10:58 / 10.09.2018
5 004

Kissavur… (Voqea real hayotdan olingan)

Kissavur… (Voqea real hayotdan olingan)
Yoz. Havo issiq. Qoʻqon avtovokzaliga odam degani sigʻmaydi. Har ikki odamning biri qoʻlidagi chitroʻmol bilan oʻzini yelpigani-yelpigan. Issiq ayniqsa, avtobus haydovchilarini domiga olgan. Yuraverib oʻrganib ketgan boʻlishsa-da, baribir qoʻllaridagi qorayib ketgan roʻmolchani boʻyinlariga surishlaridan dim havo jonlariga tegib ketganini bilib olish qiyin emas…

Panaroqda yuztacha odam turgandi. Bachqir avtobusi kirib kelganini koʻrishdi-yu, hammalari oʻsha yoqqa chopa ketishdi. Kimdir yelkasiga mayda-chuyda toʻla xaltani ilgan, kimdir yonidagini turta-turta oldinga intilgan. Maqsad bitta. Nima qilib boʻlmasin, avtobusga chiqib olish. Qolib ketsang, yana soatlab issiqda qovrilasan…

Yoshi oʻn yettidan oshgan, boʻyniga toʻqilgan roʻmolcha tashlab, ogʻzidagi saqichni jagʻining uyogʻidan buyogʻiga oliftalarcha aylantirayotgan Mamir ham olomon avtobusga oʻzini urganini koʻrib jinsisining choʻntagiga qoʻlini soldi-da, yarimta piska chiqardi va ikki barmogʻining oʻrtasiga joylashtirdi…

Piska choʻntakkesarlarning joni-dili. Sindirib yarmini kaftingga joylaysan-u, sumka bormi, choʻntak bormi, bildirmaygina kesib ketaverasan…

Yoʻq, buning ham oʻz yoʻllari bor. Kesgandan keyin six ham, kabob ham kuymaydigan qili-ib kesish kerak. Choʻntak yoki sumka egasi payqamasligi lozim…

Kesdingmi, ichidaginiyam ustalik bilan olib ketishni bilishing shart. Yoʻqsa, kesishdan ne foyda?..

Mamir esa, bunaqa ishlarni qiyvoradi. Qoʻqonlik ustasi Nor qiyshiq (koʻzi gʻilayligi uchun shunday laqab orttirib olgan) ning kaltaklarini yeyaverib pishgan. Ana endi oshigʻi olchi. Manaman deganini kesib, borini shilib ketadi. Sezib boʻpti!..

Ha, aytgancha, piska yana bir narsa uchun juda asqotadi. Masalan, katmon yoxud pul egasi payqab qolib shartta bilagidan oldi deylik. Ana shunday mahallarda Mamir piska qistirilgan barmogʻini unga toʻgʻrilaydi-yu, bir zarb bilan yuziga tortib yuboradi. Koʻribsizki, oʻsha odam qon tizillagan yuzini qoʻllari bilan berkitib yerga engashgan koʻyi to oʻziga kelguncha Mamir gʻoyib boʻladi. Melisagayam xabar qilishga ulgurmay qoladi…

Mamir bir chetda ogʻzidagi sigaretini uyoqdan-buyoqqa aylantirgancha kuzatib turgan Nor qiyshiqqa maʼnoli koʻz qisib qoʻydi-da, avtobusga oʻzini urayotgan olomon orasiga kirdi. Aksiga olgandek bu yerdagilarning aksariyati qariyalar ekan. Hammasining egnida chopon…

— Uf-f!..

Mamir jigʻibiyron boʻlib odamlarni turta-turta, yengilroq kiyinganini, qoʻlida sumkasi borini qidira boshladi…

— Eh, ana!..

Uning koʻzlari tiqilinchda bazoʻr nafas olib inqillay-inqillay oldinga intilayotgan yoshi taxminan oʻn sakkizlardagi uzun sochli qizni moʻljalga oldi. Qiz sumkachasini qoʻltigʻiga mahkam qistirib olibdi…

Mamir ustozining “oʻgit”larini esladi.

