09:53 / 30.09.2018
4 701

Oʻzbekiston propiska tizimi bekor qilinmagan oz sonli davlatlardan biri hisoblanadi

Oʻzbekiston propiska tizimi bekor qilinmagan oz sonli davlatlardan biri hisoblanadi
Propiska tizimi bekor boʻlmaydi, lekin ayrim oʻzgarishlar kiritiladi

Oʻzbekiston propiska tizimi bekor qilinmagan oz sonli davlatlardan biri hisoblanadi. Ayniqsa Toshkent shahri va Toshkent viloyatiga propiska qilish boʻyicha taqiqlar qizgʻin muhokamalarga sabab boʻlib kelmoqda.

1999 yil fevral voqealaridan keyin Oʻzbekiston poytaxti Toshkent shahriga boshqa hududdan kelib erkin propiska qilish cheklandi. Viloyatlardan kelganlar poytaxtda roʻyxatga qoʻyilishi uchun Toshkent shahri hokimligi qoshida tuzilgan maxsus komissiyaga zarur hujjatlarni topshirishi zarur va aynan shu komissiyaning ijobiy xulosasiga koʻra ular ichki ishlar organlari tomonidan propiska qilina boshlandi.

Oʻsha paytda viloyatliklarga Toshkent shahridan uy sotib olish, keyinchalik hadya asosida qabul qilish ham toʻxtatildi.

Toshkent shahrida yashash yoki ishlash istagida boʻlgan boshqa hudud fuqarolariga ikki yoʻl qoldi: propiskasi bor qarindoshi yoki tanishi nomiga uy sotib olish, poytaxtga yondosh boʻlgan Toshkent viloyati tumanlariga propiskaga kirish. 2010 yildan boshlab bu imkoniyatga ham barham berildi – Toshkent viloyatiga propiskaga kirish ham maxsus komissiya xulosasiga koʻra mumkin boʻldi.

2011 yil 14 sentyabrda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiska qilinishi lozim boʻlgan shaxslar toifalari toʻgʻrisidagi qonunni imzoladi. Bu qonunga koʻra, 12 toifadagi fuqarolar Toshkent shahri va viloyatiga propiska qilinish imkoniyatiga ega boʻldilar.

Keyingi 6 yil ayrim kichik oʻzgarishlarni aytmaganda propiska masalasi asosan shu qonun bilan tartibga solib kelindi.

Ammo 2017 – 2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasida eʼlon qilingan:

“Toshkent shahri va viloyatida doimiy propiskaga ega boʻlgan fuqarolar uchun koʻchmas mulk sotib olish boʻyicha amaldagi talablarni soddalashtirish;

Toshkent shahri va viloyatida doimiy propiskaga ega boʻlmagan fuqarolar uchun asossiz spekulyatsiyaning oldini olish choralarini koʻrgan holda ikkilamchi bozordan koʻchmas mulk sotib olishga boʻlgan cheklovlarni bekor qilish”;

“Vaqtincha yoki doimiy propiskasiz yoxud turgan joyi boʻyicha hisobda turmagan fuqarolarni ishga qabul qilishga boʻlgan taqiq, shuningdek, vaqtincha yoki doimiy propiskasiz yoxud turgan joyi boʻyicha hisobda turmasdan yashab turgan fuqarolarni ishga qabul qilganlik uchun ish beruvchining javobgarligi bekor qilinsin”, deyilgan bandlar yana propiska masalasini kun tartibiga chiqardi va bu muammoga muntazam duch kelayotganlarda katta umid uygʻotdi.

