16:57 / 04.09.2018
5 374

Mafkura tanazzuli: “maʼnaviyat”ga “yem” boʻlgan falsafa

Mafkura tanazzuli: “maʼnaviyat”ga “yem” boʻlgan falsafa
Mafkuraki adolatsizlikka koʻz yumsa, maʼsumni maʼdur etsa, mazlumni zolimdan himoya qila olmasa u tanazzulga mahkumdir!

Mafkura — misoli bir tirik ruhdir. Doimiy ravishda maʼrifat bilan sugʻorilib turilsagina oʻlmaydi!

Insonni yaratganning mehriga loyiq darajaga olib chiqqan ruhiyat misol, mafkura ham davlatning darojotini belgilab beradi.

Milliy istiqlol qoʻlga kiritilgan ilk yillarda yangi shakllantirilgan, maʼrifat bilan sugʻorilgan, yillar mobaynida takomillashtirilgan milliy istiqlol mafkurasi vaqt oʻtgan sari, yaʼni 2000-yillarga kelib zamon talabiga javob bermay qoldi.

Buning ikkita sababi bor edi.

Birinchisi — yillar oʻtgan sari mafkura maʼrifat bilan emas maddohlik suvi bilan sugʻorila boshlangan edi.

Ikkinchi sababi — birinchi sababning mantiqiy davomi va mahsuli edi. Yaʼnikim, milliy mafkura maddohlikka aylangani sayin zaiflashib oʻz mohiyati boʻlgan milliy irodani shakllantirishga emas, shaxsni ulugʻlashgagina xizmat qila boshladi.

Aslida, milliy istiqlol mafkurasining tanazzuli haqida soʻz yuritish men uchun oson ish emas, juda ogʻriqli jarayon bu. Ammo, modomiki, bugun jamiyat tanasi uchun yangi bir ruh kerak ekan, yangi bir mafkura kerak ekan, biz haqiqatning yuziga tik boqmogʻimiz va oʻz ayblarimizni, xatolar va yanglishlarimizni yaxshi tanib olmogʻimiz kerak. Toki, yana eski xatolar takrorlanmasin.

Bedilning bir soʻzi bor: “har koʻzki ibrat olmasa koʻrdir”, deydi shoir. Bugun tarix bizdan ibrat olmoqni, koʻr boʻlmaslikni talab etmoqda.

Falsafaning oʻlimi

Laroshfuko shunday degan edi: “Falsafa oʻtmish va kelajak muammolari ustidan gʻalaba qozonadi, bugunning muammolari esa Falsafaning ustidan gʻalaba qozonadi”.

Bizda aynan shunday boʻldi. Vaqt oʻtgani sayin Falsafani bugungi kun muammolari yengdi. Mafkurani kuchaytirish maqsadida chin maʼnaviyat avval fanga aylantirildi. Predmetga aylantirildi. Undan soʻng maʼnaviyat bugungi kunga moslashtirildi. Unga zamonaviy shakl berildi.

Ming yillardirki millatning qadriyatlarini oʻzida mujassam etgan maʼnaviyat avval fanga aylantirildi, shaklga solindi, undan soʻng zamonaviy qurolga aylantirildi. Qurolki, oʻsmoqchi boʻlganlarga maddohlik uchun, yoqtirilmaganlarni yoʻq qilish uchun badnom qilish quroliga aylantirildi.

Qonuniy ayblovlar qoʻyilishi qiyinroq holatlarda osongina maʼnaviy ayblov qoʻllanila boshlandi. Hur fikr va erkin soʻz kimgadir yoqmasa, fikr bildirgan yoki soʻz aytgan shaxsni osongina “milliy maʼnaviyatimizga zid qarashga ega”, degan ayblov bilan jamiyatda badnom qilish imkoni paydo boʻldi.

Bu yerda nozik ikki nuqtani unutmang, muhtaram oʻquvchim, birinchisi — biz soʻz yuritayotgan, qurolga aylangan sunʼiy maʼnaviyat bilan asl maʼnodagi chin maʼnaviyatning hech bir aloqasi yoʻq! Ikkinchisi — men maʼnaviyatga qarshi emasman, bilʼaks, inson ham, jamiyat ham maʼnaviyatsiz ruhsiz tana kabi ekanligini, chin maʼnaviyatsiz yashab boʻlmasligini eʼtirof etaman.