— “Agar koʻrinishidan yengiltak, oliftanamo qizlarni tunamoqchi boʻlsang, — degandi Nor qiyshiq. — Avval ularning badaniga qoʻl tekkizib koʻr. Ishon, yengiltak qizlar erkakning qoʻllarini badanida tuysa, erib ketishadi. Sen ana shundan foydalanib qolasan…”

Mamir qiynalib-siqtalib boʻlsa-da, qizning orqasidan tushdi.

Ha, u haqiqatan ofatijon edi. Sochlari taqimini oʻpgan, kaltagina koʻylagi ostidan turtib chiqqan siynalari ohanrabodek oʻziga tortadi…

Mamir amal-taqal avtobusga chiqdi-da, qizning orqasiga oʻrnashib oldi.

“Oʻlja” bu taxlit tiqilinchlarga koʻnikmagan ekanmi, tez-tez silkinib qoʻyar, qovogʻidan qor yogʻilardi.

“Hozir seni muloyimlashtirib qoʻyadi akang! — xayolidan oʻtkazdi Mamir qizning mayin sochlarini hidlab-hidlab qoʻyarkan. — Sochiga yuzim tegsayam indamadi. Demak, buyam ustoz aytganidek ketaveradigan xilidan…”

Ishqilib, oxiri baxayr boʻlsin!..

Shu tobda aksiga olgandek, odamlar uyoqdan-buyoqqa sirgʻalib oʻtib Mamirning bemalol harakatlanishiga xalal berardi…

— Yoʻq, — dedi oʻziga oʻzi kutilmaganda mushtlarini tugib. — hozir harom ish qilib oʻtirmayman. Bekorga vaqt ketkazib nima qilaman?.. Ketvorgan bittta bumidi?.. Katmonini olvolsam, bunaqalarning oʻntasiga yetadi…

Yana ustoz oʻrgatgan usullar ishga tushdi. Mamir barmoqlari orasidagi piskaning tigʻini sumkachaga tekkizib sekingina tortgandi, toʻrtta barmoqcha siqqulik teshikcha paydo boʻlib, sumkacha ichidagilar uning kaftini toʻldirdi.

Bu holatni qiz tugul, yonidagilar ham sezmay qolishdi…

Mamir kaftidagilarni mahkam gʻijimlarkan, bugun kechagidan ham moʻmayroq pul ishlab topganini darrov his qildi…

* * *

— Bolam-yey, qay goʻrlarda sangʻib yurasan-a sen? — shom payti uyga kirib kelgan shirakayf Mamirni urisha ketdi onasi Munis aya. — Ertalabdan beri yoʻlingga koʻz tikaman.

— Oʻynab yurganim yoʻq-ku, ona!.. — gʻoʻldiradi Mamir aftini bujmaytirib. — Tirikchilik qilib yuribman, tirikchilik!

— Obbo, qachon soʻrasam, bir gapni qaytaraverasan. Nima ish qilganingni aytmaysan. Axir, men onangman! Ichingdagini bilishim kerakmi-yoʻqmi?

— Bilib nima qilasiz? Sizga pul olib kelsam boʻldimi?

— E, olib kelgan pulingam qurib ketsin!.. Xavotir olganim-chi?..

— Mang, manavi pullarni olib qoʻying! — Mamir bir dasta mingtalik chiqarib Munis ayaning qoʻliga tutdi.

— Voy, men oʻlay, shuncha pulni qayerdan olding?.. Ilgari bunaqa katta pul olib kelmasding-ku!.. Ayt, qilgan ishing qanday ish ekanki, shuncha pul toʻlashsa?.. (Munis aya shu kunga qadar oʻgʻlim birovlarning hojatini chiqarib pul topyapti deb oʻylardi)

— Sizga nima? — onaning koʻzlariga baqrayib tikildi Mamir. — Uzumini yeng-u, bogʻi bilan ishingiz boʻlmasin!..

— Yoʻq, aytasan. Qayerdan olganingni aytmaguningcha qoʻymayman.

— Uf-f!.. Xotin kishi degani oʻzi… Noshukur boʻlarkan-da!.. Aytdim-ku, buyogʻini surishtirmang deb, ona!.. Tergayverarkansiz-da!..

Mamir Munis ayaning hay-haylashiga eʼtibor qilmay xonasiga kirib ketdi.

Hozir yolgʻiz qolib tungi rejalar haqida bosh qotirishi lozim edi.

