17:26 / 22.09.2018
10 754

Oʻzbekistonda kredit foiz stavkasi oʻrtacha 20% dan oshdi

Oʻzbekistonda kredit foiz stavkasi oʻrtacha 20% dan oshdi
Avgust oyida Oʻzbekiston milliy valyutasida kredit foiz stavkalari oʻrtacha 20,3 foizni tashkil etdi. Bu koʻrsatgich oʻtgan oyga nisbatan salkam yarim foizga oshdi. Kredit foiz stavkalarini hisoblashda imtiyozli kredit stavkalari hisobga olinmaydi, deyiladi Markaziy bank statistikasida.

Yil davomida kredit foiz stavkalari pasayib kelayotgan edi va aprel oyida banklar kreditni yiliga oʻrtacha 19,6 foiz hisobida berishi mumkin edi. Avgust oyiga kelib stavkalar yil boshidagi holatga – 20,3 foizga qaytdi.

Ushbu oʻrtacha kredit foiz stavkalari hisobida imtiyozli kreditlar ishtirok etmaydi. Imtiyozli kreditlar foiz stavkalari Markaziy bank siyosatiga boʻysinmaydi. Ularning taqsimi asosan davlat byudjeti, byudjet yonidagi fondlar, hamda davlat garovi (garantiya) ostidagi chet el kreditlari hisobidan Moliya vazirligi tomonidan amalga oshiriladi. Aytib oʻtish joizki, Oʻzbekistonda umumiy berilgan kreditlar miqdorida imtiyozli kreditlar ulushi koʻp.

“2018 yil yanvar-iyun oylarida banklar tomonidan berilgan kreditlarning 60 foizdan ziyodi imtiyozli kreditlardir. Ular asosan davlat byudjeti, Rekonstruksiya va rivojlantirish fondi va boshqa manbalar mablagʻlari evaziga berilgan”, deyiladi Markaziy bank pul-kredit siyosati obzorida.

Oʻzbekistonda berilgan kreditlarning umumiy miqdori 1 avgust sanasiga 61,2 trln soʻmni tashkil etgan.

Bunday katta kredit foiz stavkalari yuqori inflyatsiyadan darak beradi. Oʻzbekistonda 2018 yilning birinchi yarmi yakuniga koʻra, bazaviy inflyatsiya 18,4 foizni tashkil etgan. Rasmiy inflyatsiya (isteʼmol narxlari indeksi boʻyicha) esa avgust oyida yiliga 15 foizni tashkil etdi.

Chet el valyutasida kreditlar uch baravardan koʻproq arzon. Dollarda kreditni oʻrtacha 5,8 foizdan olish mumkin. Bir yillik qisqa muddatli valyuta kreditlarining oʻrtacha foizi esa 8,8 foizdir.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Oʻzbekistonda kredit foiz stavkasi oʻrtacha 20% dan oshdi