07:01 / 03.10.2018
8 201

Xorazmda murda tirilib, sudda “koʻrsatma berdi”

2016 yilning 19 oktyabr kuni Urganch shahrida mudhish yoʻl-transport hodisasi yuz berdi. Yangi Shovot koʻchasi bilan Jayxun koʻchasi kesishgan chorrahada “Kaptiva” va “Lasetti” rusumli avtomashinalar toʻqnashib ketishi oqibatida, “Lasetti” haydovchisi Oybek Esamuratov, uning uch nafar farzandi turli darajada tan jarohati olishadi. Uning tanishi Mahbuba Quryazova esa ogʻir jarohatlar natijasida, shifoxonada vafot etadi. “Kaptiva” boshqaruvida boʻlgan Jasur Xudoyberganov yengil tan jarohati olgan.

Yangibozor tumani, Oybek koʻchasi, 3-uyda yashovchi Oybek Esamuratovning aytishicha, u chorrahadan svetoforning yashil chirogʻida oʻtayotganida, yon tomondan katta tezlikda kelgan va qizil chiroqda oʻtgan haydovchi Jasur Xudoyberganov boshqaruvidagi “Kaptiva” uning avtomashinasini urib yuborgan. Natijada, “Lasetti” 32 metr masofaga uchib ketgan va yoʻl chetidagi bordyurga borib urilgan.

Bu jinoyat ishi bir nechta sud instansiyalarida muhokama qilingan va soʻngra Oliy sud ajrimi chiqarilgan. Ularning barchasi Oybek Esamuratovni yoʻl-transport hodisasini sodir etganlikda aybdor deb topgan. Sudlar guvohlarning koʻrsatmalarini ishonchli deb topib, shu haqda hukm chiqarishgan. Ammo, negadir, bu “ishonchli” guvohlarning barchasi Jasur Xudoyberganovning tanishi yoki qarindoshi boʻlib chiqadi, ularning koʻrsatmalari esa xilma-xilligi, bir-biriga zidligi bilan ajralib turadi.

Guvohlarning koʻrsatmalarini sud hukmlaridan olib, qisqacha tanishamiz.

Birinchi guvoh Sherzod Jonibekov (Jasur Xudayberganovning tanishi) dastlabki tergov va Yangiariq tumani sudida “men 90 Q 993 FA davlat raqamli «Matiz” rusumli avtomobilimda chorrahada chap tomonga qayrilmoqchi boʻlib turganimda, “Lasetti” qarama-qarshi yoʻnalishdan soatiga 70-80 km tezlikda kelayotgan “Kaptiva”ni oʻtkazib yubormasdan, toʻqnashuv sodir qildi», degan. Ammo Xiva shahar sudida “men «Neksiya” rusumli avtomobilimda chorrahada oʻng tomonga qayrilmoqchi boʻlib turganimda, “Lasetti” qarama-qarshi yoʻnalishdan kelayotgan “Kaptiva”ni oʻtkazib yubormasdan, toʻqnashuv sodir qildi», degan. Qizigʻi shundaki, “Bilayn” kompaniyasi tomonidan taqdim qilingan peleng maʼlumotiga koʻra, Sherzod Jonibekov oʻsha vaqtda avtohalokat yuz bergan joyda boʻlmagan. U voqea joyiga bir soatdan soʻng yetib kelgan.

(Shu oʻrinda peleng haqida qisqacha tushuntirish. Uyali aloqa kompaniyalari pelengatsiyasi mijozning qoʻl telefoni signalidan va atrofidagi antennalarning holatidan kelib chiqib, uning qayerda ekanini aniqlash imkoniyatini beradi. Peleng maʼlumotidan dastlabki tergovda va sudda foydalaniladi).

Keyinchalik maʼlum boʻlishicha, 90 Q 993 FA davlat raqamli “Matiz” avtomobili umuman mavjud emas. Bunday raqamli “Neksiya” avtomobili bor va u ikkinchi guvoh sifatida koʻrsatma bergan Shavkat Xudoyberganovga tegishli. Uni ham eshitib koʻramiz.