* * *

Oydin kecha. Shahar koʻchalarida oʻtkinchilarning ham deyarli keti uzilgan. Faqat Mamirgina egniga qora shim, qora koʻylak kiyib boshini eggancha nomaʼlum tarafga ketib borardi.

Chorrahaga yetganda boshini yanada pastroq tushirib oldi. Bu oʻgʻrilarga xos odat. Chiroqlar yorugʻidan ham xavfsirashadi. Kunduzi kissasi kesib ketilgan kimsalarning birontasi beixtiyor uchrab qolishidan qoʻrqishadi…

Nihoyat, u koʻzlagan tor koʻcha koʻrindi. Koʻcha boshida kelishilganidek uni Nor qiyshiq kutib turardi.

— Namuncha sudralmasang? — doʻqlagan boʻldi u Mamir yaqin kelib ulgurmay. — Lallayaverarkansan-da qachon qarasa!..

— Bratan, nima deyapsiz? — tirjaydi Mamir. — Bugun “loy”ning kattasini qoʻlga kiritdim.

— Yoʻgʻ-e… Xoʻsh, qancha?

— Uyogʻini surishtirmang-da! Mana, ulushingiz!..

Nor qiyshiq shogirdining qoʻlidan bir dasta mingtalikni olarkan, koʻzlari chaqchayib ketdi.

— Obbo sen-ey!.. Qotiribsan-ku-a?.. Qani, bir boshdan ayt-chi!.. Qaysi boyvachchani oʻmarding?..

— Avvaliga anavi koʻrsatgan qizingizni. — maqtana ketdi Mamir. — Keyin narigi avtobusga chiqqandim, bir oliftanamo qariya oʻtirgan ekan. Vey, qiyiqqa tugvopti pullarini… Seki-in yaqin bordim. Qarasam, mudrab boryapti. Paytdan foydalandim-u, astagina qoʻlidagi qiyiqni sugʻurvolib juftakni rostladim. Ishonasizmi, qimirlab ham qoʻymadi.

— Yonidagilar-chi?

— E, bittasi ola qarash qilgandi, piskani shundoq tomogʻimga olib borib uyoqdan-buyoqqa yurgazim qoʻydim. Tushundi shekilli, aybdor odamday yerga qarab oldi, hi-hi-hi-hi!..

— Bas, kulishni bas qil!.. Devorniyam qulogʻi bor deyishadi… Aytgancha, qizni qitiqlab koʻrmadingmi?

— Toʻgʻrisi, bratan, koʻnglim tortmadi.

— Koʻnglingdan oʻrgildim, tirrancha!.. Oʻzing kimsan-u, koʻngling nima boʻlardi.

— Ja yerga uravermang!.. Bilasiz-ku, uncha-munchasiga qarayvermayman!.. Sizning taʼlimingizni olganman-da!..

— Boʻpti, endi quloq sol!.. Hozir bir yerga boramiz. Xonadonni oʻmaramiz.

— Bratan, xavfli-ku!..

— Quyonyurak boʻlma! Men tashqarida atrofni kuzatib turaman. Sen ichkariga kirasan-da, pul qidirasan. Esingda boʻlsin, buyum-suyumga eʼtibor qilib oʻtirma. Faqat pul qidir!..

— Hovlimi?

— Yoʻq, kvartira. Ja boy odamniki…

— Boʻpti, ketdik unda!..

— Men oldinroqda, sen oʻn besh metr orqada borasan. Unisi-bunisi xitlanmasligi kerak.

— Ja ustasiz-da!.. — Nor qiyshiqning yelkasiga urib qoʻydi Mamir va tayinlangandek oʻn besh metr orqada qolib yoʻlga tushdi…

* * *

Afsuski, bu reja amalga oshmaydigan koʻrinib qoldi.

Koʻchaning narigi yuzida boʻyi naq ikki metr keladigan, har qoʻli gurzidek Xomit qimorboz hamtovogʻi Gʻani bilan birga oʻtib ketayotgan ekan. Nor qiyshiqni koʻrib birdan toʻxtadi.

— Hoy, qiyshiq! — qichqirdi u koʻchani boshiga koʻtarib. — Nima balo, koʻzingni yogʻ bosganmi?..

