14:25 / 25.09.2018
10 071

Shahzoda Muhammedova: “Boʻlajak umr yoʻldoshim Moskvada atelye ochib bermoqchi!”

Shahzoda Muhammedova: “Boʻlajak umr yoʻldoshim Moskvada atelye ochib bermoqchi!”

“Tundan tonggacha” filmidagi bananxoʻr kelin — Zilola roli orqali tomoshabinlar nazariga tushgan aktrisa va dizayner Shahzoda Muhammedovani serqirra ijodkor, deya eʼtirof etish mumkin. Uning kino va kliplarda rol oʻynashdan tashqari, xonanda, taqlidchi, boshlovchi, modelyer-dizayner hamda tadbirkor sifatida ham faoliyat yuritishi koʻpchilikka yaxshi maʼlum. Bu gal shov-shuvlar ummonida faol boʻlishni xush koʻruvchi Shahzodani suhbatga chorladik.

— Shahzoda, bugun nimalar bilan bandsiz? Qanday kinolarda suratga tushyapsiz yoki ishtirokingizdagi qaysi filmlarning premyerasi yaqin?

— Bilasizmi, oxirgi paytlarda negadir kinoga boʻlgan qiziqishim avvalgidek emas. Ishtiyoqim ham soʻngandek. Oʻzimni kelajakda bu sohada koʻrmayapman. Yaxshi rejissyor va ssenaristlar koʻp, ammo pichoqqa ilinadigan ssenariylar, prodyuserlar judayam oz. Puxta ssenariylar taqdim etishgani bilan aktyorlar qoniqarli darajada gonorar olisholmayapti. Aksariyat aktrisalardan soʻrab koʻring, ular topayotgan gonorar kiyinishi, pardoz-andozi, yeb-ichishi, yoʻl kirasi yoxud mashina yoqilgʻisiga bazoʻr yetayotganini, oila byudjetiga hissa qoʻsholmayotganini kuyunib taʼkidlashadi. Ular toʻrt yil shu soha boʻyicha tahsil olishgan, hozirgi darajasiga mehnati bilan erishishgan. Biroq rollari orqali yetarlicha mablagʻ topisholmayotganidan xafa ham boʻlaman, achinaman ham.

Men uchun esa aktrisalik qiziqish, xolos. Asosiy faoliyatim dizaynerlik va tadbirkorlikka borib taqaladi. Oʻzbek kinosi hamda teatrida yuksalishlar boʻlib, mazkur kasb vakillari yaxshigina daromad topishini chin dildan istab qolaman.

— Gonorar toʻgʻrisida soʻz ochdingiz. Agar sir boʻlmasa, qaysi filmdagi ijrongiz uchun yaxshigina haq olgansiz?

— Bu yil kino olamiga kirib kelganimga toʻqqiz yil toʻldi. Oʻtgan davr mobaynida yigirmadan ziyod kartina hamda koʻplab kliplarda turli rollarni ijro etdim. Ikki yil oldin rejissyor Dilshod Ahmedovning “Salom, gruppadagilar” filmidagi rolim uchun 2000 AQSH dollari miqdorida gonorar olganman. Undan keyin esa bunday holat yuz bermadi. Iloji boʻlsa, koʻp rejissyorlarga tekinga rol oʻynab bersangiz. Ammo pulga muhtojligim boʻlmasa ham vaqtim, mehnatimni sarflaganim tufayli tanish-bilishchilikni ham esdan chiqaraman, tekinga suratga tushishni rad etaman.

— Bir necha oy oldin ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalaringizga patir ushlab tushgan suratingizni joylab, uni unashtirilganingiz haqidagi qisqa xabar bilan izohladingiz. Buni koʻrib, quvongan muxlislaringiz orasida “Doimgidek qandaydir piar oʻylab topgandir-da”, deya ishonmaganlar ham boʻldi. Hatto biz ham biroz ikkilandik. Nikoh toʻyingiz boʻlayotgani rostmi?

— (samimiy kuladi) Ishonaveringlar, haqiqatan unashtirildim. Toʻy sanasi hali aniq emas, ammo kuzning oxirlariga oʻtkazishni rejalashtiryapmiz.

— Boʻlajak turmush oʻrtogʻingiz bilan tanishuvlaringiz qanday kechdi?

— Xabaringiz bor, oʻtgan yili sentyarb oyida bir qancha oʻzbek dizaynerlari Moskva shahriga moda festivaliga bordik. Ular meni marosim davomida koʻrib, yoqtirib qolibdi va biroz kuzatibdi. Oxiri ketma-ket sovchilar joʻnatdi. Avvaliga “Doimgi sovchilardan boʻlsa kerak-da”, deya eʼtibor bermadim. Niyati jiddiy ekanini bilgach, rozi boʻldim.

— U qaysi xislatlari bilan eʼtiboringizni tortdi?

— Azaldan bir soʻzli, tanti va mard yigitlarga hurmatim baland. Boʻlajak turmush oʻrtogʻimda ham xuddi shunday fazilatlarni uchratdim. Ayniqsa, ayol kishini hurmat qilib, qadrlashi juda yoqdi. Bu esa oila mustahkamligini taʼminlashda muhim oʻringa ega, deb oʻylayman. Jiddiy, ogʻir-bosiq, aqlli va oʻzimdek bir nechta kasb etagidan tutgani oila aʼzolarimga ham maʼqul tushdi.

— Ijodingizga munosabati qanday? Toʻydan keyin filmlarda suratga tushishingizga qarshilik koʻrsatsa, oilani tanlaysizmi yoki baʼzi ayol sanʼatkorlar singari muqaddas qoʻrgʻoningizdan voz kechasizmi?