Ikkinchi guvoh Shavkat Xudoyberganov (Jasur Xudoyberganovning amakisi) apellyatsiya sudida avtohalokat sodir boʻlishidan yarim soat oldin, Jasur Xudoyberganov bilan bir shisha aroq ichgani, shundan keyin, avtohalokat haqida eshitib, tezda yetib borganini, Sherzod Jonibekovni (birinchi guvohni) tanimasligini, uni voqea joyida koʻrmaganini hamda “Neksiya” avtomobilini hech kimga bermaganini aytgan.

Uchinchi guvoh Egambergan Roʻzmetov (Jasur Xudoyberganovning togʻasi) avtohalokat sodir boʻlgan paytda chorrahaga Sherzod Jonibekov (birinchi guvoh) bilan “Matiz” avtomashinasida birga borganini va “Lasetti” avtomashinasi “Kaptiva”ni oʻtkazib yubormay, avtohalokat sodir etgani haqida koʻrsatma bergan. Aslida, u voqea sodir boʻlgan paytda Shovot tumanidagi Qangli qishlogʻida, voqea joyidan 60 km (!) uzoqlikda edi. Buni UCELL kompaniyasining peleng maʼlumoti tasdiqlaydi.

Toʻrtinchi guvoh Rasul Mahmudov (Jasur Xudoyberganovning ukasi Mansurning doʻsti) dastlabki tergov va Yangiariq tumani sudida bergan koʻrsatmasida “Matiz” avtomashinamda ketayotganimda, “Lasetti” va “Kaptiva” toʻqnashuviga guvoh boʻldim, bunda “Kaptiva” yashil chiroqda chorrahaga kirib keldi», degan. Apellyatsiya sudida esa koʻrsatma biroz oʻzgaradi, “Matiz” avtomashinamda ketayotganimda, “Lasetti” va “Kaptiva” toʻqnashuviga guvoh boʻldim, bunda “Kaptiva” yashil chiroqda chorrahaga kirib keldi. Keyin mashinamdan tushib, voqea joyiga borganimda, doʻstim Sanjar Jabbarovni koʻrdim», degan. Xiva shahar sudida esa “Matiz” avtomashinamda doʻstim Sanjar Jabbarov bilan ketayotganimda, “Lasetti” va “Kaptiva” toʻqnashuviga guvoh boʻldim», deb aytgan. Qizigʻi shundaki, UMS kompaniyasi peleng maʼlumotiga koʻra, Rasul Mahmudov shu vaqt oraligʻida doʻsti Sanjar Jabbarov bilan 7 marta telefonda suhbatlashgan. Yaʼni, agar u mashinada doʻsti bilan birga boʻlsa, demak yoʻlda telefonda suhbatlashib ketgan ekan-da?..

Beshinchi guvoh Sanjar Jabbarov (Jasur Xudoyberganovning ukasi Mansur Xudoyberganovning doʻsti) avvalgi guvohning koʻrsatmalarini takrorlaydi. Yaʼni, oldin u voqea joyiga piyoda yetib kelganini aytadi, biroq, keyinchalik, koʻrsatmasini oʻzgartirib, “Rasul Mahmudovning «Matiz”ida keldim», deydi.

Oltinchi guvoh Ollanazar Matyaqubov (Jasur Xudoyberganovning otasining sinfdoshi) dastlabki tergovda “Kaptiva” avtomashinasi chorrahada toʻxtamasdan, svetoforning yashil chirogʻida oʻtib ketayotganida...», degan. Ammo apellyatsiya sudida esa chorrahaga kelganida, «Kaptiva» va “Damas” avtomashinasi qizil chiroqda toʻxtab turganini, yashil chiroq yonganidan soʻng, harakatlanganini aytgan.

