16:01 / 12.09.2018
4 939

Poraxoʻr hokimlarni bogʻlab turgan omillar nima edi?

Poraxoʻr hokimlarni bogʻlab turgan omillar nima edi?
Toshkent shahrining Yunusobod tumani hokimi Baxtiyor Abdusamatov yirik miqdorda - 400 ming AQSH dollarini pora tariqasida olayotgan vaqtida ushlandi. Bu sizga boshqa holatni ham eslatyaptimi? Samarqandda viloyati hokimi lavozimida ishlagan Turob Joʻrayev katta miqdordagi korrupsiya mojarosiga aralashib qolgandi. Keyinchalik, u ishdan olindi, Senat Kengashi Joʻrayevni daxlsizlik huquqidan mahrum qildi.

Avvallari Oʻzbekistonda yuqori mansabdor shaxsning korrupsiyada ayblanib, jinoiy javobgarlikka tortilgani kam kuzatilgan. Balki ular boʻlgandir, lekin jamoatchilikka maʼlum qilinmagan. Shunga qaramay 2017-2018 yillarga moʻljallangan Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha Davlat dasturi amalda oʻz natijasini beryapti, buning isbotini esa matbuotda koʻryapmiz.

International Financial Corporation hamda Jahon Banki 2013 yil taqdim etgan ijtimoiy soʻrovnoma natijalariga koʻra, 16 foiz aholi u yoki bu hujjatlarni rasmiylashtirishda, ayrim turdagi faoliyatni litsenziyalash uchun vakolatli shaxslarga pora berishini tan olgan. 2017 yilda esa oʻzbekistonliklarning 57 foizi mamlakatda korrupsiya bor, deb hisoblagan.

Ular adashmagan, joriy yilning 24 fevral kuni Oʻzbekiston Respublikasining sobiq Bosh prokurori Rashidjon Qodirov Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksi 221-moddasi tartibida ushlangani haqida xabar bergandi. Qodirovga nisbatan “Tovlamachilik”, “Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiisteʼmol qilish”, “Pora olish” moddalari boʻyicha jinoyat ishi ochilgan. U Bosh prokuraturani 15 yil davomida boshqargan va 2015 yil aprel oyida ishdan boʻshatilgan. Qodirov ishi doirasida jami 24 shaxsga nisbatan ayblov eʼlon qilingan va ulardan 21 nafari hibsga olingan.

Demak, poraxoʻrlik “yuqorida” mavjud va uning tomiri chuqur ildiz otganki, haligacha poraxoʻrlarning qoʻlga olinganidan xabar topmoqdamiz. Eʼtiborli jihati shundaki, korrupsiyada ayblangan har ikki hokim ham investorga yer-maydon ajratib berishni vaʼda qilib, pul olgan. Turob Joʻrayev ham, Baxtiyor Abdusamatov tansiq yerlarni pullash orqali, moʻmay daromadga erishishni oʻylagandi. Bundan kelib chiqadiki, Oʻzbekistonda yer va mulk huquqi juda chalkash, yerga egalik qilish qiyin, uni saqlab qolish esa undan ham murakkab vazifaga aylanadi.

Masalan, Qorakoʻl tumanida “Doʻrmon omad nuri” koʻp tarmoqli fermer xoʻjaligiga qarashli yer noqonuniy yoʻl bilan olib qoʻyildi. Ishtixonda esa prokuratura aralashuvi bilan fermerning haqiga chang solganlar javobgarlikka tortildi. Ammo, I guruh nogironi Feruza Qoʻldosheva samarali mehnati uchun “Shuhrat” medali bilan mukofotlanishiga qaramay, tikuvchilik ustaxonasidan ayrildi. Eʼtibor qilsangiz, “dod-voy” qilganlarning koʻpchiligi mol-mulkidan, aniqrogʻi yerdan ajrab qolgan yoxud oʻsha yer uchun kompensatsiya toʻlab berilmagan. Boʻshab turgan yer esa ayrim hokimlarning moʻmay daromad topishi uchun oson yoʻl.

Nima qilmoq kerak? Yer-maydonni tadbirkorlarga ajratib berish masalasini tartibga solish, uni soddalashtirish kerakmi? Shu oʻylar bilan yangiliklarni koʻzdan kechirarkanman, Oʻzbekiston Prezidentining “Hududlarda tadbirkorlik tashabbuslari va loyihalarini jadal amalga oshirishni tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilingani eʼtiborni tortdi. Unda aytilishicha, 10 kunda kamida bir marta joylardagi davlat organlari va tashkilotlari darajasida hal qilinmagan muammoli masalalarni koʻrib chiqish hamda tadbirkorlikni rivojlantirishga, tadbirkorlik tashabbuslari va loyihalarini amalga oshirishga toʻsqinlik qilayotgan mavjud byurokratik toʻsiq va gʻovlarni bartaraf etish komissiyaning asosiy vazifasi etib belgilandi.

Boʻsh turgan davlat mulki obyektlari va yer uchastkalarini oʻrganish va aniqlash ham asosiy vazifalardan biri boʻldi. Ammo, “ishbilarmon” hokimlar qarordan oʻz manfaati yoʻlida foydalanish imkoniyatini qidirib topmaydimi? Bu hali dargumon. Asosiy gap shuki, boʻsh turgan yer uchastkalarini tadbirkorga berish, shaxsiy mol-mulkni himoya qilish, buzilishi belgilangan obyektlarga faqat qonunda belgilangani kabi munosabatda boʻlish talab etilishi lozim. Agar ayni mexanizmni soddalashtirib, elektron jadval ishga tushmas ekan, “qoʻlga tushgan” hokimlarning safi kengayishi, “ishni bilganlar”i esa mablagʻni choʻntakka uraverishi mumkin.
Alisher Roʻzioxunov

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Poraxoʻr hokimlarni bogʻlab turgan omillar nima edi?