12:08 / 25.09.2018
4 597

Huquqingizni talab qiling. Majburiy mehnatga rozi boʻlmang!

Huquqingizni talab qiling. Majburiy mehnatga rozi boʻlmang!

Ayni vaqtda majburiy mehnat bilan bogʻliq masalalar yuzasidan murojaatlar koʻpaygan. Avvalo, majburiy mehnat nima degan savolni koʻrib chiqamiz.

Majburiy mehnat qaysi qonunlar bilan tartibga solinadi?

Qonunda belgilangan holatlardan tashqari barcha koʻrinishdagi mehnat qilishga majbur qilish jarayoni majburiy mehnat sifatida qaraladi. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 37-moddasida “Har bir shaxs mehnat qilish, erkin kasb tanlash, adolatli mehnat sharoitlarida ishlash va qonunda koʻrsatilgan tartibda ishsizlikdan himoyalanish huquqiga ega”ligi belgilangan.

Shuningdek, Mehnat kodeksining 7-moddasiga binoan, biror-bir jazoni qoʻllash bilan tahdid qilish orqali (shu jumladan, mehnat intizomini saqlash vositasi tariqasida) ish bajarish tushuniladi.

Bundan tashqari, “Aholini ish bilan taʼminlash toʻgʻrisida”gi qonunning 2-moddasida shunday deyiladi: “Majburiy mehnat, yaʼni biron-bir jazoni qoʻllash bilan tahdid qilish orqali ish bajarishga majburlash taqiqlanadi, qonunda belgilangan hollar bundan mustasno”.

Sud hukmi bilan tayinlangan jazoni oʻtash tartibidan yoki qonunda koʻrsatilgan boshqa hollardan tashqari majburiy mehnat taqiqlanadi. Yana harbiy yoki muqobil xizmat toʻgʻrisidagi qonunlar asosida va favqulodda holat yuz bergan sharoitlarda mehnat qilish ham majburiy mehnat hisoblanmaydi.

Shuncha qonun va qonunosti hujjatlar boʻlishiga qaramasdan joylarda noqonuniy mehnat qilishga majbur qilish holatlari uchrab turibdi. Bu holat turli koʻrinishlarda roʻy bermoqda.

Nega fuqarolarimiz huquqlarini talab qilishdan qoʻrqadi?

Tadbirkorlar sektor rahbarlari tomonidan tazyiqqa olinadi, u oʻz navbatida ish beruvchi sifatida ishdan haydash sharti bilan qoʻrqitib, oddiy ishchini “oʻz ixtiyori” bilan mehnat qilishga majbur qiladi, paxta yigʻim-terimiga oʻzi pul beradi yoki paxta terimi uchun ulardan maʼlum bir miqdorda pul yigʻadi, bozorlarda nazoratchilar tomonidan sotuvchilardan joyini olib qoʻyish bilan qoʻrqitib majburiy mehnat uchun pul yigʻiladi, maktab, kollejlarda oʻqituvchi va oʻquvchilardan yigʻiladigan majburiy yigʻimlar, talabalarni paxtaga chiqarish holatlari va hokazolar.

Murojaatlarni oʻrganish uchun baʼzan oʻzimiz chiqamiz, baʼzan tegishli tashkilotlardan nazoratga olishni soʻraymiz. Shunday vaqtlarda murojaatchilarning aksariyati oʻzi bergan maʼlumotga izoh berishdan qoʻrqishadi. Andishalilik, uyatchanlik va ozroq qoʻrqoqlik sabab muammoni yoritishga kelganda koʻp hollarda chekinamiz. Misol uchun, tumanlardagi sektor rahbarlari tomonidan majburiy mehnatga jalb qilinayotgan tadbirkorlarni olaylik.

Ular odatda Davlat soliq inspeksiyasi, Ichki ishlar vazirligining Yongʻin xavfsizligi boshqarmasi va boʻlimlari, Tuman sanitariya-epidomiologiya nazorati markazlari va boshqa vakolati bor tashkilotlar tomonidan oʻtkaziladigan tekshirishlardan qoʻrqib majburiy mehnat uchun ishchi yetkazib beradi yoki maʼlum miqdorda pul yigʻib beradi.

Yodingizda boʻlsa, 2017 yilning 1 yanvaridan boshlab prezident Shavkat Mirziyoyevning “Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini taʼminlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoniga asosan rejadan tashqari barcha tekshiruvlar bekor qilindi. Bu degani davlat tashkilotlari endilikda istalgan vaqtida hujjatlarni koʻtarib sizni tekshirishga haqi yoʻq.

Qoʻrqmang! Rejadan tashqari tekshirishlar bekor boʻlgan.

Bundan tashqari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2017–2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning 5 ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha harakat strategiyasini amalga oshirishga oid «Faol tadbirkorlik, innovatsion gʻoyalar va texnologiyalarni qoʻllab-quvvatlash yili”dagi Davlat dasturi toʻgʻrisida»gi Farmoni imzolandi.

Prezident farmonining 2-bandiga koʻra, 2018 yil 1 aprelidan boshlab ishbilarmonlik subyektlarining moliya-xoʻjalik faoliyatida tekshirish oʻtkazishga ikki yillik moratoriy ham eʼlon qilindi (Yuridik shaxslarning tugatilishi va jinoyat ishlari doirasidagi tekshirishlar bundan mustasno).

Ishdan boʻshatish bilan qoʻrqitib majburiy mehnatga majburlash masalasiga kelsak, bu ham qonun bilan taqiqlangan. Agar shunday holatlar yuzaga kelsa, birinchi navbatda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining tuman inspeksiyalariga murojaat qiling. Vazirlikning +998712000600 raqami ham ishlab turibdi. Bundan tashqari, Bosh prokuratura ham mazkur masala bilan jiddiy shugʻullanishga harakat qilmoqda. Prokuraturaga ham 1007 raqami orqali muammoni yetkazish mumkin. Shuningdek, Kasaba uyushmalarining 1092 raqamiga ham bogʻlanib, vaziyatdan xabardor etish mumkin boʻladi.

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Huquqingizni talab qiling. Majburiy mehnatga rozi boʻlmang!