21:24 / 11.09.2018
5 653

Karimov fondi nega xalqaro koalitsiyaga Qarshi-Xonobod aerodromi taqdim etilganini maʼlum qildi (foto)

Karimov fondi nega xalqaro koalitsiyaga Qarshi-Xonobod aerodromi taqdim etilganini maʼlum qildi (foto)
Bundan 17 yil avval, 2001 yil 11 sentyabr kuni AQSHda 3000ga yaqin inson hayotiga zomin boʻlgan fojia – tarixdagi eng mudhish terrorchilik hujumi roʻy berdi, deb yozmoqda Islom Karimov fondi Facebookʻdagi sahifasida.

Xudkush qoʻporuvchilar toʻdasi toʻrtta yoʻlovchi samolyotini garovga oldi, ularning ikkitasi Nyu-Yorkdagi Jahon savdo markazi joylashgan 110 qavatli egizak binolarga borib urildi, uchinchi samolyot AQSH Mudofaa vazirligining Vashingtondagi binosiga, toʻrtinchisi esa Pittsburg shahridan 80 mil nariga quladi.

Ushbu dahshatli voqea, taʼbir joiz boʻlsa, dunyoni ostin-ustun qilib yubordi.

Xalqaro koalitsiya kuchlari tomonidan Afgʻonistonda aksilterror operatsiyalarini muvaffaqiyatli amalga oshirishda esa Oʻzbekiston Prezidenti Islom Karimovning qoʻllab-quvvatlashi muhim rol oʻynadi. Darhaqiqat, Islom Karimovning pozitsiyasi muhim ahamiyat kasb etdi. 1989 yili Afgʻonistondan sovet qoʻshinlari chiqib ketgach, Oʻzbekiston ushbu mamlakatdan yoyilayotgan tahdidlarga qarshi yolgʻiz oʻzi kurashishga majbur boʻlganini inobatga olish kerak.

“1997 yili toliblar Oʻzbekiston sarhadlariga yaqin kelib, mamlakatning chegara shahri – Termizning aholi yashash mavzelariga raketa otib, ochiq-oshkora tahdid solgan paytda ham yosh davlatimizga chegarani mustahkamlash va mudofaa qobiliyatini oshirish borasida hech kim amaliy yordam koʻrsatmagan.

Taʼkidlash joizki, oʻsha kezlar Afgʻoniston Markaziy Osiyo davlatlaridagi dunyoviy tuzumlarni agʻdarib, diniy fundamentalizm tamoyillariga asoslangan boshqaruvni oʻrnatishga harakat qilgan radikal kayfiyatdagi jangarilar tayyorgarlikdan oʻtadigan asosiy markazlardan biri edi. Mazkur kuchlar Oʻzbekistonda terrorchilik aktlarini sodir etgan, qoʻshni Tojikistondagi fuqarolar urushida ham qatnashgan edi. Bu jihatdan, 1990-yillarda Tolibon rejimiga qarshi tura oladigan asosiy kuch sanalgan “Shimoliy alyans” tor-mor etilgach, mutaassib jangarilar vaqt oʻtishi bilan Markaziy Osiyo davlatlari, jumladan, Oʻzbekistonda faol harakat boshlashi kundek ravshan edi”, - deb yozadi I.Karimov fondi.

Bularning barini hisobga olgan Islom Karimov “kimning qoʻli baland kelarkan” deya tomoshabin boʻlib turmadi, bilʼaks, qoʻshni mamlakatdagi terrorchilar oʻchogʻiga aylangan barcha lagerlarni yopishga vaʼda bergan xalqaro koalitsiya kuchlariga baholi qudrat yordam koʻrsatdi.

Foto: Facebook /IslamKarimovFoundation
2001 yil 30 sentyabr va 5 oktyabr kunlari AQSH Qurolli kuchlari Markaziy qoʻmondonligi qoʻmondoni Tommi Frenks hamda AQSH Mudofaa vaziri Donald Ramsfeld Toshkentga kelib, prezident Islom Karimov bilan uchrashdilar.

Foto: Facebook /IslamKarimovFoundation

Foto: Facebook /IslamKarimovFoundation

“Erishilgan kelishuvga koʻra, Oʻzbekiston janubidagi Qarshi-Xonobod aerodromi AQSH boshchiligidagi xalqaro koalitsiyaga aksilterror operatsiya oʻtkaziladigan muddatga berildi. Aerodrom orqali Afgʻoniston aholisiga gumanitar yordam koʻrsatish, qoʻshinning front orti taʼminoti, shuningdek, qidirish hamda qutqarish operatsiyalari kabi chora-tadbirlar amalga oshirilishi koʻzda tutilgan edi”, - deyiladi fond xabarida.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Karimov fondi nega xalqaro koalitsiyaga Qarshi-Xonobod aerodromi taqdim etilganini maʼlum qildi (foto)