Millat ruhiyatini tarbiya qilish, millatni milliy va umuminsoniy yuksak axloq prinsiplari asosida kamolga yetkazish vositasi boʻlgan maʼnaviyat, ikki minginchi yillardan soʻng siyosiy targʻibot mashinasiga aylantirildi. Oʻrni kelganda bu mashina millat shoirlarini maʼnan oʻldirdi, ijod erkinligini boʻgʻdi, oʻrni kelganda tarixiy haqiqatlarni inkor etdi, baʼzi tarixiy shaxslarni badnom etdi.

Eng asosiysi, fan sifatida oʻqitila boshlangan maʼnaviyat soatlari koʻpaytirilib, aksar hollarda Falsafa fanlari siqib chiqarila boshlandi. Falsafani “maʼnaviyat”ga yem qildik!

Falsafa va mantiq fanlarining maʼnaviyat faniga almashtirilishi yolgʻonni keltirib chiqardi. Bu esa jamiyatda koʻproq, kim chiroyliroq hamda balandroq bong urib bugungi kunni maqtasa, oʻshaning oshigʻi olchi boʻlishiga imkon yaratdi. Maddohlikni trendga aylantirdi. Aytilayotgan madhlar oʻsha kunga mos “haqiqat”lar qanchalik mantiqqa toʻgʻri keladi yoki kelmaydi, bunisi muhim emas! Asosiysi — hammadan balandroq aytish boʻlib qoldi. Baland ovoz esa hamisha boʻsh idishdan chiqishi hammamizga maʼlum.

Buning tabiiy va mantiqiy mahsuli oʻlaroq jamiyat moddiyatni maʼnaviyatdan ustun qoʻya boshladi. Ammo, shunda ham sogʻlom moddiyat qarashlari emas, radikal moddiyat qarashlar shakllana bordi. Natijada, milliy iqtisodiyot zarar koʻra boshladi. Har qanday rivojlangan mamlakatda mavjud boʻlgan milliy iqtisodiy iroda bizda paydo boʻlmadi. Aynan shu sabab shaxsiy iqtisodiy manfaat koʻrish ilinjida milliy iqtisodga zarar berib qoʻyishdan qoʻrqmay qoʻydi odamlar. Kontrabanda yoʻllari orqali kontrafakt mahsulotlarni olib kelib, yoki soliqdan foydasini yashirib milliy iqtisodiyotga zarar berish orqali Vatani va oʻz farzandlari kelajagiga zarar berayotgani haqidagi oʻy “tadbirkor”larda shakllanmadi. Gobsning “Inson insonga boʻri” degan fikri turmush tamoyiliga aylandi.

Aynan milliy mafkuraning ana shunday qoʻgʻirchoq maʼnaviyat orqali targʻiboti mamlakatimizda terror urugʻining sepilishiga ham imkon yaratdi. Chunki terrorizmni vujudga keltiradigan omillardan eng kattasi radikal qarashlar urchishi va ekstremistik kayfiyat paydo boʻlishi uchun diniy mafkuraning tanazzulga yuz tutishi kerak edi.

Bu qanday amalga oshiriladi? Juda oson. Istalgan jamiyatda bir-birini inkor etuvchi diniy haqiqatlar koʻpaytirilsa bas. Yaʼni, ulamolarning bittasi chiqib asl haqiqat bu deb, boshqasi chiqib shuning teskarisini asl haqiqat deb daʼvo qilishi, turli haqiqatlar toʻgʻrisidagi kitoblarni toʻldirib tashlasangiz bas. Bu bilan kitobning koʻpayishi tanazzulga olib keladi demoqchimasman. Har biri asl haqiqat mana shu degan daʼvoda va bir-birini tamomila inkor etuvchi “haqiqatlar” bilan yoʻgʻrilgan kitoblarning koʻpayishi tanazzulga sabab boʻladi. Chunki bu holat jamiyat aʼzolarini turli guruhlarga boʻlib tashlaydi. Ularda bir-biriga nisbatan ekstremistik kayfiyat uygʻotadi.

27 yil davomida diniy qoʻmitaning avvalgi rahbariyatlari ruxsati bilan necha minglab diniy kitoblarning millionlab chop etilganini bir yodga olib, hisoblab koʻring. Bularning natijasi oʻlaroq, al-Buxoriy, Zamaxshariy, Motrudiy avlodlari boʻlgan millat bolalari din nomi bilan terror uyushtirayotganlar qoʻlida oʻyinchoq boʻlib qoldi.

