21:58 / 28.09.2018
6 328

YPX xodimlari va haydovchilar oʻrtasidagi doimiy bahs: yoʻl belgilari toʻgʻri oʻrnatilganmi?

YPX xodimlari va haydovchilar oʻrtasidagi doimiy bahs: yoʻl belgilari toʻgʻri oʻrnatilganmi?
Yaqinda Adliya vazirligining “Telegram”dagi “Huquqiy axborot” kanali “Yoʻl harakati xavfsizligi sohasidagi huquqbuzarliklarga qarshi kurashish samaradorligini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Hukumat qarori qabul qilinganligi haqida xabar berdi.

Qarorga muvofiq, 2019 yil 1 iyuldan boshlab:

- transport vositasidagi videoregistratorlar qayd etgan huquqbuzarlik holatlari aks etgan videoyozuvlar maxsus avtomatlashtirilgan texnika (foto va videoradar) qayd etgan videoyozuvlarga tenglashtiriladi;

- huquqbuzarlik holatlari toʻgʻrisidagi videoyozuvlarni yuborgan shaxslar eng kam oylik ish haqining besh foizi miqdoridagi pul mukofoti bilan ragʻbatlantiriladi;

Shuningdek, qaror bilan Jismoniy va yuridik shaxslarning avtotransport vositalariga oʻrnatilgan videoregistratorlar orqali qayd etilgan huquqbuzarlik holatlari toʻgʻrisidagi videoyozuvlarni qabul qilish, koʻrib chiqish hamda ularni taqdim etgan shaxslarni ragʻbatlantirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.

Bu qarorni men toʻliq qoʻllab-quvvatlayman

Chunki hammamiz guvohi boʻlyapmiz, koʻchalarimizda mashina boshqarib yurgan haydovchilarning ayrimlari umuman yoʻl harakati qoidalarini tan olmaydi. Aksariyati esa imkoniyati boʻlishi bilanoq yoʻl harakati qoidalarini buzishga urinadi. Buning ortidan esa aybsiz insonlar vafot etishyapti, nogiron boʻlib qolishyapti.

Shunday ekan haydovchilarning qoida buzishlarini kamaytirish uchun turli vositalar bilan yoʻllarda nazoratni kuchaytirish maqsadga muvofiqdir. Ammo....

Koʻchada mashina boshqarish jarayonida qoidalarni buzayotgan haydovchilarni turli yoʻllar bilan jazolash, jarima solishdan oldin ular uchun yoʻllarda harakatlanishni qulaylashtirish lozim deb oʻylayman. Masalan, yoʻllarni sifatli asfalt qilish, tor yoʻllarni kengaytirish, yoʻl belgilarini kerakli joylarda maqsadli oʻrnatish deganday.

Qarama-qarshi yoʻnalishga chiqib ketish

Kuzatishlarga koʻra, qarama-qarshi yoʻnalishda qoidani buzib harakatlanish asosan oʻta tor, bor-yoʻgʻi ikki polosali tiqilinch yoʻllarimizda koʻproq sodir boʻlyapti. Demak, oʻsha yoʻlni toʻrt polosali yoʻl qilib kengaytirish kerak.

Qizil chiroqda harakatlanish

Yana bir muhim va haydovchilar tomonidan koʻp buziladigan qoida — svetoforning qizil chirogʻida oʻtib ketish. Bunday haydovchilar aksariyat hollarda chorrahalarda emas, balki asosan piyodalar uchun qoʻyilgan svetoforlarda koʻproq qoidani buzib qizil chiroqda oʻtadilar. Bunday joylarda qoida buzilishlarining oldini olishning eng yaxshi chorasi oʻsha svetoforlar oldida piyodalar tomonidan svetoforni boshqarish uskunasini oʻrnatishdir. Piyoda svetoforning qizil chirogʻini yoqadi va oʻtib ketaveradi. Boshqa paytlarda esa oʻsha svetoforda doimiy yashil yonib turaveradi va haydovchilar oʻsha joyda bemalol harakatlanaveradilar. Agar shu ish amalga oshirilsa haydovchilarning ham, piyodalarning ham vaqti tejaladi va har ikki tomonga qulay boʻladi.

Toʻxtab turish qoidalarining buzilishi

Shuningdek haydovchilar tomonidan koʻp buziladigan yoʻl harakati qoidalaridan yana biri bu toʻxtab turish qoidalarining buzilishidir. Bu qoidaning buzilishiga hamma vaqt ham haydovchilar aybdor deb boʻlmaydi. Agar eʼtibor bersak, mamlakatimizdagi turli shaharlardagi turli koʻchalarda “toʻxtash mumkin emas” yoʻl belgisi haddan koʻp oʻrnatilgan.