Ammo harakatlar strategiyasida eʼlon qilingan muddat oʻtib boʻldi hamki tizimda oʻzgarish boʻlmadi. 2018 yilning sentyabr oyida bu masala yuzasidan bir qator yangiliklar eʼlon qilindi. Ularga koʻra endilikda:
  • Doimiy propiskaga qoʻyish uchun turar joy, vasiylik yoki homiylikni tasdiqlaydigan hujjatlar, nikoh tuzilganlik, tugʻilganlik toʻgʻrisidagi guvohnomalar nusxalarini notarial tasdiqlatish shart emas.
  • Roʻyxatning 5-bandi boʻyicha (propiskadagi shaxsga uylangan yoki turmushga chiqqan) propiskaga kirishda er-xotinning kamida bir yil birgalikda yashayotganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotnomani taqdim etish talabi ham bekor qilindi.
  • Bundan tashqari, oʻzgartirish bilan Roʻyxatning 5-bandi boʻyicha (propiskadagi shaxsga uylangan yoki turmushga chiqqan) propiska qilingan shaxs bir yil ichida nikohi bekor qilinsa, olingan doimiy propiskani yoʻqotishi belgilandi.
  • Shuningdek, tashkilot rahbari iltimosnomasi asosida doimiy propiskaga ega boʻlgan shaxs, xuddi shunday iltimosnoma kiritishi mumkin boʻlgan boshqa tashkilotga ishga oʻtgan taqdirda, uning propiskasi bekor qilinmaydi. Buning uchun fuqaro bir oy muddat ichida ish joyidan berilgan maʼlumotni ichki ishlar organlariga (pasport stolga) taqdim etishi lozim.
  • Propiskaga kirgan shaxslarning oila aʼzolarini propiskaga kiritish tartibi ham aniqlashtirildi.
  • Xususan, Roʻyxatning 5-bandi asosida (propiskadagi shaxsga uylangan yoki turmushga chiqqan) propiska qilinadigan fuqarolarning oldingi nikohidan yoki nikohsiz tugʻilgan farzandlari (oʻz oilasiga ega boʻlmagan) doimiy propiska qilinadi.
  • Xuddi shunday, Roʻyxatning 9 – 12-bandlari (respublika ahamiyatidagi tashkilotlarga ishga kirgan, saylangan shaxslar) propiska qilingan fuqarolarning ular bilan bir vaqtda doimiy propiskani rasmiylashtirmagan oila aʼzolarini (eri, xotini, shuningdek oʻz oilasi boʻlmagan farzandlari) doimiy propiska qilish, turar joy maydoni mulkdorining roziligi bilan tegishli ravishda amalga oshiriladi.
  • Oʻzgartirishlarga muvofiq Roʻyxatning 2-bandi asosida (qarindoshlik asosida) propiska qilingan fuqarolarning qarindoshlari (xotini yoki eri, oʻz oilasiga ega boʻlmagan voyaga yetgan bolalar hamda er-xotinning voyaga yetmagan bolalari bundan mustasno) Toshkent shahri va Toshkent viloyatiga doimiy propiska qilinmasligi belgilandi.

Koʻpchilik “Roʻyxatning 5-bandi boʻyicha (propiskadagi shaxsga uylangan yoki turmushga chiqqan) propiskaga kirishda er-xotinning kamida bir yil birgalikda yashayotganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotnomani taqdim etish talabi ham bekor qilindi”, degan yangilikni “Endi er yoki xotin bir yil oʻtishini kutmay birdaniga propiska qilinishi mumkin ekan”, deya talqin qildi.

Adliya vazirligi boshqarma boshligʻi oʻrinbosari Furqat Tojiyev bu mavzuga bagʻishlab oʻtkazilgan maxsus brifingda taʼkidlashicha, doimiy propiskaga kirish uchun bir yil muddat yashashi shartligi haqidagi talab bekor qilinmagan. Bir yildan soʻng birgalikdagi nikohni tasdiqlovchi nikoh guvohnomasidan tashqari boshqa maʼlumotnomalarni talab qilish bekor qilingan.

Ayni shu brifingda “Nega bu tizimdan, Toshkent shahrida propiskaga kirish boʻyicha cheklovdan butunlay voz kechilmayapti?” degan savolga Furqat Tojiyev shunday javob berdi: – Oʻtgan yillarda propiskasiz fuqarolarni ishga qabul qilganlik uchun ish beruvchining javobgarligi bekor qilinishini ham koʻpchilik kutgandi. Mana, bu ish amalga oshmoqda. Demak asta-sekin yengillashtirish choralari koʻrilaveradi.

Muallif: Abror Zohidov


Manba: Turon24

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Oʻzbekiston propiska tizimi bekor qilinmagan oz sonli davlatlardan biri hisoblanadi