09:30 / 17.09.2018
7 728

Yaxshilik va yomonlik elchilari

Yaxshilik va yomonlik elchilari
Yakka oʻzingiz safarga chiqdingiz va oldingizda ikki yoʻl paydo boʻldi. Biri qiyin, toqqa koʻtarilgan yoʻl boʻlsa, boshqasi oson, kenglikka yastangan yoʻldir. Birinchisining boshida hukumat osib qoʻygan koʻrsatkichda: “Bu yoʻlning boshi oʻnqir-choʻnqir, toshloq, tikan-butali, yurish ogʻir, siljish qiyin boʻlsada katta shaharga olib boradigan, koʻzlangan maqsadga yetkazadigan eng toʻgʻridir”, deb yozib qoʻyilgan. Ikkinchisi esa ravon, mevali va gulli daraxtlar soya tashlab turgan, chetlari koʻngilni hushlaydigan, koʻzni quvnatadigan qahvaxona, oʻyinxonalarga toʻla. Lekin uning lavhasiga: “Bu yoʻl xatarli va tahlikali, oxiri muhaqqaq oʻlim va aniq halokatdir”, deb yozib qoʻyilgan.

Shunda siz qaysi yoʻldan yurasiz?

Shubhasiz, nafs qiyiniga emas osoniga, alamlisiga emas lazzatlisiga moyil boʻladi. U erkinlikli sevadi, cheklovni yoqtirmaydi. Bu – Alloh nafsni uning ustida yaratgan fitratdir. Agar insonni nafs va havosiga qoldirilsa, unga boʻysinsa ikkinchi yoʻlni tanlaydi. Lekin bu holda aql aralashib, ortida benihoya alami bor qisqa va hozir mavjud lazzat bilan nihoyasida boqiy rohat boʻlgan muvaqqat va qisqa qiyinchilik oʻrtasini mezonga qoʻyadi va birinchi yoʻlni ortiq biladi.

Bu – jannat yoʻli va doʻzax yoʻlining misoli.

Doʻzax yoʻli rohat, farogʻatli. Unga nafs moyil, havo undagan. Unda jamol va goʻzalliklariga nazar solish, shahvat va uning lazzatlariga istijobat bor. Unda molni turli yoʻllar bilan qoʻlga kiritiladi va u margʻub, ham mahbub. Erkin va ozodlik unda, nafs esa hurriyat va erkinlikni sevadi, cheklashlardan qochadi.

Jannat yoʻlida mashaqqat va qiyinchiliklar bor. Cheklov va chegaralar ham, nafsga qarshi borish va havoni sindirish ham unda. Lekin bu yoʻldagi muvaqqat mashaqqatning oqibati oxiratdagi doimiy rohatdir. Doʻzax yoʻlidagi bir zumli lazzatning samarasi esa, jahannamdagi davomli alamdir. Misol aytaman, imtihon tunlaridagi talaba televizor qarshisida mukka tushgan oila aʼzolarini surur va rohatda qoldirib, kitob va daftarlari bilan yakka oʻzi qolgan paytda qattiq ogʻrinadi, alamlanadi. Bu alam ortidan esa u muvaffaqiyat lazzatini totadi. Yoki xasta inson isitma ogʻrigʻi ustiga bir necha kun totli taomlar mahrumligiga ham sabr qiladi. Shu sabab bundan keyin sogʻlik saodatini qoʻlga kiritadi.

Alloh oldimizga ikki yoʻlni qoʻygan. Va bizga ularning oʻrtasini ajrata bilish malakasini bergan. Bu bilan yaxshilikni yomonlikdan farqlaymiz. Xoh olim boʻlsin, xoh johil, xoh kattayu, xoh kichik, hamma agar yaxshi ish qilsa koʻngli rohatlanadi. Yomon ish qilib qoʻysa bezovtalanadi. Balki bu malaka hatto hayvonda ham mavjud. Masalan, mushukka bir boʻlak goʻsht otsangiz oldingizda uni shoshmasdan, xotirjam holda tanovul qiladi. Agar uni oʻgʻirlab ketsa sizdan uzoqda, shoshilgancha yeydi. Taʼqib qilib, olib qoʻymasligingiz uchun koʻzi sizda boʻladi. Buning maʼnosi, birinchi luqma uning haqqi ekanini, ikkinchisini esa nohaq qoʻlga kiritganini u idrok qildi, degani emasmi?

Bu haq bilan botil oʻrtasini, halol bilan harom oʻrtasini farqlash emasmi?

It agar yaxshi ish qilsa egasiga yaltoqlanadi. Goʻyo undan mukofot kutayotgandek. Ammo bir gunoh ish qilib qoʻysa dumini qisib, uzoqqa borib oladi. Goʻyoki uzrini izhor qilayotgandek yoki jazolanishni kutayotgandek.

Alloh taoloning “Balad” surasi, 12-oyatida “ Va Biz uni ikki balandlikka yoʻllab qoʻydik!”, deganining taʼvili mana shudir.