Ahvol shu darajadaki, masalan, sizni bir tanishingiz ishxonangizga tashlab oʻtmoqchi, ammo ishxonangiz joylashgan koʻchaga “toʻxtash mumkin emas” yoʻl belgisini har qadamda ilib tashlashgani uchun tanishingiz sizni ishxonangizdan bir bekat narida tushirishi kerak va siz ishxonangizga ancha yoʻl bosib kelishingiz yoki tanishingiz qoidani buzib ishxonangiz oldida toʻxtashi kerak.

Tushunarsiz belgilar

Eʼtibor bersangiz, turli shaharlarimizda bozorlar yoki savdo markazlari yoki koʻngilochar bogʻlar atrofida koʻchalarda “toʻxtash mumkin emas” yoʻl belgilari koʻplab ilib tashlangan. Bechora haydovchilar oʻshanday joyga borganda oʻz mashinasini qoʻyishga joy topa olmay qoidani buzishga majbur boʻladi. Chunki oʻsha joylarning aksariyatida mashinalarni qoʻyish uchun avtoturargoh yoʻq. Ammo “toʻxtash mumkin emas” yoʻl belgisi bor. Xoʻsh, shunday holatlarda mutasaddilar oldin oʻsha bozorlar yoki savdo markazlari yoki koʻngilochar bogʻlar oldida avtoturargohlar tashkil etishsa va undan keyin “toʻxtash mumkin emas” yoʻl belgisini oʻrnatishsa maqsadga muvofiq boʻlmaydimi?

Yoʻq, bizda hammasi teskari va tushunarsiz. Mashina qoʻyishga joy yoʻq. Koʻcha chetida qoldirmoqchi boʻlsangiz yoʻl belgisi bor. Ana shunday holatda haydovchilar yo qoidani buzishadi yoki mashinalarini bir bekat nariga qoʻyib manzillariga piyoda kelishga majbur boʻlishadi. Bu nimani anglatadi? Bu ishning toʻgʻri tashkil etilmaganini bildiradi.

Ana shundan kelib chiqsak shu yoʻl belgisini ham hammayoqqa ilib tashlamay faqat lozim boʻlgan joylarda ilish kerak.

Agar esingizda boʻlsa, oʻtgan yil oxirida va bu yil boshida Toshkent shahar YHXB aksariyat koʻchalardagi “toʻxtash mumkin emas” yoʻl belgilarini olib tashladi. Bir qismini esa birrovga toʻxtash imkoniyatini beruvchi boshqa belgiga almashtirib chiqdi. Bu ishni boshqa shaharlarimizda ham amalga oshirish kerak va lozim boʻlmagan joylardan oʻsha yoʻl belgisi olib tashlanishi yoki birrovga toʻxtashga ruxsat beradigan yoʻl belgisi oʻrnatilishi kerak.

Haydovchilarning yoʻllarda tezlikni oshirib qoida buzishlariga esa lozim boʻlgan va boʻlmagan joylarda tezlikni pasaytiruvchi belgilarning qoʻyib tashlangani sabab boʻlmoqda.

Masalan, M39 Toshkent—Termiz trassasida Toshkentdan Samarqandga borishda Bulungʻur shahriga kirgandan negadir lozim boʻlmagan joyda soatiga 70 km. tezlikda harakatlansa boʻladigan joyda harakatlanishni soatiga 50 km. tezlikda yuradigan qilib yoʻl belgisi qoʻyishgan va bu yoʻl belgisidan sal oʻtib fotoradar ham oʻrnatib qoʻyishibdi. Bu — xalqaro yoʻl, undan koʻpgina tranzit xorijiy transportlar ham yuradi. Shuningdek, bu yoʻl mamlakatimizning bosh yoʻli hisoblanadi va hamma viloyatlarning aholisi bir-biri bilan bogʻlanishda shu yoʻldan foydalanadi. Shularni nazarda tutsak, bu bu muhim xalqaro yoʻlda baʼzi AHOLI PUNKTLARIDA yoʻlda harakatlanish tezligini soatiga 70 km. dan soatiga 50 km. tezlikkacha cheklash kimga va nima uchun kerak?

Buning ustiga oʻsha atrofda tezlikni cheklashga sabab boʻladigan taʼlim muassasi yoki bogʻcha yoʻq. Shuningdek koʻchada tirbandlik keltirib chiqarishi mumkin boʻlgan bozor yoki savdo majmuasi ham yoʻq. Tezlikni cheklaydigan belgi nega qoʻyilgan — tushunmayman.

