22:53 / 24.09.2018
4 011

Shavkat Mirziyoyev missiyasini yakunlayotgan AQSH elchisini orden bilan taqdirladi (foto)

Shavkat Mirziyoyev missiyasini yakunlayotgan AQSH elchisini orden bilan taqdirladi (foto)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 24 sentyabr kuni mamlakatimizdagi diplomatik missiyasini yakunlayotgan Amerika Qoʻshma Shtatlarining Favqulodda va muxtor elchisi Pamela Spratlenni qabul qildi.

“Davlatimiz rahbari mehmonni samimiy qutlar ekan, AQSH elchisi koʻp qirrali va oʻzaro manfaatli Oʻzbekiston – AQSH aloqalarini izchil rivojlantirish va mustahkamlashga salmoqli hissa qoʻshganini taʼkidladi”, deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Oliy darajadagi muloqotlar va Oʻzbekiston Respublikasi prezidentining joriy yil may oyida Amerika Qoʻshma Shtatlariga rasmiy tashrifining samarali natijalari ikki mamlakat oʻrtasidagi doʻstlik va strategik sheriklik munosabatlarining yangi davri uchun mustahkam zamin yaratgani qayd etildi.

Tomonlarni qiziqtirgan barcha masalalar boʻyicha konstruktiv siyosiy muloqot yoʻlga qoʻyildi. Parlamentlararo aloqalar faollashdi.

Savdo-iqtisodiy hamkorlik kengaymoqda. Fan, taʼlim va madaniyat sohalarida, shuningdek, hududlararo hamkorlik rivojlanmoqda.

AQSH elchisi Oʻzbekiston rahbariga samimiy qabul uchun chuqur minnatdorlik bildirdi. Amerika Qoʻshma Shtatlari ikki tomonlama munosabatlarni izchil rivojlantirishga alohida ahamiyat qaratayotgani, uning mamlakatimiz bilan koʻp qirrali hamkorlikni yanada kengaytirishga intilishi qatʼiy ekani qayd etildi.

Uchrashuv yakunida mamlakatlarimiz oʻrtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlashga qoʻshgan katta hissasi uchun AQSHning Favqulodda va muxtor elchisi Pamela Spratlen “Doʻstlik” ordeni bilan taqdirlandi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Shavkat Mirziyoyev missiyasini yakunlayotgan AQSH elchisini orden bilan taqdirladi (foto)