Nor qimorbozni tanib chuqur uf tortgancha unga yaqin bordi.

— E, akalar, qalay, oshiqlar olchimi ishqilib? — hazillashgan boʻldi Nor.

— Qayoqqa ketyapsanlar? — javob berish oʻrniga soʻradi Xomit.

— Ha, endi… Sizlarning qayerga ketayotganingizni soʻrayotganimiz yoʻq-ku, brat!..

— Seni ja boyib ketdi deyishyapti?.. Qachon akalaringga ulush berib, mundoq duo olasan-a?..

— Aka, oʻgʻrining hech qimorbozdan duo olganini koʻrganmisiz?..

Bu gapdan Xomit sal ranjiganday boʻldimi, kutilmaganda ayyorona koʻz qisib Norning yelkasidan ushlab chetga tortdi.

— Hozir zoʻr oʻyin boʻladi. Yur, shogirdingni olib bir chetda tomosha qilasan. Vey, u yerda oʻzing bilasan-ku, hammasi boʻkib ichishadi. Oʻng kelsa, birontasini shilvolarmiding…

Nor birdan boshini ushladi.

Haqiqatan, qimorboz toʻgʻri aytyapti. Katta qimorligi rost boʻlsa, unaqangi yerlarda ilgariyam boʻlgan. It egasini tanimay qoladi. Bemalol kimnidir shilib juftakni rostlab yuborsa boʻladigan… Qolaversa, ham pulli boʻladi, ham kayf qiladi…

— Men rozi, qani boshlang oʻsha qimoringizga!.. — dedi Nor yonidagi Mamirga bilinar-bilinmas koʻz qisib. — Bunaqangi ishlarni mana, Mamir qoyillatib tashlaydi.

— Lekin aytib qoʻyay, — dedi Xomit pichirlab. — Birovga dimingni chiqarmaysanlar!..

— Albatta. Gap boʻlishi mumkinmas…

* * *

Shu choqqacha shahardagi manaman degan oʻgʻri ham qimorbozni oʻmarmagandi.

Nor tavakkal qildi.

Mamirga ishondi.

Katalakdekkina hovlidan oʻtib qimorxonaga kirib borarkan, ostona hatlagandanoq ichkarida yonboshlagancha kayf surayotgan oʻn chogʻli katta-kichik qimorbozlarga bir-bir razm solib chiqdi. Shu asnoda pul berkitib qoʻyilishi mumkin boʻlgan joylarni koʻzdan kechirdi.

Xona boʻm-boʻsh. Jihoz deganining oʻzi yoʻq. Demak, bular yutgan pulini yo sholcha ostiga, yo burchakda qalashib yotgan sumkalarga joylashadi…

— Qani, joʻraboshi, qartalarni suz!.. — dedi Xomit deraza tokchasida turgan bir piyola aroqni simirib ichgach. — Kutishga toqat yoʻq.

Joʻraboshi deganlari Mamat ismli qirqlarni oralagan, oq sochli, qoshlari qalinligidan buralib-buralib ketgan, oriq bir erkak edi. Erinibgina oʻrnidan turdi-da, qoʻlidagi qartalarni aralashtira-aralashtira, dasturxon ustiga tashladi.

— Avval hamma ataganini oʻrtaga tashlasin! — Mamat bir-bir qimorbozlarga koʻz soldi. — Nimaga ammamning buzogʻiday lallayib oʻtiribsanlar? Tashlasang-chi hammang!..

— Oʻzi… Bugun qanchadan tikamiz? — soʻradi Xomit.

— Boshqalarni bilmadim-u, lekin men boshlanishiga oʻn ming tikaman. — Mamat birinchi boʻlib dasturxon ustiga bir dasta yuztalik tashladi.

— Unda men yigirma ming tikaman. — deya Xomit ham bir dasta ikki yuztalikni oʻrtaga qoʻydi…

Xullas, kimdir besh ming, yana kimdir oʻn mingdan pulni tashlab boʻlgandan soʻng koʻngli taskin topgan Mamat qartalarni suzishga tushdi.