— Ular har bir faoliyatimdan yaqindan xabardor. Sanʼatdan voz kechishimni aytsa, hech ikkilanmay rozi boʻlaman. Negaki men uchun oila muqaddas. Koʻplab baxtli hayot kechirayotgan sanʼatkorlar singari ibratli oilam boʻlishini niyat qilaman va bunga astoydil intilaman.

Turmush oʻrtogʻim Moskvada ishlagani uchun toʻydan keyin oʻsha yerda yashamoqchimiz. Hozirgi ishlarimni esa onam va shogirdlarim davom ettirishadi. Quvonarlisi, boʻlajak umr yoʻldoshim Moskvada atelye ochib berish maqsadida. Dizaynerlik ishimning bir qismini oʻsha yerda davom ettirmoqchiman.

— Kelinlik libosingizni ham oʻzingiz tikasizmi yoki?..

— Toʻyimga libos sovgʻa qilmoqchi boʻlgan goʻzallik salonlari bir nechtani tashkil etadi. Ammo qoʻlimga igna olib, bichish-tikishni boshlaganimdan beri nikoh koʻylagimni oʻz qoʻllarim bilan tikishni niyat qilganim tufayli libosimni birovga ishongim kelmayapti (samimiy kuladi). Shuningdek, shogirdlarim ham oʻzlari tikishini aytishyapti. Ochigʻi, bu borada biror toʻxtamga kelganim yoʻq hali. Lekin nikoh koʻylagimning qanday boʻlishi haqida rejalar tuzib qoʻyganman.

— Oʻtgan yili Oʻzbekiston davlat konservotoriyasiga xonandalik boʻyicha professional saboq olish niyatida oʻqishga hujjat topshirmoqchi boʻlganingiz va shu sababli Oʻzbekiston Respublikasi sanʼat arbobi Dilorom Omonullayeva ikkingiz oʻrtangizda koʻngilsiz holatlar yuz berganidan xabarimiz bor. Bu hatto ijtimoiy tarmoqlarda ham ancha shov-shuvlarni keltirib chiqargandi. Xoʻsh, konservatoriyada oʻqish orzusi nima boʻldi?

— Bunday nufuzli dargohga oʻqishga kirish orzusidan hozircha voz kechdim. Qoʻshiq kuylash niyatidan ham vaqtincha qaytdim, desam boʻladi.

Sir emaski, bitta qoʻshiq yaratish va uni ommaga namoyish etish uchun katta mablagʻ sarflaysiz. Ayni paytda menda ortiqcha pul yoʻq, prodyuserlar bilan ishlashni esa xohlamayman. Bundan tashqari, aksariyat insonlarda aktrisa aktrisaligini, qoʻshiqchi qoʻshiqchiligini qilsin, degan tushuncha mavjud. Dunyo kinomatografisidagi hamkasblarimiz esa azaldan serqirra ijodkor sifatida nom qozonishgan. Ularga birov boshqacha nazarda qaramaydi. Oxiri yo aktrisa, yoki xonanda boʻlish kerak ekan, degan fikrga keldim.

Lekin 2017 yili dugonam Muqaddas Saʼdullayeva bilan Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat institutiga ikkinchi mutaxassislik boʻyicha oʻqishga kirdik. Atelyedagi ishlarim va ijodiy faoliyatimga zoʻrgʻa ulgurayotganim uchun oʻz xohishimga koʻra talabalar safini tark etdim. Muqaddas esa tahsil olyapti. Balki, vaqti kelib men ham yana oʻqishga kirarman.

— Bir necha yil burun aktyor Azamat Ahrorov va siz haqingizda ham turli mish-mishlar tarqalgandi. U bilan munosabatlaringiz chin edimi yoki piar?

— Azamat Ahrorov rejissyorlik qilgan ikkita kinoda birga rol oʻynaganmiz. Toʻgʻri, suratga olish jarayonlarida sevgi-muhabbat paydo boʻlgan, ammo oilalarimiz bir-biriga toʻgʻri kelmadi. Odamlar esa bizlarni unashtirib yuborishdi. Aslida esa unday boʻlmagan. Uni inson sifatida ham, ijodkor sifatida ham hurmat qilaman. Biz hozir faqat doʻstmiz, xolos. Tadbirlarda koʻrishib qolsak ham salom-alikdan nariga oʻtmaymiz.

— Koʻplab sanʼat sohasi vakillari, ayniqsa, ayol ijodkorlar shou-biznesda haqiqiy dugona topilishi mushkul ekanini koʻp takrorlashadi. Ammo siz aktrisa Muqaddas Saʼdullayeva bilan juda qalinsiz, munosabatlaringiz mustahkam. Doʻstlik rishtalari qachondan bogʻlangan?

— Adashmasam, bundan sakkiz yil ilgari “Poy qadam” filmida Gulchehra opa Saʼdullayeva bilan nevara-buvi rolini ijro etganmiz. Kinoning suratga olish jarayonlarida Muqaddas ham onasining oldiga kelib turardi. U paytlarda sanʼatga kirib kelmagan, talaba qiz edi. Oʻsha damlarda Gulchehra opa bizni yaqindan tanishtirgan va munosabatlarimiz sekin-asta doʻstlikka aylandi. Bilasizmi, ikkimizning ham tabiatimiz bir-birimizga juda mos tushgan. Men oʻta shoshqaloqman, u esa ancha ogʻir-bosiq. Oilaviy bordi-keldimiz ham bor. Ilohim, dugonaligimiz yana uzoq yillar davom etsin!

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Shahzoda Muhammedova: “Boʻlajak umr yoʻldoshim Moskvada atelye ochib bermoqchi!”