07:31 / 04.10.2018
6 201

Chilonzor tumani hokimi Toshkent shahri hokimiga oʻrinbosar boʻldi

Chilonzor tumani hokimi Toshkent shahri hokimiga oʻrinbosar boʻldi
Toshkent shahar hokimligida bir qator yangi tayinlovlar amalga oshirildi.

Chilonzor tumani hokimi Davron Hidoyatov Toshkent shahri hokimiga oʻrinbosar boʻldi.

Toshkent shahar hokimligi Matbuot xizmati “Kun.uz”ga xabar qilishicha, Davron Abdulpattaxovich Hidoyatov Toshkent shahar hokimining arxitektura, kapital qurilish va kommunikatsiyalarni rivojlantirish masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari lavozimiga tayinlangan.

U bu lavozimda Nodirjon Ergashevich Maksumovning oʻrnida ish boshlaydi.

Davron Xidoyatov 1976 yil Toshkent shahrida tugʻilgan. 1998 yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini, 2001 yilda Oʻzbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasini tamomlagan.

Koʻp yillar Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi sifatida ishlagan Hidoyatov 2017 yilning aprelida lavozimdan olinib, Chilonzor tumani hokimligiga tushirilgandi.

Shu yilning iyunida u Toshkent shahridagi barcha tumanlar hokimlari bilan bir kunda ishdan olinib, hokim vazifasini bajaruvchi sifatida lavozimga qayta tayinlangandi.

Ayni vaqtda Chilonzor tumaniga kim yangi hokim boʻlgani toʻgʻrisida maʼlumot yoʻq.

Toshkent shahri hokimligida oʻtkazilgan yigʻilishda yana bir tayinlov amalga oshirilgan.

Hayot Ilyasovich Inogʻamov Toshkent shahar hokimi oʻrinbosari – Toshkent shahar kanallardan foydalanish va ularga tutash hududlarni obodonlashtirish boshqarmasi boshligʻi lavozimiga tayinlangan.

Bunga qadar Hayot Inogʻamov Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Tashkent City” xalqaro ishbilarmonlik markazi Direksiyasi davlat unitar korxonasi direktorining birinchi oʻrinbosari lavozimida ishlagan.

U 1986 yil Toshkent shahrida tugʻilgan. 2008 yilda Toshkent avtomobil va yoʻllar institutini tamomlagan.

Bundan avvalroq Markaziy bank raisi oʻrinbosari Sherzod Rafatovich Xadjizadayev Qahramon Aripov oʻrniga Toshkent shahar hokimining iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari lavozimiga tayinlangani xabar qilingandi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Chilonzor tumani hokimi Toshkent shahri hokimiga oʻrinbosar boʻldi