladi.

“Haj-2018” mavsumining ishchi guruh rahbari Nuriymon Abulhasan bu haqda shunday dedi: “Bu yangilik, shubhasiz, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev boshlagan islohotlarning natijasi, ularning qutlugʻ qadami samarasidir. Shu paytgacha mazkur vaqf daromadi qoʻshni davlatlar fuqarolari uchun sarflangan. Endi esa bu meros Mustaqillik bayrami tuhfasi oʻlaroq uning asl haqdorlari boʻlgan xalqimizga ham yoʻnaltiriladi”.

Nuriymon Abulhasanning taʼkidlashicha, oʻtkazilgan muzokaralar istiqbolda yanada ulkan samara berishi, Saudiya Arabistoni Vaqf qoʻmitasi tadrijiy ravishda toʻlovlarni koʻpaytirib borib, oʻzbekistonlik barcha hojilarning Makka shahridagi shinam va zamonaviy mehmonxonalarda bepul turishlarini taʼminlashi mumkin.

Oʻzbekiston uchun nihoyatda manfaatli va oʻz vaqtida tashkil etilgan mazkur uchrashuv soʻnggida Nuriymon Abulhasan Mavarounnahr vaqflar qoʻmitasi aʼzolarini, xususan, qoʻmita raisi doktor Habib Mirza Buxoriyni Oʻzbekistonga taklif qildi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Saudiyalik oʻzbeklar vaqfi 2019 yil 3000 ziyoratchining Haj xarajatini qisman koʻtaradi