17:04 / 29.09.2018
4 231

Toshkentda oʻquvchi “ekstrim-selfi” oqibatida vafot etdi

Toshkentda oʻquvchi “ekstrim-selfi” oqibatida vafot etdi
Tabiatan shoʻx Sobirjon (ism-familiyasi oʻzgartirilgan) poytaxtdagi maktablardan birining 8-sinfida oʻqirdi, deb yozadi “Huquq” gazetasi.

U oʻsha kuni tengdoshlari bilan futbol oʻynagach, uyali telefonini olib, internetga kirdi va ijtimoiy tarmoqlardagi doʻstlarining suratlarini koʻrib chiqdi. Ularga havasi keldi. Shu bois, doʻsti Rustamjon bilan uyga qaytayotib, selfiga tushdi. Suratni ijtimoiy tarmoqqa joyladi. Ammo bu uni qoniqtirmadi. “Bu surat hech kimga qiziq emas. Boringki, 6 yoki 7 oʻrtogʻim layk bosadi” degan xayol oʻtdi Sobirjonning miyasidan. Demak, boshqacha, hech kimnikiga oʻxshamaydigan holatda “selfi”ga tushish lozim. Shu payt koʻzi temir yoʻl bekatida toʻxtab turgan poyezdga tushdi-yu, oʻsha tomon shoshdi.

Ular temir yoʻl bekatiga yashirincha kirib, poyezdlarning yonida turli rakurslarda “selfi”ga tushishdi. Sobirjon avvaliga poyezdga osilib, suratga tushdi. “Qoyil! Zoʻr chiqdi! Doʻsti suratni koʻrib, Sobirjonning «jasorat”ini olqishladi. Bu maqtovdan havolangan Sobirjon endi boshqacha rakursda “selfi”ga tushmoqchi boʻldi. Rustamjon uning fikriga qoʻshilmadi. Kech boʻlib qolganini aytib, uyga qaytishni iltimos qildi. Ammo Sobirjon unga quloq solmadi, yon-atrofga qarab turishni tayinlab, oʻzi poyezdning ustiga chirmashib chiqa boshladi. Rustamjon esa birov koʻrib qolmasaydi, degan hadik bilan atrofni kuzata boshladi. Shu payt qattiq ovozni eshitib, choʻchib tushdi. Qoʻrqqanidan “Sobirjon, ketdik”, deya baqirib, poyezd ustiga qaradi-yu, qotib qoldi… Poyezd ustidan yuqori kuchlanishli elektr toki oʻtgan edi.

Sobirjon tanasining 75 foizi kuyganiga qaramay, shifokorlarning saʼy-harakatlari bilan 6 oy yashadi, xolos. Afsuski, poyezd ustidagi “ajoyib selfi” uning bevaqt oʻlimiga sababchi boʻldi, deb yozadi nashr.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Toshkentda oʻquvchi “ekstrim-selfi” oqibatida vafot etdi