20:04 / 26.09.2018
8 803

Oʻzbekligimdan faxrlanaman... Oʻzbekligimdan uyalaman...

Oʻzbekligimdan faxrlanaman... Oʻzbekligimdan uyalaman...
Men shu millatning vakiliman, bir boʻlagiman. Har bir yutugʻiga quvonaman, qusuriga achinaman. Har bir vakili men uchun aziz, yaxshisi ham, yomoni ham. Millatim feʼli shunchalar rang-barangki, taʼrifida kitoblar bitsa arziydi. Uning oʻziga xos qirralari yaqqol namoyon boʻlaverganidan dunyoga tanilib ulgurgan.

Samolyotda ancha-muncha odam uchmaydi. Ayniqsa, bizda. Samolyotda uchibdimi, shunga yarasha puli, shu parvozga arzigulik maqsadi bor. Xorijga uchsa bilingki, chakana shaxs emas — gap katta loyihalar, yirik mablagʻlar, yoki boshqalarga havas qilgudek bir yayrab kelish haqida ketmoqda.

Oʻzbegimning ulkan samolyotlarda salobat bilan uchib ketishini, chet ellardan ham nimadir undirib kelishini, qaytganida yaqinlariga atalgan sovgʻalar bilan toʻlib-toshib qaytishini koʻrsam faxrlanaman. Ana oʻzbegim, deyman.

Istanbul, Pekin aeroportlarida har biri kichikroq traktorday sumkalarni sudrab, ilingan yoʻlovchining oyogʻiga osilganlarni, molini oʻtkazib berishini soʻrab yalinganlarni, aeroport xodimlari yuki koʻpligini aytib qaytarganida, gadoylardek yalinganida, jazavaga tushib baqirganlarni, oʻtib olib, boplab chuv tushirganini aytib maqtanganlarni koʻrsam, oʻzbekligimdan uyalib ketaman, boshqalar oldida boshim xam boʻladi...

Chekka bir qishloqning chekka uyida ulgʻaygan yigitchalarning dunyo nigohi qadalgan ringlarda gʻalaba qozonib, yurtim bayrogʻini koʻzlariga surtib yigʻlaganlarida men ham qoʻshilib yigʻlayman. Ular Vatanga qaytganlarida butun millat jam boʻlib kutib olib, poytaxt boʻylab aylantirayotganlarida qadrim osmon qadar yuksaladi, koʻksimni toʻldirib “Men ham oʻzbekman!” deya hayqirgim keladi.

Poytaxtda oʻzining ham kelib chiqishi qaysidir hududdan boʻlgan mirshabning koʻchada kimnidir tutib olib “Prapiskang boʻlmasa, Toshkanda nima qivossan?!” deb oʻdagʻaylaganida xoʻrligim keladi. Oʻz yurtida qimtinayotgan oʻsha mehmonga achinaman.

Bir-ikki qadam yurganimdan soʻng rang-roʻyidan oʻzim kabi (taʼkidlayman: oʻzim kabi) qishloqi yigit soʻnggi yillarda pul topib jilovni yoʻqotganidan poytaxt koʻchasini boshiga koʻtarib baqirayotganida, ichgan pivosining shishasi bilan pistasining poʻchogʻini yoʻl oʻrtasiga otib ketganida, sharaqlatib nos tuflaganida, kimdir sabot bilan oʻstirayotgan maysalarni dagʻal oyoqlari bilan toptab ketayotganida men ham oʻzbekman, deyishdan xijolat boʻlaman...

Sovuq oʻlkalarga tavakkal yoʻl olib, bola-chaqasining rizqini ayirib kelayotganlarni, buning uchun kimgadir jilmayib, kimdir turtkilasa ham ichiga yutib, har kimga har xil tavallo bilan haqqini olib, shundan bir chetginasini, qornigagina yarashasini olib qolib, qolganini bus-butun oilasiga yetkazayotganlarni koʻrsam, har birini bagʻrimga bir-bir bosib chiqqim, “men sizlarning millatdoshingizman, har biringizning dardingiz mening dardim” degim keladi.

Oʻsha bepoyon oʻlkada toʻlib toshgan firibgarlar kamlik qilgandek, oʻzimniki oʻzimnikining koʻziga choʻp suqsa, belangi qilib ishlatgani yetmaganday, haqini bermasa, kamiga oʻzidan keyingisiga qul qilib sotib yuborsa, ana shu ishlarni qilganlar ham oʻzbek bolasi ekanligidan qahrim keladi. Oʻzimizniki qolib, boshqa millat vakillari biznikilar bir-biriga firib berayotganini aytib, oʻzbekni birvarakayiga soʻksa, yer yorilishini kutaman, shu millatdanligimni aytolmayman hatto...

Oʻz yurtida oʻz tilini himoya qilguvchilar paydo boʻlganida faxrlanaman. Oʻsha himoya qilguvchini oʻz millatdoshi millatchilikda ayblaganida, millatdoshi oʻzbekchaning toʻrtta soʻzini bogʻlab bera olmaganida uyalaman.

Jimitdekkina bolakay shaxmat boʻyicha chempion boʻlib kelsa, shu mening ham millatim ekanligidan hayratlanaman.

Oʻz farzandi taʼlimi uchun oʻn ming soʻmni ayaydigan, “oʻqib olim boʻlarmiding” degan yaramas jumlani maqol maqomiga koʻtargan, hamisha puli yoʻqligini aytib noliydigan insonning bir necha soatlik toʻyda olgan qarzlarigacha sochib, otarchi xonandaga besh-oʻn ming dollarni qurtdek sanab berib yuborganida, bu millat vakilining bir tanida ikki inson yashashiga amin boʻlaman. Shu ham oʻzbekmi, degim keladi.

Onam bor, singlim bor, amma-xolalarim bor. Ular millionlab oʻzbek ayollari kabi oʻzini toʻlaligicha oilasiga, farzandlariga bagʻishlashgan. Oʻzbek ayolining zahmatini tasvirlash uchun minglab musavvirlar moʻyqalam olishgan, haykaltaroshlar tosh yoʻnishgan. Millatim ayollarining sadoqati kuylangan qoʻshiqlarni dillarni sel qilganda, bitilgan asarlar qoʻlma-qoʻl boʻlganida hayratlanmagan odam yoʻq. Erini, toʻrt-beshtalab oʻgʻillarini kuzatib birortasini kutib olmagan Oʻzbek ayoli, odamlar bir-birining goʻshtini yegan urushdan farzandlarini sogʻ-omon olib chiqqanda ham orini oyoqosti qilmagan Oʻzbek ayoli haqida eshitsam, gʻururim togʻlardek yuksaladi.

Ana shunday yuksak kayfiyatda turganimda, yana Yaqin Sharq tomondan nimadir chorlagandan boʻladi va nigohim tasavvurlarimni chil-chil qiladi. Ming bir chigʻiriqqa tushgan millatdoshlarim sabr qilgan bir paytda, uning soʻnggi avlodlarining ayrim vakillari bir kilo goʻshtning puli uchun qaysidir sahroyining koʻnglini xushlaganida, shaharlar koʻchalari toʻlgani kamlik qilganday, tungi maskanlarda sahna oʻrtasida temirga oʻralib ilon raqsiga tushganida, oʻsha hududlarda oʻshanaqa ayollarni shunchaki... OʻZBЕK deb ataganlarida oʻzbekligimdan or qilib ketaman!

Ana shunday talotoʻp koʻngil bilan yashayman men... Sizchi?
Abror Zohidov

Manba: Xabar.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Oʻzbekligimdan faxrlanaman... Oʻzbekligimdan uyalaman...