Nor esa, hamon bir narsani oʻylardi. Tezroq qaysidir qimorboz yutib, yutuqni “yuva” boshlasa-yu, Mamirni imlasa. Mana shu… Dasturxonning naq yarmini egallab turgan pullarni imi-jimida oʻmarib juftakni rostlasa…

— Bular kimlar? — kutilmaganda Xomitga yuzlanib soʻradi Mamat Nor va Mamirga ishora qilib. — Bular ham oʻynaydimi?

— E, bular shunchaki tomosha qilishga kelgan. Mening ukalarim.

— Sotib qoʻyishmaydimi ishqilib?

— Nega sotarkan? Bular ham oʻzimizdan. Faqat boshqa yoʻlminan pul topishadi…

— Shunaqami?.. Ha mayli, boshladim boʻlmasa!..

Qimor boshlandi. Qartasining yuz tomonini yashirib olgan qimorbozlar alang-jalang edi.

Xonada pashsha uchsa eshitilgudek sukunat.

Kimdir qartasiga boqib norozi bosh chayqab qoʻyadi. Kimdir bilinar-bilinmas jilmayib qoʻyadi.

Oradan oʻn besh daqiqalar vaqt oʻtib faqat Xomitning qoʻlida uchta, Mamatda bir donagina qarta qoldi.

Qimorbozlar hayron edi. Yutqazish nimaligini bilmaydigan uchar odam nahotki bu kecha oʻyinni boy bersa?..

Xomitning oʻzi boʻlsa, xotirjamgina bir muddat qartalarga tikilib oʻtirdi.

— E, bu oʻyin-da, akasi! — nihoyat oʻrtadagi jimlikni buzdi Mamat. — Bu gal yutqazgan boʻlsang, keyingi gal yutarsan. Shungayam qovoq-tumshuq qilib oʻtiradimi odam?..

— Kim yutqazibdi? — dast oʻrnidan qoʻzgʻalib tizzalab oldi Xomit. — Sen Mamat ja haddingdan oshaverma!.. Qani, qartangni koʻrsat-chi!.. Hm-m… Mana boʻlmasa!..

Dasturxon ustiga Xomitning qoʻlidan uchta tuz uchib tushdi.

Oʻtirganlar oh tortib yuborishdi.

— Meni yutadigani hali tugʻilmagan, Mamat! — hayqirdi Xomit va shosha-pisha oʻrtadagi pullarni siqimlab-siqimlab qora charm sumkasiga joyladi. — Men onamning qornidaligimdayoq boshlaganman qarta oʻynashni, uqdilaringmi? Qani, aroqdan quy endi!..

Bu Nor uchun kutilmagan vaziyat edi. U boshqa bir begona qimorbozning yutishini kutgandi.

Endi nima boʻladi? Bu yerga Xomitning oʻzi boshlab keldi-ku!.. Endi oʻzini tunab ketadimi?.. Qanday boʻlarkin?..

“Oʻzidan koʻrsin! — koʻnglidan oʻtkazdi u Mamirning biqiniga ohista turtib. — Shunday boyvachchaning kvartirasini tashlab bu yerlarga kelib oʻtiribman. Quruq ketamanmi endi. Xomit peshonasidan koʻraveradi…”

* * *

Hash-pash deguncha ichkilik boshlandi. Kimdir alamidan ichardi, kimdir shunchaki vaqt oʻtkazish uchun qadah urishtirardi. Xomit esa… Bu taxlit “bayram”larga koʻnikkani sababmi, odatiga koʻra katta piyolaga toʻldirib-toʻldirib aroq quyar, har koʻtarganda “Sharmanda qilmasin!” degan soʻzni albatta tilga olardi…

— Mamir, boʻl, sumkani qoʻlga ol!..

Qimorbozlarning aksariyati tarqagan. Xonada faqat Mamat xurrak otib uxlar, Xomit boʻlsa, tashqariga shamollab kelish bahonasida chiqib ketgandi.

— Tezroq quyon boʻlmasak kech boʻladi. — dedi shivirlab Nor. — Yurishidan pishib qolgandi Xomit. — Qani, derazadan oshib tushamiz…

Mamir itoatkorona sumka toʻla pullarni qoʻltigʻiga qisdi-da, Norning ortidan deraza oshib pastga sakradi.

Afsuski, ikki-uch metr narida Xomit ikki qoʻlini beliga tiragancha ularni kuzatib turardi.

