19:57 / 16.09.2018
8 211

Oʻzbekistonda “buxanka” non narxi noyabrda yana oshishi mumkin

Oʻzbekistonda “buxanka” non narxi noyabrda yana oshishi mumkin
Oʻzbekistonda 15 sentyabrdan qolipli non - “buxanka”ning narxi koʻtarildi. 2014 yil kuzidan buyon narxi 650 soʻm boʻlib kelgan non endi respublika boʻylab 650 soʻmdan 1200 soʻmgacha boʻlgan narxlarda sotilmoqda.

“Xalq soʻzi Onlayn” nashri isteʼmoldagi eng muhim oziq-ovqat mahsuloti narxining keskin koʻtarilishi boʻyicha savollarga javob olish uchun Toshkent shahri aholisiga non va non mahsulotlari yetkazib berishga qaratilgan “Toshkentnon” ishlab chiqaruvchilar uyushmasiga murojaat qilgan.

“Hozirgi paytda uyushmamiz tomonidan kuniga oʻrtacha 500—550 tonna non va non mahsulotlari ishlab chiqarilib, aholi dasturxoniga yetkazib berilmoqda. Non narxining koʻtarilishi esa, avvalo, ishlab chiqarish tannarxiga bogʻliq. Chunki shu kunga qadar birinchi navli unning 1 kilogrammini 930 soʻmdan sotib olardik. Shuning hisobiga bitta qolipli non ishlab chiqarib, to u savdo doʻkoniga yetkazib berilguniga qadar tannarxi 591 soʻmga toʻgʻri kelardi. Ayni paytda bu koʻrsatkich oʻrtacha 1000 soʻmni tashkil etmoqda. Sababi, unning bahosi ham koʻtarilib, 1 kilogrammini 1400 soʻmdan xarid qilyapmiz. Bu Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 13 sentyabrdagi 731-sonli qarori bilan belgilangan boʻlib, narx-navo joriy yilning noyabridan yana oshishi mumkin”, — deydi “Toshkentnon” uyushmasi bosh hisobchisi Ruslan Musretov.

Vazirlar Mahkamasining “Mamlakatimiz aholisini va iqtisodiyot tarmoqlarini raqobat va bozor mexanizmlarini joriy etish asosida don, un va non bilan ishonchli taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, 2018 yil 15 sentyabrdan boshlab 1 kilogramm bugʻdoy unining ulgurji narxi 1400 soʻm miqdorida belgilangan. Ushbu hujjatda mazkur narxni 1 noyabrgacha bekor qilish ham koʻzda tutilgan. Negaki, endilikda qolipli non talab va taklif asosida shakllantiriladigan erkin bozor narxi boʻyicha sotiladi.

Bu jarayonda aholining ijtimoiy himoya qilish, ayniqsa, nogiron, boquvchisini yoʻqotgan, kam taʼminlangan oilalarning un va qolipli non xarid qilish boʻyicha qoʻshimcha xarajatlarini qoplash uchun eng kam oylik ish haqining 10 foizi (15 sentyabr holatiga koʻra — 18,4 ming soʻm) miqdorida har oylik pul kompensatsiyasi toʻlanadi. Bu yangilik amaliyotga shu yilning 1 oktyabridan joriy etiladi.

Bundan tashqari, qarorda 14 yoshgacha farzandlari boʻlgan oilalarga bolalar sonidan kelib chiqqan holda, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari tomonidan belgilangan nafaqa toʻlanishi ham oʻz aksini topgan. Eng asosiysi, bozorda don va un narxlari keskin oʻzgarishining oldini olish boʻyicha aniq vazifalar belgilanib, zarurat tugʻilganda davlat zaxirasidan don chiqarilishi bogʻliq chora-tadbirlari koʻrilishi koʻzda tutilgan.

Ayrimlar narx-navoni joriy mavsumda gʻalla hosili moʻljaldagidan kam boʻlgani oqibati bilan bogʻlamoqda. Bu qanchalik haqiqatga yaqin? Ushbu savolga javob olish uchun “Xalq soʻzi Onlayn” muxbirlari “Oʻzdonmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi mutasaddilariga murojaat qilgan.

“Bu kabi gap-soʻzlar asossiz. Chunki kompaniyamiz tizimidagi korxonalarda oʻtgan yildagidan kam boʻlmagan miqdorda bugʻdoy qabul qilindi. Ular sifatli saqlanib, peshma-pesh qayta ishlanmoqda. Mamlakatimiz aholisi ehtiyojiga yarasha bugʻdoy jamgʻarilgan. Un yetkazib berishda uzilishlar roʻy bermaydi”, deydi Don va urugʻlik tayyorlash va saqlashni tashkil etish boshqarmasi mutaxassisi Akrom Ismoilov.

“Donni qayta ishlovchilar, non tayyorlash korxonalari ishchilari bilan suhbatlashar ekanmiz, ular unning narxi oxirgi marta 2014 yilda oshgani taʼkidlashmoqda. Oradan toʻrt yil oʻtib, bitta non bahosining bir litr gazlangan suv narxiga yaqinlashganini «normal holat” deya qabul qilishayotir. Yana ular amaliyotga erkin bozor narxi qoʻllanilishini ishlab chiqarish korxonalarning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, shuningdek, ishchi-xizmatchilarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish borasidagi muhim qadam, deya baholashyapti», — deyiladi xabarda.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Oʻzbekistonda “buxanka” non narxi noyabrda yana oshishi mumkin