Ushbu guvohlarning bir-biriga zid boʻlgan, chalkash koʻrsatmalari ularning xolis ekanligidan, rost gapirayotganidan dalolat beradimi? Ammo bu koʻrsatmalar sud hayʼati tomonidan ishonchga sazovor deb topilgan.

Yana bir qiziq tomoni, voqeaning asosiy ishtirokchisi, “Kaptiva” haydovchisi va jabrlanuvchi deb topilgan Jasur Xudoyberganov faqat dastlabki sudda qatnashgan xolos. Keyingi uchta sud majlisida u ishtirok etmagan. Oybek Esamuratov advokatining Xudoyberganovni sudga olib kelish haqidagi talablari negadir qondirilmagan. Dastlabki sudda Jasur Xudoyberganov bir shisha vino ichgan holda transport vositasini boshqarganini tan olgan. U bilan birga boʻlgan guvoh Shavkat Xudoyberganov esa bir shisha aroq ichdik degan.

Bundan tashqari, Jasur Xudoyberganov dastlabki tergovda “rulda men emas, otam edi”, deb koʻrsatma bergan. Uning otasi Xudoybergan Xudoyberganov ham oʻgʻlining voqea joyida boʻlmaganini va transport vositasini shaxsan oʻzi boshqarganini, avtohalokat natijasida jarohat ham olgani haqida tergovda koʻrsatma bergan. Buni isbotlash maqsadida, qoʻlini kesib, oʻziga tan jarohati yetkazgan. Ammo ekspertiza natijasida “Kaptiva” salonidagi qon dogʻlari va soch tolasi Jasur Xudoyberganovga tegishli ekani aniqlangan. Ota-bola Xudoyberganovning tergov va sudni chalgʻitishga boʻlgan bu harakatlariga sudda hech qanday baho berilmagan.

2017 yil 20 noyabr kuni Jinoyat ishlari boʻyicha Xiva shahar sudi mana shu guvohlarning koʻrsatmasini ishonchli deb hisoblab, Oybek Esamuratovni aybli deb topib, 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum etgan. Bundan tashqari, Jasur Xudoyberganov foydasiga 36 million soʻm undirilishini belgilagan.

2018 yil 15 fevraldagi apellyatsiya sudi bu qarorni oʻzgartirib, Oybek Esamuratovni 2 yillik shartli qamoq jazosiga hukm qilgan.

Oybek Esamuratov avtohalokat natijasida 5 kun komada yotadi. Natijada, voqea yuz bergan paytda guvohlarni jalb qilish imkoniyatidan mahrum boʻladi.

Keyinchalik, u voqeani koʻrgan boshqa guvohlarni aniqlash maqsadida, matbuotda va TVda eʼlon berish haqida tergovchiga iltimosnoma taqdim qiladi. Ammo negadir u rad qilinadi. Shundan soʻng, Oybek Esamuratov mustaqil ravishda bekatlarga, simyogʻochlarga eʼlon yopishtiradi, taksi haydovchilaridan surishtiradi. Natijada, katta qiyinchilik bilan bir necha guvohni topishga muvaffaq boʻladi.

Bu guvohlar - Salomat Saʼdullayeva, Hamza Musabekov, Farhod Madrimov, Murod Xajiyev va Xursandbek Karimov “Kaptiva” avtomashinasi katta tezlikda chorrahaga kirib kelib, toʻqnashuv sodir qilganini koʻrgani haqidagi koʻrsatma berishgan. Ammo sud bu guvohlar voqea joyida boʻlmagani tufayli koʻrsatmalarni ishonchga sazovor emas deb topgan.

Xiva shahar sudi bu guvohlarning Oybek Esamuratov bilan 2016 yil dekabr oyidan 2017 yil sentyabr oyiga qadar juda koʻp marta telefon orqali suhbatlashgani tufayli, ularning koʻrsatmasini ishonchli emas (!) deb topgan. Ammo uyali aloqa kompaniyalari pelengi asosida ular voqea joyida boʻlganiga eʼtibor qaratmagan.

