21:00 / 08.09.2018
7 915

Pasport yoʻqolganda nima qilish zarur?

Pasport yoʻqolganda nima qilish zarur?
Oʻzbekiston Respublikasida pasport tizimi toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritildi, deb yozmoqda Norma.

Propiskasiz shaxslar pasport olish uchun qayerga murojaat qilishlari lozim

Umumiy qoidalarga koʻra, pasport olish uchun doimiy roʻyxatda yoki konsullik hisobida turgan joyga murojaat qiladilar.

Qoʻshimchalarga muvofiq, doimiy roʻyxatga olinmagan fuqaro oldingi roʻyxatda turgan joyi boʻyicha maʼlumotlarni yigʻish punktiga yoki propiskaga oid maʼlumotlar mavjud boʻlmasa, oʻzi turgan joydagi maʼlumotlarni yigʻish punktiga murojaat qilishi mumkin.

Doimiy roʻyxatga olinmagan harbiy xizmatchi xizmatni oʻtab boʻlgach, pasport olish uchun oldingi roʻyxatda turgan joyi, tugʻilgan joyi yoxud amalda yashab turgan joyi boʻyicha maʼlumotlarni yigʻish punktiga murojaat qilishi mumkin.

Yoʻqotilganining oʻrniga pasportni qanday olish mumkin

Tuzatishlar bilan yoʻqotilganlari oʻrniga pasport berish mexanizmi aniqlashtirildi.

Pasportini yoʻqotib qoʻygan fuqaro unga yangisini beradigan maʼlumotlarni yigʻish punktiga zudlik bilan xabar berishi lozim. Pasport yoʻqolganligi toʻgʻrisidagi arizalar hisobga olish jurnalida roʻyxatga olinadi. Vaqtincha xorijda boʻlganlar qaytish guvohnomasini olish uchun mamlakatimiz konsullik muassasasiga murojaat etadilar.

Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boʻlinmasi pasport (yoki shaxsni tasdiqlovchi boshqa hujjat) yoʻqotilganligi toʻgʻrisida belgilangan shakldagi maʼlumotnomani beradi. Uning orqa tomoniga doimiy yoki vaqtincha roʻyxatda turganligi toʻgʻrisida shtamp qoʻyilishi mumkin.

Respublikaning boshqa hududlaridan doimiy yashash joyiga kelgan va yangi yashash joyi boʻyicha roʻyxatga olingunga qadar pasportini yoʻqotib qoʻygan fuqarolarga ularning arizalariga koʻra IIO tomonidan pasport yoʻqolgani haqidagi ish ochiladi. Yangi pasportlar doimiy yashash maqsadida kelgan joyda ularni roʻyxatga qoʻyish asoslari mavjud boʻlgan taqdirda beriladi. Roʻyxatga olishga asoslar mavjud boʻlmasa, pasport roʻyxatdan chiqishni bekor qilgan holda oldingi roʻyxatdan oʻtgan joyidagi yoki unga asoslar mavjud boʻlganda boshqa yangi roʻyxatdan oʻtish joyida beriladi.

Yangisi berilgunga qadar yoʻqolgan pasport topilsa, pasport yoʻqolgani haqidagi ish yuritish tugatiladi, yangisi berilgandan keyin topilsa – topilgan pasportni zudlik bilan IIOga topshirish zarur.

Yangisi qancha muddatda beriladi

Yoʻqolgani oʻrniga yangi pasport u yoʻqolgani haqida ariza berilgan kundan boshlab 1 oy ichida beriladi. Biroq hududiy IIO rahbariyati uni yana 1 oyga uzaytirishi mumkin.

Bunday arizalarni koʻrib chiqish muddati faqat istisnoli hollarda 6 oygacha uzaytirilishi mumkin:

- boshqa ichki ishlar organlaridan javoblar kelmaganda;
- arizachining kasalligi;
- arizachining yashash joyida uzoq muddat boʻlmaganligi.
Yarim yildan ortiq muddatda javob kelmaganida, fuqaroning shaxsi tekshiriladi va undan keyin pasport beriladi.

Pasportni yoʻqotganlik uchun qachon javobgarlikka tortmaydilar

Eslatib oʻtamiz, pasportni avaylab saqlash – qonun talabi. Pasportni beparvolik bilan saqlash oqibatida uning yoʻqolishi EKIHning 1/2 qismidan 3 baravarigacha miqdorida jarima solishga sabab boʻladi (MJTKning 223-moddasi 1-qismi).

Biroq ayrim hollarda yuqorida koʻrsatilgan javobgarlikka tortmaydilar.

Birinchidan, pasport oʻgʻirlangan boʻlsa, bu haqdagi ariza (jinoyat sodir etilgan joydagi yoki jabrlanuvchining yashash joyidagi) hududiy IIOning navbatchilik qismi xodimlari tomonidan qabul qilinadi. Fuqaroga tegishli maʼlumotnoma beriladi, shundan keyin u maʼmuriy javobgarlikka tortilmaydi.

Ikkinchidan, jazoni ijro etish muassasasida jazoni oʻtab chiqqan va tabiiy ofatlar (yongʻin, suv toshqini, zilzila va boshqalar) oqibatida pasportlari yoʻqolganligi toʻgʻrisida ariza bilan murojaat etgan shaxslar ham maʼmuriy javobgarlikka tortilmaydi. Bu holda mazkur holatlarni tasdiqlovchi hujjatlar talab etiladi.

Yana javobgarlik haqida…

Pasport tizimi qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik toʻgʻrisidagi normalarga tuzatish kiritildi:

a) pasport tizimi qoidalariga rioya etilishi uchun masʼul boʻlgan shaxslar tomonidan fuqarolarning pasportsiz yoxud vaqtincha yoki doimiy roʻyxatdan oʻtmagan holda yashashiga yoʻl qoʻyganligi uchun javobgarlik bekor qilinmoqda.

Biroq oʻz turar joylarida pasportsiz yoki shaxsni tasdiqlovchi boshqa hujjatlarsiz, vaqtincha yoki doimiy propiskasiz yashashiga yoʻl qoʻygan fuqarolarning javobgarligi saqlanib qoladi (MJTKning 223-moddasi 3-qismiga qarang);

b) pasportsiz yoki haqiqiy boʻlmagan pasportga ega fuqarolarni, shuningdek vaqtincha yoki doimiy propiskasiz yashovchi fuqarolarni ishga qabul qilganlik uchun javobgarlik bekor qilinmoqda. Ushbu qismda hujjat 22.01.2018 yildagi PF–5308-son Farmonning 10-bandiga muvofiqlashtirilgan.

Yuqorida bayon etilgan tuzatishlar (“a” va “b” bandlari) ayni paytda koʻproq yuridik kuchga ega boʻlgan yuqori turuvchi hujjatlar – Mehnat kodeksi va Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga (MJTKning 223, 223-2-moddalari) muvofiq kelmaydi. Rasmiy-yuridik nuqtai nazardan olganda, ushbu sanksiyalar MJTKdan chiqarib tashlangandan keyingina toʻliq bekor qilinadi.

Hujjat 30.08.2018 yildan kuchga kirdi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Pasport yoʻqolganda nima qilish zarur?