Alloh taolo jannat yoʻli boshiga unga chaqiradigan, unga yoʻllaydigan chaqiruvchilar – paygʻambarlarni qoʻyib qoʻygan. Shuningdek doʻzax yoʻliga unga chaqiradigan, unga targʻib etadigan chaqiruvchilar – shaytonlarni qoʻyib qoʻygan. Va ulamolarni paygʻambarlar merosxoʻri qilgan. Muhammad qizi Fotima, dadasidan mol yoki uy meros olmagan. Ulamolar ham Muhammad (s.a.v.)dan ushbu daʼvatni meros olishgan. Kim uni oʻz oʻrnida qoyim qilgan boʻlsa ushbu meros sharafiga haqli boʻladi.

Bu daʼvat juda qiyin. Chunki bashariyat nafsi hurriyatga moyil qilib yaralgan. Din esa uni cheklaydi. Nafs lazzat ortidan chopishga moyil xalq qilingan. Din esa uni tutib qoladi. Kim uni fisq va isyonga chaqirsa tabiatiga muvofiq keladi. U bilan birga ariqda suv oqqandek ravon yuradi.

Yomon oʻrtoq senga: “Bir joyda chiroyli qiz bor, yalangʻoch raqsga tushadi”, deydi. Nafsing unga moyil boʻladi. Havoying unga talpinadi. Minglarcha shayton seni unga sudraydi. Uning eshigi oldiga kelib qolganingni oʻzing sezmay qolasan. Oldingga bir nasihatgoʻy kelib, undan seni qaytaradigan boʻlsa, bunga koʻnishing, nafsing maylini va qalbing havosini sindirishing qiyin boʻladi.

Yomonlik elchilari qiynalishmaydi, kuch sarflashmaydi. Lekin mashaqqat va kuch sarflash esa yaxshilik elchisi, nasihatgoʻygadir. Yomonlik elchisining qoʻlida nafs mayl etadigan hamma narsa; ochiq avratlar, muharram shahvoniyat, koʻz va quloq rohatlanadigan barcha narsalar hamda, qalb va jasad lazzatlari bor. Yaxshilik elchisida esa faqatgina manʼ etish bor.

Masalan ochiq-sochiq yurgan qizni koʻrganda uning chiroyiga mahliyo boʻlib, unga mayl etasan. Yaxshilik elchisi esa: “Koʻzingni olib qoch, unga qarama”, deydi. Tojir ribodan oson foyda koʻradi. Qiynalmaydi. Aziyat chekmaydi. Nafs unga intiladi. U esa senga: “Qoʻy uni. Tashla. Qoʻlingni endi hech qachon unga choʻzma!”, deydi. Amaldor sherigining bir daqiqada uning bir oylik maoshiga teng keladigan pora olganini koʻradi va undagi farovonlikni va ehtiyojlarini qanday qondirayotganini tasavvur qiladi. Shunda yaxshilik elchisi unga ham: “Sen uni olma va quloq solma”, deydi. Ularning barchasiga deydi: “Kelajak, koʻzimizga koʻrinmas lazzatlarga erishish uchun bu mavjud va muhaqqaq lazzatlarni tark qiling. Hozir koʻrmayotgan bilmayotgan narsalaringiz uchun koʻrib turgan va bilgan narsalaringizni tashlang. Nafs mayllari va qalb havolariga qarshi kurashing!”.

Bularning bari nafsga ogʻirdir. Dinni ogʻirlik bilan sifatlanganini inkor qilmang. Chunki bunday deb Alloh Oʻzi Qurʼonda sifatlagan: “Zero, Biz sizga ogʻir Soʻzni – Qurʼonni tushirajakmiz”. (“Muzzammil surasi”, 5-oyat). Har qanday oliyjanoblik nafsga ogʻirdir. Talabaning televizorni tashlab darsga oʻtirishi ogʻir. Olimning istirohatni tark etib oʻqish va oʻqitish bilan shugʻullanishi ogʻir. Uxlab yotganning issiq toʻshakni tashlab bomdod namoziga turishi ogʻir. Erning xotini va bola-chaqasini tashlab safarga ketishi ogʻir.

Shuning uchun ham solihlardan tolihlarning, toʻgʻri yoʻlda yurgan zokirlardan zalolatda adashgan gʻofillarning koʻpligini koʻramiz. Shuning uchun ham tafakkur va dalilsiz koʻpchilik ortidan ergashish aksar zalolatga olib borganiga guvohmiz. “Yer yuzidagi kimsalarning juda koʻplariga itoat qiladigan boʻlsangiz, sizni Allohning yoʻlidan ozdirurlar”. (“Anʼom surasi”, 116-oyat) Agar ozlik va nodirlik, oliylik va qadr belgisi boʻlmaganda, olmos nodir hisoblanib, koʻmir esa koʻp va serob boʻlmasdi. Daholar, isteʼdodlar va yorqin shaxsiyatlar esa odamlarning kamchiligini tashkil qilmasdi.

Albatta paygʻambarlar va ularning merosxoʻrlari boʻlgan solih olimlar jannat yoʻliga chaqiruvchi kishilardir. Shaytonlar va odamlarning buzgʻunchi fosidlari esa doʻzax yoʻliga chaqiruvchi kimsalardir. Bizda, bizning ichimizda ularning ham, bularning ham yordamchilari bordir. Ichimizda paygʻambarlarga tarafkashlar va shaytonlarga tarafkash toifa – yomonlikka buyuruvchi nafs bor.
Shayx Ali TANTOVIYning “Islom diniga umumiy taʼrif” kitobidan

Manba: Azon.uz

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Yaxshilik va yomonlik elchilari