Endi marhum Mahbuba Quryazova tirilib, sudda qanday koʻrsatma bergani haqidagi moʻjizaviy holatga eʼtibor beramiz.

2016 yil 3 noyabr kuni, yaʼni Mahbuba Quryazovaning vafotidan 14 kun oʻtgach (!) fuqarolik ishlari boʻyicha Shovot tumanlararo sudi, oʻz binosidagi ochiq sud majlisida ajrim chiqaradi.

Unda daʼvogar Mahbuba Quryazovaning eri Furqat Boltayevga nisbatan nikohdan ajratish haqidagi arizasi koʻrib chiqiladi. Raislik qiluvchi sud raisi J.Sultanova, kotib X.Matyaqubov ishtirokida Mahbuba Quryazovaning eri bilan yarashib olgani va daʼvodan voz kechish haqidagi arizasini inobatga olib, fuqarolik ishini yuritishdan toʻxtatadi. Mahbuba Quryazovaga FPKning 102-moddasiga asosan, ish yuritishning tugatish oqibatlari tushuntiriladi.

Qabrda yotgan odamning sudga qanday kelgani va unga qanday qilib tushuntirish berilganini bilmaymiz. Ammo, bu haqdagi hujjat qoʻlimizda mavjud.

Xoʻsh, bu ishning avtohalokatga qanday aloqasi bor dersiz? Gap shundaki, Furqat Boltayev sudlarda Mahbuba Quryazovaning eri sifatida ishtirok etgan va javobgarni jazolashni, shuningdek, maʼnaviy zarar undirib berishni talab qilgan. Uning maʼnaviy zarar haqidagi talabi jinoyat ishlari boʻyicha sud vakolatida emasligi sababli rad etilib, fuqarolik ishlari boʻyicha sudga murojaat qilish huquqi tushuntirilgan.

Oybek Esamuratovga nisbatan chiqarilgan ayblov hukmi nimalarga asoslangani qiziq. Guvohlar Jasur Xudoyberganovning tanishi, qarindoshi boʻlgani, ularning koʻrsatmalari chalkash va bir-biriga zid boʻlishi, bu koʻrsatmalarning inobatga olinmasligiga asos boʻlishi kerak emasmidi? Qonunan qaralganda esa, qasam ostida yolgʻon koʻrsatma bergani uchun ularning ustidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilishi lozim edi.

Ammo jinoyat ishi Oybek Esamuratov foydasiga guvohlik bergan Farhod Madrimov ustidan ochilgan va u yolgʻon guvohlik berganlikda aybdor deb topilib, 6 oy axloq tuzatish ishlariga hukm qilingan.

Ayni paytda, Oybek Esamuratov 2 yillik shartli qamoq jazosini oʻtayapti, oyligining 20 foiz miqdorini davlat foydasiga oʻtkazib kelmoqda. Bundan tashqari, Jasur Xudoyberganovga 36 million soʻm toʻlab berishi ham kerak. Ammo u oʻzining mutlaqo aybsiz ekaniga ishonchi komil.

P.S. Mast holda transport vositasini boshqargan Jasur Xudoyberganovga bu holat yuzasidan qanday chora koʻrilganini bilmaymiz. Ammo 2017 yil 23 fevral kuni (avtohalokatdan 4 oy oʻtgach) unga nisbatan rasmiylashtirilgan yana bir maʼmuriy bayonnoma ham bor. Unda Jasur Xudoyberganov yonida hech qanday hujjat boʻlmagan holda, mast holda yana oʻsha “Kaptiva”ni boshqarib, qoidabuzarlikka yoʻl qoʻygani yozilgan.

Nurmuhammad Said

Manba: Kun.uz


arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Xorazmda murda tirilib, sudda “koʻrsatma berdi”