11:54 / 04.09.2018
4 834

Armiyada xizmat qilganlar uchun OTMlarga imtiyozli kirish masalasi koʻrib chiqiladi

Armiyada xizmat qilganlar uchun OTMlarga imtiyozli kirish masalasi koʻrib chiqiladi
Oʻzbekiston hukumati armiyada xizmat qilib qaytgan abituriyentlarga imtiyoz taqdim etish tizimiga oʻzgartishlar kiritishni rejalashtirmoqda. Ballarga ustamalarni umumiy tanlov doirasidan tashqarida oʻtkazish kutilmoqda. Bu haqda bosh vazir oʻrinbosari Aziz Abduhakimov xabar qildi.

Bugun Oʻzbekiston Qurolli Kuchlarida muddatli harbiy xizmatni oʻtagan va harbiy qism tavsiyanomasiga ega abituriyentlar OTMlarga kirishda toʻplagan balining 50 foizi miqdorida ustamani qoʻlga kiritadi. Bosh vazir oʻrinbosari soʻzlariga koʻra, bu qizlar huquqining buzilishiga olib keladi.

“Men 100 foiz qoʻshilaman. Harbiylarga umumiy tanlov doirasida emas, balki maxsus kvota boʻyicha imtiyozlar taqdim etilishi kerak. Ballarga ustamalar qoʻyilishi borasida koʻplab savollar mavjud. bu yerda qizlar huquqlarining maʼlum maʼnoda buzilishi ham vujudga keladi. Bu masala qayta koʻrib chiqilishi va tizim oʻzgarishi kerak. Bu adolatsiz va noshaffof”, — dedi u.

Aziz Abduhakimovning fikricha, imtiyozli ballar muayyan mutaxassisliklar boʻyicha boshqa abituriyentlar huquqlarini ham buzishga olib kelmoqda. “Bu yil yuridik mutaxassislar boʻyicha asosiy oʻrinlarni sobiq harbiy xizmatchilar qoʻshimcha ballar evaziga egalladi”, — dedi bosh vazir oʻrinbosari.

Bosh vazir oʻrinbosari xizmat vaqtida vafot etgan, jarohatlangan, nogiron boʻlgan yoki kontuziya yoxud shikastlanish sababli kasallikka chalingan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari, shuningdek kam taʼminlangan, koʻp bolali va olis hududlarda istiqomat qiluvchi oilalar farzandlariga imtiyozlar berilishini toʻgʻri deb hisoblaydi.

“Bu yerda qoʻshimcha kvota boʻlishi kerak, asosiy emas. Hozir biz qaror tayyorlayapmiz va kelgusi yili oʻzgarishlar boʻlishi mumkinligini kutayapmiz”, — dedi taʼlim, sogʻliqni saqlash, jismoniy tarbiya, sport va turizm masalalari boʻyicha hukumat kompleksi rahbari.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Armiyada xizmat qilganlar uchun OTMlarga imtiyozli kirish masalasi koʻrib chiqiladi