Yanada dahshatlisi, osoyishta Vatanidan minglab kilometr uzoqlarga borib, boshqalarning soxta daʼvosi uchun kurashib, oʻlib ketayapti. Ularga xotini boʻlgani sababli qoʻshilib ketgan yuzlab ayollar, ixtiyori oʻzida boʻlmagan bolalar Suriyada terrorchilarning bugungi qul bozorlarida moldek sotilmoqda. Itdek xoʻrlanmoqda!

Bularning barchasi maddohlik quroliga aylantirilgan “maʼnaviyat”ni vujudga keltirgan milliy mafkura mahsulidir.

Albatta, tanqid qilish oson. Murodim faqat tanqid emas. Aslida, asl murodim tanqid emas. Bu haqiqatlarni tan olib, ularni tuzatishimiz kerakligi haqida aytishdir. Xoʻsh, buning uchun nima qilmoq kerak?

Birinchisi — milliy irodani shakllantirish kerak. Bir xil emas, bittagina emas. Milliy iqtisodiy irodadan boshlashimiz kerak. Milliy iqtisod bu millatning buguni va ertasi ekanligini, millat va davlat boqiy turishi uchun milliy iqtisod yuksalishi kerak degan tushunchani bogʻcha va maktablardan boshlash kerak.

“Soliqdan qochish — millatga xiyonat!” degan tafakkurni shakllantirish lozim yangi avlodda. Milliy mahsulotni sotib olish faqatgina vatanparvarlik emas, ayni damda millatparvarlik burchi degan haqiqatni qalbiga jo qilish kerak jamiyatimiz aʼzolarining.

Ikkinchisi — milliy yakdillik, milliy birdamlik tuygʻusi zarur. Bu esa adabiyot va sanʼat orqali erishiladigan vazifadir. Zamon ruhiga mos, ammo ayni damda milliy xarakterimiz, milliy haqiqatlarimizni eslata oladigan, buyuk millatligimizga ishonchimizni qaytadan uygʻota oladigan va bu haqiqatga chin dildan ishontira oladigan asarlar kerak.

Erishilgan yuksak natijalarni emas, mardlik va fidoyilikni, jasorat va haqiqatni madh etadigan shoirlar kerak. Investitsiya va innovatsiya degan sheʼrlar emas, tafakkur va ilm, sadoqat va fidokorlik kuch-qudratini qalblarga yetkazib beradigan sheʼrlar kerak. Oʻldim, kuydim, yondim, kul boʻldimlarni emas, ming yillik ijtimoiy qadriyatlarimizni, umuminsoniy yuksak ruhiy axloqni tarannum etuvchi, Vatan uchun gulzor ichida turib emas, mashaqqat va sinovlarda, olovlar ichida aytiladigan, harbiy jasorat va erkakcha matonat, erkaklik irodasini aks ettiradigan qoʻshiqlar kerak.

Biz bugun yangicha tafakkur tarzi zarur ekanligini qayta-qayta eʼtirof etayapmiz. Aynan adabiyot va sanʼat millat tafakkurini shakllantiradigan omildir.

Uchinchisi — bir-biriga chambarchas bogʻliq ikki muhim hujjat zarur. Birinchisi milliy ideologiya konsepsiyasi boʻlsa, ikkinchisi yagona davlat diniy siyosat konsepsiyasidir. Bularning nechogʻlik zaruriy va bugungi kunda dolzarb ekanligini mutaxassislar yaxshi tushunishadi.

Toʻrtinchisi — yangi zamonaviy tamoyillar asosidagi, ammo milliy va umuminsoniy qadriyatlar bazasida shakllantiriladigan boshqaruv kadrlarini tayyorlash milliy konsepsiyasi qabul qilinishi bugungi kunning eng katta ehtiyojidir.

Beshinchisi — milliy mafkurada sir boʻlishi kerak. Milliy mafkurada davlatchilikning uch yarim ming yillik siri mujassam boʻlishi kerak. Xuddiki, ming yillardirki, tasavvufni yashatib kelayotgan oʻz siri boʻlgani kabi.

Oltinchisi — mushohadada, muhokamada, fikrlashda, qaror qabul qilishda chin demokratik tamoyillar asosida ish koʻrishni oʻrganishimiz kerak. Tanqidni qabul qilishni, tanqid qilishda esa haqorat qilmaslikni va shaxsga oʻtib ketmaslikni, plyuralizmni xavf deb emas, shunchaki demokratik jamiyatning ajralmas boʻlagi, deb qabul qilishni oʻrganishimiz kerak.

