08:31 / 12.09.2018
4 117

“Jinoyatga aloqador emas”. Imom ishida prokuror soʻnggi soʻzni aytdi

“Jinoyatga aloqador emas”. Imom ishida prokuror soʻnggi soʻzni aytdi
11 sentyabr kuni Jinoyat ishlari boʻyicha Toshkent shahar sudi kassatsiya instansiyasida prokuror M.Hayitov xorazmlik imom Hikmatulla Yusupov hech qanday jinoyat ishi doirasida aybli emasligini taʼkidladi. Bu haqda Kun.uz nashri xabar bermoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi imom Hikmatulla qori Yusupov ishi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudiga protest keltirib, mahkumning turmush oʻrtogʻi M.Rahmatullayevaning murojaatini qanoatlantirgandi. Shunday soʻng, joriy yilning 14 avgust kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi mazkur ishni keltirilgan protestga koʻra qayta koʻrib chiqishi maʼlum boʻldi.Biroq, oʻsha kuni “maʼruzachi sudya Moʻminov xizmat safariga ketgan”i sababidan sud ishi nomaʼlum muddatga qoldirildi. Oradan ikki kun oʻtishi bilan Oliy sud Hikmatulla qori Yusupovga nisbatan boʻlgan jinoyat ishini nazorat bosqichida koʻrib chiqdi.

Sudda ishtirok etgan prokuror Bosh prokuratura protestini quvvatlab, sud Hikmatulla Yusupovga nisbatan ayblov hukmi chiqarishda JPKning 22,463-moddalari talablariga rioya qilmaganligi, uni ayblash tergov hibsxonasida bergan ayrim sudlanuvchilarning koʻrsatuvlari asos qilib olingani hamda jinoyat ishida Yusupovning aybini tasdiqlovchi boshqa biror bir dalil mavjud emasligi va boshqa vajlarga koʻra ajrimni bekor qilib, ishni yangidan koʻrib chiqish uchun kassatsiya instansiyasiga yuborishni soʻragandi.

Oliy sudning jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼati protestni qanoatlantirib, kassatsiya bosqichida imom Hikmatulla Yusupovning ishtiroki albatta taʼminlangan holda koʻrilishini maʼlum qilib, jinoyat ishlari boʻyicha Toshkent shahar sudi kassatsiya instansiyasining 14.02.2017 yildagi ajrimini bekor qildi.

11 sentyabr kuni jinoyat ishi Jinoyat ishlari boʻyicha Toshkent shahar sudi kassatsiya instansiyasida raislik etuvchi B.Alimov, sudyalar Z.Nurmatov va I.Turgunovalardan iborat tarkibda koʻrib chiqildi. Unda prokuror M.Hayitov fikri tinglandi. Undan soʻng, advokatlar Abdumalik Abdullayev va Xurshed Rustamov prokurorni qoʻllab-quvvatlab, Yusupovning sodir etilgan jinoyatlarga aloqador emasligini taʼkidladi. Yusupov kassatsiya instansiyasida shaxsan ishtirok etib, prokuror va advokatlarning fikrlariga munosabat bildirdi.

“Bismillahir rohmanir rohiym. Assalomu alaykum, hurmatli sudya, prokuror va sud ishtirokchilari! Uzoqdan tashrif buyurib, adolat tantana qilishini kutayotgan qarindosh, doʻstlar, barchangizga tashakkur. Odil va oqilona siyosat yuritayotgan Yurtboshi bilan siylagan Allohga hamdlar boʻlsin. Men aytilayotgan jinoyatlarga aloqador emasman, buni avval ham aytganman, yana takrorlayman. Prokuratura xodimlari ishni sinchkovlik bilan oʻrganib chiqib, xulosani oʻqib eshittirdi. Men prokuror va advokatlarning soʻzlarini tingladim, ularni qoʻllab-quvvatlayman”, deydi Yusupov.

Eslatib oʻtamiz, 1993 yildan buyon Oʻzbekiston Musulmonlari idorasi tasarrufidagi madrasa va masjidlarda ishlab kelgan Hikmatulla Yusupov Xorazm viloyati MXX xodimlari tazyiqi ostida mudhish jinoyatlarda ayblangandi. Xorazm viloyati MXXning diniy masalalar boʻyicha “kuratori” Mahmud Ermetov va Hikmatulla qori oʻrtasidagi ziddiyat, Yusupovning qamalishi bilan yakunlandi.

Masjid imomi vazifasida ishlab kelgan Hikmatulla qori goʻyoki, ayol kishiga shilqimlik qilgani uchun MJtKning 183-moddasida (mayda bezorilik) nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgani uchun 2015 yil 21 aprel kuni 15 sutka, 6 may kuni Jinoyat ishlari boʻyicha Urganch tuman sudining sudyasi Hayitboyev qarori bilan yana 15 sutka qamoq jazosini oʻtashga majbur boʻlgan. Shundan soʻng, u Jinoyat kodeksida nazarda tutilgan ogʻir jinoyatlarni sodir etganlikda ayblangan va 13 yilga qamoqqa “tashlandi”. Keyinchalik, Xorazm viloyati Harbiy prokuraturasi 13 yillik qamoq jazosi ortida MXXning ayrim xodimlari turganini aniqladi. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi esa imom ishi doirasida barcha sud qarorlarini bekor qilinishini soʻrab, Oliy sudga protest kiritdi.

Shu paytgacha, imomning turmush oʻrtogʻi adolat qidirib, 97ta murojaat xati yozgan, jumladan Senat raisiga 3ta, Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga 3ta, Oliy sud raisiga 2ta, Inson huquqlari boʻyicha vakilga 3ta, Oʻzbekiston Musulmonlari idorasi raisi, muftiyga 2ta, Toshkent shahar prokuroriga 4ta xat yuborilgan. Hikmatulla qori uzoq yillar Oʻzbekiston Musulmonlari idorasida toʻgʻri va halol ishlagan boʻlishiga qaramay, sud ishlarida idoraning hech qanday rasmiy vakili ishtirok etmayapti. Sudya Alimov 12 sentyabr kuni mahkum Yusupovga mazkur ish doirasida soʻnggi soʻz taqdim etishini maʼlum qildi va ishni 1 kunga qoldirdi.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » “Jinoyatga aloqador emas”. Imom ishida prokuror soʻnggi soʻzni aytdi