23:04 / 17.09.2018
5 331

Mirjalol Qosimov 48 yoshda - U hayotidagi eng muhim golni urolmadi, ammo baribir jahon chempioni boʻldi (foto)

Mirjalol Qosimov 48 yoshda - U hayotidagi eng muhim golni urolmadi, ammo baribir jahon chempioni boʻldi (foto)
Oʻzbek futbolining tirik afsonasi Mirjalol Qosimov bugun 48 yoshni nishonlamoqda. U haqda juda koʻp maqolalar chop etilgan, telekoʻrsatuvlar efirga chiqqan, hatto kitob yozilgan. Uning futboldagi har bir qadamini muxlislar sinchiklab kuzatib kelishgan. Ammo, faoliyatidagi bir voqeani koʻpchilik bilmasa kerak.

1987 yil 25 iyul kuni Kanadaning Toronto shahrida oʻsmirlar oʻrtasidagi jahon chempionati finali boʻlib oʻtdi. Unda Nigeriya va SSSR terma jamoalari bahs olib borishdi. 17 yoshli Mirjalol Qosimov bu oʻyinda ishtirok etib, juda muhim vaziyatda darvozani ishgʻol etolmadi. Futbolchi bu haqda Axbor Imomxoʻjayevning “Oʻzbegimning Mirjaloli” kitobida gapirib berdi.

«Oʻyin boshlanishi bilan raqib hujumga oʻtdi. Ular toʻpni nazorat qilishga asosiy eʼtiborni qaratdilar. Biz esa qarshi hujumda harakat qila boshladik. Shunday hujumlarning birida tezkor gol urdik. 6-daqiqada Yuriy Nikiforov Nigeriya darvozasini ishgʻol etdi.

Ammo, quvonchimiz uzoqqa choʻzilmadi. Oradan besh daqiqa oʻtgach, Fetu yaqin masofadan darvozamizga gol urdi - 1:1.

Ikkinchi boʻlimda tashabbus biz tomonda boʻldi. Ammo shu kuni barcha himoyada xato qilmaslikka harakat qildi. Natijada, oʻyinda hisob oʻzgarmay, penaltilar seriyasigacha yetib bordi.

Penaltilar seriyasini biz boshlab berdik. Bejenar ilk zarbani golga aylantirdi - 1:0. Nigeriyalik futbolchining zarbasini darvozabonimiz Okroshidze qaytara oldi. Matveyev hisobni 2:0 koʻrinishiga keltirdi. Eke gol urib, farqni qisqartirdi - 2:1.

Toʻp tepish navbati menga keldi. Darvozabonni chalgʻitishga harakat qildim, ammo tepgan toʻpim darvoza ustuni yonidan oʻtib ketsa boʻladimi... Vaholanki, aniq yoʻllaganimda, darvozabon uni ushlab qololmasdi, chunki, boshqa burchakka sakragan edi...

Shundan soʻng, nigeriyalik futbolchi ham penaltida adashdi. Nikiforov esa sovuqqonlik bilan gol urib, gʻalabamizni taʼminladi» - deb Mirjalol Qosimov soʻzlarini keltirmoqda Axbor Imomxoʻjayev.

Penaltilar seriyasida 3:1 hisobida gʻalaba qozongan SSSR terma jamoasi jahon chempioni boʻldi. Mirjalol Qosimov taqdirlash marosimida jahon kubogini boshi uzra koʻtardi.

Mirjalol Qosimov jahon chempionatida gʻalaba qozongan oʻzbek futboli tarixidagi yagona oʻyinchidir. U futbolchi sifatida kattalar oʻrtasidagi jahon chempionatida ishtirok etolmadi, bu unga armon boʻlib qoldi. Murabbiy sifatida ishtirok etish uchun esa unda hali imkoniyat bor.

Tugʻilgan kuningiz muborak boʻlsin!

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Mirjalol Qosimov 48 yoshda - U hayotidagi eng muhim golni urolmadi, ammo baribir jahon chempioni boʻldi (foto)