Bugun oʻz fikriga va bu fikrini bildirishga ishtiyoqi baland qatlam ehtiroslarga berilib, bahslashmokda. Shaxsiy fikrini mutlaq haqiqat sifatida eʼtirof ettirishga intilish lazzati, uni himoya qilish, har qanday argumentdan foydalanib boʻlsa ham bahsda gʻolib boʻlish istagi oʻziga xos xususiyat kasb etmoqda. Muammolar yechimi muammodan emas, opponentlardan izlanmoqda. Bahslar kurashida “Inson insonga boʻri” tamoyili amal qilar ekan, jamiyat ustidan uning muammolari zafar quchishi muqarrar davom etadi.

Sakkizinchisi — Biz oʻz xatolarimiz sababini liderlarimizdan izlar ekanmiz, hech qachon taraqqiy etmaymiz. Vaqt hamisha oʻz hukmini oʻqib qoʻyadi. Oqni oq, qorani qora deydi. Biz vaqt hukmidan qoʻrqmay qoʻydik taassufki! Vaqt hukmidan qoʻrqishni oʻrganishimiz ayni damda haqni aytishdan qoʻrqmaslikka oʻrganishimiz, mazlumning yonida — zolimning qarshisida oʻrin olishdan qoʻrqmaslikni anglatadi.

Soʻzim oxirida eng muhim uch nuqtaga oydinlik kiritib ketmoqchiman. Birinchisi, negadir koʻpchilik “maʼnaviyatchilar” soʻnggi maqolalarimdan soʻng oxirgi paytlar maʼnaviyatga tosh otilyapti, degan gap soʻzlarni aytib yurishibdi ekan.

Janoblar, mening maqsadim siz oʻylagandek tosh otishdan iborat emas! Qayta va qayta takrorlayman: bugun tarixdan saboq olib, xatolarni tahlil qilib, yangidan ish boshlash davr talabiga aylandi. Talabki, ehtiyojdir! Prezidentga suyanch boʻlish uchun, gapdagina emas, amalda suyanch boʻla olish uchun, demokratiyaga oʻxshash bir jamiyat qurish uchun emas, chin demokratik huquqiy jamiyat qurish uchun chin maʼnaviyatga boʻlgan ehtiyoj!

Ikkinchisi — eng asosiysidir. Istalgan boy va badavlat inson yoki jamiyat oʻz farzandi uchun qimmat hamda hashamatli sharoitlar yaratgani holda, yaxshi yedirib-ichirgani holda taʼlim tarbiya olishi uchun mablagʻ qizgʻanganini koʻrganmisiz? Gʻirt mantiqsizlik shundaymi?

Mafkura sohasi ham maʼnaviy targʻibot sohasi ham xuddi shunday. Kuchli mafkura, yuksak maʼnaviyat targʻiboti juda katta moliyaviy dastak boʻlsagina koʻzlangan samarali natijani beradi. Zamon talabi shu: hech qachon maʼnaviyat vakili, mafkura mutaxassisi zoʻrgʻa kunini koʻrsa, bolasi ertaga tuflisini yirtib qoʻysa nima qilaman deb hadikda yashasa, yuksak minbarlardan turib yuksak qadriyatlar haqida gapirgani holda, ijarada turgan uyining egasi ijara haqqi kechikkani uchun uni tahqirlashiga chidashga majbur boʻlsa, uning oʻzi jamiyatni ishontirmoqchi boʻlgan yuksak maʼnaviyatga oʻzi ishonmaydi. Achchiq haqiqat shu.

Uchinchisi, muhtaram, hech qaysi mafkura davlat mafkurasi boʻlolmaydi, bu konstitutsiyada ham taʼkidlangan deya iddao etadiganlar! Men tamomila sizning fikringizga qoʻshilaman, hech qaysi mafkura davlat mafkurasi boʻlmasligi shart. Ammo jamiyat mafkurasiz yashay olmaydi, xuddiki inson fikrsiz yashay olmagani kabi. Mafkuraki — shaxs huquq va erkinliklarini oliy qadriyat sifatida eʼtirof etadigan, demokratiyaga zid boʻlmagan maʼnaviyatga asoslanadigan. Agar mafkura shaxs erkinligiga daxl qiladigan boʻlsa unda bu tanazzulga olib keladi. Xudo asrasin bunday oqibatdan!

P.S. Men millatimni boshqariluvchi emas boshqaruvchi, taroshlanuvchi emas taroshlovchi sifatida koʻrgim keladi.
Said-Abdulaziz Yusupov

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Mafkura tanazzuli: “maʼnaviyat”ga “yem” boʻlgan falsafa