— Voy ifloslar-ey!.. — asabiy shivirlab ikki oʻgʻriga yaqin keldi u. — Hali meni chuv tushirmoqchi boʻldilaringmi, meni-ya?..

— Buni peshona deb qoʻyibdi, brat! — boʻsh kelmadi Nor ham. — Yutishingizni oʻzingiz ham bilmagansiz, shundaymasmi?.. Ha-endi… Biz ham katta bir ishni tashlab orqangizdan kelganmiz…

— Mana senga, qanjiq!.. — bexosdan basharasiga kelib tushgan musht Norni yerga qulatdi. Uning orqasidan xuddi shu taxlit Mamir ham yer tishladi…

— Jon aka, urmang bizlarni, urmang!.. — baquvvat Xomitning oyoqlari ostida changga belanib yotgan ikki oʻgʻri baravariga yalinishardi. — Jon aka, tavba qildik!.. Tavba qildik!..

Xomit yana bir-ikki tepki bilan ularni siylagach, shoshilmasdan Mamirning yonida yotgan sumkani qoʻliga oldi.

— Endi bachchagʻarlar… Oʻzingga oʻzing qip qoʻyding ikkalangam!.. Ertadan boshlab avtobus bekati atrofida koʻrmay senlarni! U yerda mening jiyanim boʻladi ertadan. Mabodo koʻrib qolsam, naq boʻgʻizlab tashlayman!..

— Boʻpti, aka!.. Faqat… Qoʻyvorsangiz boʻldi!..

* * *

— Qimorboz bizni bopladi! — dedi ertasi kuni Nor Mamirga koʻkargan yuzlarini silay-silay. — Maraz baribir bir kun oladiganini oladi. Uni sogʻ qoʻymayman!..

— Keling, boshqa gapdan gaplashaylik! — norozi toʻngʻilladi Mamir. — Oʻshandan boʻlak tashvishimiz yoʻqmi?.. Anavi aytganingiz nima boʻladi endi?

— Qaysi? Ha-a, kvartirami? Vey, shu ishni bir yoqli qilish kerak. Bir dunyo pul boʻlishi aniq uyida. Oʻzim koʻrganman. Yolgʻiz ayol oʻgʻliminan yashaydi. Yoshiyam anchaga borib qolgan. Oʻgʻli qachon qarasa, Rossiyada yuradi. Oʻsha yoqlarda yurib “soqqa” qiladi deyishardi…

— Ishqilib, oʻgʻli kep qolmasmikan?

— Yoʻq. Yaqindagina joʻnab ketgan. Kampir ja begʻam xotin ekan. Pishillab uxlagani-uxlagan emish… Xullas, hammasini aniqlaganman…

— Boʻpti, aka, shu bugunoq kiramiz unda. Ha endi, bizam bir qaroqchilik qilsak qilibmiz-da-a, nima dedingiz?..

— Sen boʻshashmasang boʻldi.

— Menam anoyi emasman. Mana koʻrasiz, qotirib opchiqaman borini…

Ikkovlari shu kunni chekka-chekkada oʻtirib, pivo ichib kech qilishdi. Mamir ham uyiga bormadi. Munis aya qayerda mushtlashib yuzlari qashqa boʻlganini surishtiraverishidan bezor boʻlgan…

Xufton mahaligacha ikki oʻgʻri kayfini chogʻlab hiyla dadillashib oldi. Piyoladagi soʻnggi aroqni ichgandan soʻng birinchi boʻlib Nor oʻrnidan turdi.

— Qani, Xudo yoʻlimizni bersin, ketdik!..

Ular oʻmarishni moʻljallagan kvartira avtobus bekatidan ancha narida edi. To manzilgacha piyoda borishdi.

Nor zimdan kuzatib bildiki, bu uy atrofida mashina ham, odamlar ham siyrak. Ayniqsa, gohi-gohida kirib chiqayotganlarning aksariyati oʻrislar ekani unga juda maʼqul tushdi.

— Hov anavi birinchi qavatdagi koʻk pardali derazani koʻryapsanmi? — Mamirni turtdi u.

— Ha, koʻryapman.

— Baxtimizga derazani ochib qoʻyishibdi. Xuddi oʻsha derazadan oshasan. Avval yaxshilab kuzatib koʻr. Tagʻin ayni shu xonada kampir oʻtirgan boʻlib chiqmasin!

