19:01 / 25.09.2018
5 322

Hukumat qarori: 2019 yil iyulidan barcha taksi va avtobuslarda videoregistratorlar boʻlishi kerak

Hukumat qarori: 2019 yil iyulidan barcha taksi va avtobuslarda videoregistratorlar boʻlishi kerak

Vazirlar Mahkamasining “Yoʻl harakati xavfsizligi sohasidagi huquqbuzarliklarga qarshi kurashish samaradorligini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan jismoniy va yuridik shaxslarning avtotransport vositalariga oʻrnatilgan videoregistratorlar orqali qayd etilgan huquqbuzarlik holatlari toʻgʻrisidagi videoyozuvlarni qabul qilish, koʻrib chiqish hamda ularni taqdim etgan shaxslarni ragʻbatlantirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi va 2019 yil 1 iyuldan boshlab amalga kiritiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda 2019 yil 1 iyulga qadar:

- jismoniy va yuridik shaxslarning avtotransport vositalariga oʻrnatilgan videoregistratorlar orqali qayd etilgan huquqbuzarlik holatlari toʻgʻrisidagi videoyozuvlarni toʻplovchi markazlashtirilgan tizim ishga tushirilishini;

- markazlashtirilgan tizimga kelib tushayotgan videoyozuvlar boʻyicha tizimli monitoring yuritish va protsessual harakatlarni amalga oshirish uchun ushbu tizimni Davlat yoʻl harakati xavfsizligi xizmatining “Maʼmuriy amaliyot” kompleks avtomatlashtirilgan axborot tizimiga integratsiya qilinishini taʼminlaydi.

Videoregistratorlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish boʻyicha chora-tadbirlar 2017 yilda nihoyasiga yetgan hamda mahalliy korxonalar tomonidan videoregistratorlarni ichki bozorga yetkazib berish imkoniyati mavjud ekani qayd etiladi.

Belgilab qoʻyilishicha:

a) 2019 yil 1 iyuldan boshlab:

- jismoniy va yuridik shaxslarning avtotransport vositalariga oʻrnatilgan videoregistratorlar orqali qayd etilgan huquqbuzarlik holatlari aks etgan videoyozuvlar maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali qayd etilgan huquqbuzarliklar holatlari qayd etilgan videoyozuvlarga tenglashtiriladi hamda Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksida belgilangan tartibda koʻrib chiqiladi;

- tashkiliy-huquqiy shaklidan qatʼi nazar jamoat transporti va yoʻlovchi tashish faoliyati bilan shugʻullanuvchi yuridik shaxslar uchun avtotransport vositalariga videoregistratorlar oʻrnatish boʻyicha majburiy tartib joriy etiladi;

- huquqbuzarlik holatlari toʻgʻrisidagi videoyozuvlarni yuborgan shaxslar huquqbuzardan undirilgan jarima hisobidan eng kam oylik ish haqining besh foizi miqdoridagi pul mukofoti bilan ragʻbatlantiriladi;

b) huquqbuzarlik holatlari toʻgʻrisidagi videoyozuvlarni taqdim etgan shaxslar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning oshkor etilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Hukumat qarori: 2019 yil iyulidan barcha taksi va avtobuslarda videoregistratorlar boʻlishi kerak