Yana bir misol

Samarqand—Ayniy xalqaro yoʻli boʻylab Toyloq shaharchasidan Samarqand shahriga kelar ekansiz, Toyloq shaharchasidan chiqish joyida yoʻlda roʻparadan keladigan mashinalar qayrilib oladigan joy bor. Oʻsha yerdan bor yoʻgʻi 10-15 (!) metr narida esa “quvib oʻtish mumkin emas” degan yoʻl belgisini oʻrnatib qoʻyishibdi. Toyloq shaharchasidan Samarqand shahri tarafga harakatlanib borayotgan haydovchi oʻsha joyda roʻparadan kelib qayrilib olgan va hali tezlashib olishga ulgurmagan mashinani quvib oʻtishga majbur boʻladi. Aksariyat hollarda oʻsha joydan sal narida YPX xodimlari turib olishadi va oʻshanday quvib oʻtishga majbur boʻlgan haydovchilarni toʻxtatib, maʼmuriy bayonnoma tuzishadi. Eng qizigʻi oʻsha yerda roʻparadan kelib burilib oladigan mashinalarning aksariyatini oʻsha joydan 100-150 metr pastroqdan oʻngga, aholi punktiga burilib ketadigan mashinalar tashkil etadi. Shu sababli ham roʻparadan kelib qayrilib olgan mashinalar oʻsha oʻngga qarab burilishga yetguncha tezlikni oshirmay sekin borishadi. Toyloq shaharchasi tarafdan kelib ularga taqalib qolgan haydovchilar oʻsha joyda qoidani buzib quvib oʻtishlari kerak yoki oʻsha yerdan qayrilib olgan va sekin yurayotgan mashinaga taqalib qolib tezlikni soatiga 20-30 km. ga tushirishlari kerak. Oʻsha joyda “quvib oʻtish mumkin emas” degan yoʻl belgisi umuman notoʻgʻri oʻrnatilgan.

Buni oldin ham yozganman

Toshkent—Termiz trassasining Toshkent viloyatidan oʻtgan qismida, ozgina joyni aytmasa, katta qismida oʻtgan yilgacha bemalol soatiga 100 km. gacha tezlikda harakatlansa boʻlar edi. Bu yerda joylashgan aholi punktlarining nomi koʻrsatkich bilan yoki tezlikka daxl qilmaydigan koʻk rangda yozilgan edi. Ammo negadir oʻtgan 2017 yilda shu yoʻlda aholi punktlari yozilgan joylarda koʻk rang ham, koʻrsatkich ham olib tashlandi va endi haydovchilar oʻsha yoʻlning aksariyat qismida soatiga 70 km. tezlikda harakatlanishga majbur boʻlmoqdalar.

Umuman olganda, mamlakatimizning shahar-qishloqlaridagi koʻchalarda oʻrnatilgan aksariyat yoʻl belgilari mos joylarda oʻrnatilmaganday, haydovchilar va piyodalarga qulay emas, balki noqulay tarzda, YPX xodimlari “rejalar”ni oson bajarishlari uchun oʻrnatilganday taasurot qoldiradi.

Shunday ekan tegishli tashkilotlar koʻchalarimizda oʻrnatilgan va oʻrnatilayotgan yoʻl belgilarini toʻgʻri yoki notoʻgʻri oʻrnatilganini bittama-bitta oʻrganib chiqib, yuqorida misol tarzida yozgan joylarimdagiday haydovchi va piyodalarga noqulaylik tugʻdirayotgan yoʻl belgilarini olib tashlashi yoki oʻzgartirishi kerak.

Qolaversa, bu sohada hali qilinadigan ishlar judayam koʻp. Avvalambor barcha yoʻllar sifatli taʼmirlanishi, yoʻl belgilari lozim holda maqsadli oʻrnatilishi kerak. Shuningdek, ushbu sohada ishlayotganlar rivojlangan davlatlar tajribasini oʻrganib eng maʼqulini yoʻllarimizda joriy etishlari kerak.

Yoʻllarimiz haydovchilar uchun ham, piyodalar uchun ham maksimal darajada qulay boʻlishi kerak. Ana shundan keyin qoidalarni buzgan haydovchilarni jazolayverishsin. Ungacha esa qoidalarni buzgan haydovchilar uchun yangidan-yangi usullarini oʻylab topib, hadeb jazolayverish ham adolatdan boʻlmaydi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » YPX xodimlari va haydovchilar oʻrtasidagi doimiy bahs: yoʻl belgilari toʻgʻri oʻrnatilganmi?