— Xotirjam boʻling! — dedi Mamir kaftlarini bir-biriga ishqalab. — Bugun koʻnglim sezib turibdi. Ishimiz oʻngidan keladi.

— Boʻpti, men shu atrofda boʻlaman. Agar biror xavfni sezsam, shu zahoti belgi beraman.

— Qanaqa belgi? Aytib qoʻying-da!..

— Uch marta baqaga oʻxshab vaqillasam, tez orqaga qaytasan.

— Yaxshi, men ketdim unda!..

* * *

Mamir yana bir bor atrofga nazar tashlab, yaqin orada hech kim yoʻqligiga amin boʻlgach, koʻrsatilgan deraza qarshisiga bordi. Derazani itarib koʻrsa, harqalay ochiq ekan.

«Voy kampir-ey, — koʻnglidan oʻtkazdi u tirjaygancha yuqoriga oyoq qoʻyarkan. — Shunchalik ham begʻam boʻladimi odam degan?!. Bir joyini kesib ketsayam baribir shekilli…

U bir urinishda ichkari xonaga tushdi. Jimjitlik. Lekin xonada karavotdan boʻlak hech vaqo koʻrinmadi.

Ohista yurib narigi xonaga oʻtdi.

— Voh, mana buni omad desa boʻladi!..

Mamir derazadan tushib turgan gʻira-shira yorugʻlikda roʻparadagi eshigi ochiq turgan temir sandiqni koʻrdi-yu, hovliqib ichkari eshigini ochdi. Ne koʻz bilan koʻrsinki, sandiq ichida dasta-dasta pullar qalashib yotardi…

Shosha-pisha pullarni qoʻyniga tiqdi-da, orqaga qaytmoqchi boʻldi.

— E, hech kim yoʻqqa oʻxshaydi. Tashqari eshikdan chiqib ketaversam-chi?!. — dedi beixtiyor oʻziga oʻzi va yoʻlakka qarab yurdi…

Shu tobda…

Kutilmagan hodisa roʻy berishi Mamirning yetti uxlab tushiga kirmagandi…

Kutilmaganda yoʻlakdagi chiroq yondi-yu, qarshisida bir paytlar maktabda dars bergan muallimasi Rahbaroy opa paydo boʻldi…

Muallima bosh eggancha tosh qotib qolgan Mamirga bir muddat bosh chayqay-chayqay tikilib turib, nihoyat soʻz qotdi.

— Mamirjon, haliyam oʻzgarmabsan-da-a?.. Esingdami, maktabdayam qachon qarasa birovlarning sumkasini kovlab kaltak yeganing yegan edi. Essiz umr, bolam, essiz umr!.. Bundan koʻra, biror yerga kirib ishlasang, halol mehnat qilib pul topsang boʻlmaydimi?.. Hozir mening oʻrnimda boshqasi boʻlganda nima boʻlardi, bilasanmi?..

Mamir beixtiyor muallimaning oyoqlari ostiga oʻzini tashladi. Chunki, bu ayol hozir militsiyaga xabar berib yuborishidan choʻchirdi. Shuning uchun yasama yalinish qilib muallimaning oyoqlariga bosh ura boshladi.

— Jon ustoz, meni kechiring!.. Bilmabman!.. Meni majbur qilishdi! Ikkinchi bu ishimni qaytarmayman! Kechiring!..

— Tur oʻrningdan! — Mamirni yelkasidan tutib turgʻazdi muallima. — Qaytib bunaqa ish qilmagin, bolam! Onang bechorani yaxshi taniyman. Yoʻqsa, oʻquvchim ekaninggayam qarab oʻtirmasdim…

— Rahmat sizga!.. — Mamir nomiga koʻzyosh qilib pullarni joyiga qoʻydi-da, qayta-qayta qulluq qilib jonholatda bu xonadonni tark etdi…

* * *

— E, aka, oʻzimizning ishga yetmas ekan! — ertasi kuni kechqurun avtobus bekatida uchrashishgach, noliy ketdi Mamir Norga. — Siz-da!.. Qayoqdagi boʻlmagʻur ishlarga yetaklab yuribsiz! Sal qoldi-ku quloqni ushlab ketvorishimga!..

— Namuncha gʻingshiyvermasang? — uni urishib tashladi Nor. — Birinchi kuni chuv tushishingmidi?

— Boʻpti, baribir oʻzimizning ishimizni qilaveraylik!.. Har holda bemalolroq.

— Unda… — Nor avtovokzal oxiridagi avtobus tomon ishora qildi. — Anavi avtobusni koʻryapsanmi?

— Ha, chirogʻi yoʻqqa oʻxshaydimi ichida?

— Xuddi oʻzi. Ana oʻshanga chiqib ish qilasan.

— Qayerniki ekan oʻzi?

— Adashmasam, Beshariqqa ketyapti-yov!..

— Ie, onam oʻsha yoqqa ketyapman degandi…

— Qarindoshlaring bormi deyman Beshariqda?

— Ha, xolalar bor.

— Nima farqi bor?.. Bor oʻsha avtobusga! Hozir joʻnaydi…

Mamir itoatkorona Nor koʻrsatgan tarafga yura ketdi…

Avtobus haqiqatan Beshariqniki ekan. Ichkarida odam liq toʻla edi. Arang eshikdan oʻtib oldi. Bunday toʻpolonda choʻntakkesarlar nima qilishni, qanday yoʻl tutishni yaxshi bilishadi…

— Il-ltimos-s!.. Oʻtkazvoringlar!.. Sal surilvoringlar!..

Yoʻlovchilarni qorongʻida turta-turta Mamir oʻrtaroqqa borib oldi. Shu bahonada bir-ikki qariyaning choʻntaklarini “tozalash”ga ham ulgurdi. Ammo bu kam edi. Qoʻli bilan paypaslab bildiki, olganlari arzimas pullar…

— Toʻxta, hov anavi qora roʻmol oʻragan kampirni tunasam-chi?..

Mamir uch-toʻrt yoʻlovchidan keyin teskari oʻgirilib turgan ayolni moʻljalga oldi. Egnidagi koʻylakka qaraganda, bu ayol ancha puldordek tuyulib ketdi.

Mamir yana oldindagilarni turtib oʻsha ayolga yaqin bordi.

“Oʻlja” hamon teskari qaragancha chayqalib borar, baʼzan yonidan sirgʻalib oʻtayotganlarga ham eʼtibor qilmasdi…

Mamir biroz oʻylanib turgach, barmoqlari orasidagi piskani qattiqroq qisdi-da, ayolning qoʻlidagi sumkaga ishqalay boshladi…

Shu tobda kutilmagan hodisa sodir boʻldi…

Ayol sezib turgan ekanmi, daʼfatan orqasiga burildi-yu, Mamirning piska tutgan bilagidan mahkam ushlab qoldi…

Buyam mayliydi…

Shoshib ayolning yuzlariga boqqan Mamir tosh qotib qoldi…

Roʻparasida Munis aya unga gʻazab bilan termulib turar, lablari soʻz aytishga chogʻlanibmi, yo asabiylashganidanmi, titrab-titrab qoʻyardi.

— Juvonmarg!.. — eshitilar-eshitilmas shivirladi Munis aya. — Onangni tunamoqchi boʻldingmi?.. Onangni-ya?.. Hali sen oʻgʻirlik qilib meni boqayotganmiding?.. Sen padar laʼnatini tugʻib koʻrgan oqibatim shu boʻldimi?.. Yoʻqol!.. Uyga qadamingni bosmagin!.. Senday bolam yoʻq mening!.. Agar qadam bosib uyga kirsang, oʻz qoʻllarimminan melisaga topshirvoraman seni!.. Yoʻqol dedim!..

Mamir oʻsha-oʻsha shaharda hech kimga qorasini koʻrsatmadi.

Ona-da, olti oymi, yetti oymi oʻtib tanigan-bilganlardan surishtirib koʻrgandi. Koʻrgan-bilganlar Mamir uzoq bir choʻlda traktor haydayotganini aytishdi…

Shu gaplarni eshitgandan keyingina Munis ayaning chehrasi yorishdi…

Hartugul oʻzboshimcha oʻgʻliga insof kiribdi.

Shunisiga ham shukr qildi.

Manba: hordiq.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Kissavur… (Voqea real hayotdan olingan)