22:05 / 05.10.2018
5 567

Yoʻlkira puliga qizini sotgan ayol qismati...

Yoʻlkira puliga qizini sotgan ayol qismati...
Gʻijduvonlik Sh. Sunnatova (ism-familiyalar oʻzgartirildi) oʻzining olti yashar qizini 2 million 100 ming soʻmga sotayotgan paytda jinoyat ustida qoʻlga olindi.

— Gʻijduvon tuman xalq taʼlimi boʻlimidan menga qoʻngʻiroq qilishdi, — deydi suddagi koʻrsatmasida jabrlanuvchi J. Boymirzayev. — Qizim A. Yorqulova bolalar uyiga topshirilgani, xohlasam oʻzimning qaramogʻimga olishim mumkinligini aytishdi. Shundan soʻng men tezda harakatga tushdim, qi­zimni uyga olib keldim. Eshitdimki, sobiq xotinim qizim Azizani 2 million 100 ming soʻmga sotayotgan paytda huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan qoʻlga olingan ekan...

Jasur bilan Shohidaning nikoh toʻyi 2010 yilda boʻlib oʻtadi, 2011 yilda esa, ular oilasida qizlari Aziza dun­yoga keldi. Oʻzaro kelishmovchiliklar sababli 2014 yilda Jasur bilan Shohida qonuniy tartibda ajrashishdi. Fuqarolik ishlari boʻyicha Gʻijduvon tumanlararo sudining qaroriga asosan J. Boymirzayev voyaga yetmagan farzandi Aziza uchun aliment puli toʻlay boshladi.

Shohida turmushi buzilgach, qizi bi­lan ota-onasinikida yashay boshlaydi. Ammo uning qadam olishi uydagilarga maʼqul tushmagach, yana kelishmovchilik kelib chiqadi. Oqibatda Shohida ota-onasining uyidan ham chiqib ketadi. Shundan soʻng u qizi bilan Gʻijduvon tumanining turli manzillarida yashab yura­di. Qizini enagaga topshirib, oʻzi oshxonalarning birida ishlay boshlaydi. Shu orada xorijga chiqib, ishlab kelish haqida oʻylay boshlaydi, ammo qizi Aziza qoʻl-oyogʻini ipsiz bogʻlab turgani ayolga yoqmaydi.

Ana shunday kunlarning farzand koʻrolmay, tirnoqqa zor boʻlib yurgan Tolib Suyunov uchrashib qoladi. T. Suyunov Azizani koʻrib, uni boqib olishga rozilik bildiradi va bola uchun qancha pul berishi kerakligini soʻraydi. Bunga javoban Shohida xorijga ishlashga borishi uchun yoʻl­kiraga 250 AQSH dollari bersa, kifoya ekanini aytadi. U qizini Navoiy shahridagi Farhod madaniyat saro­yi­ning orqa tomonidagi boq­qa olib kelib, unga topshirishini bildiradi.

Oʻsha kuni Shohidaga Sh. Arziyev degan tanishi hamroh boʻldi. Ularni Tolib Suyunovning tanishi Nozima Nazarova kutib oladi. Shundan soʻng Shohida bilan Nozima bir-birlariga Aziza Yorqulovani olganlik va topshirganlik haqida tilxat yozib berishdi. Shuningdek, Shohida N. Nazarovadan bolasi evaziga puli sifatida 2 million 100 ming soʻm olgani haqida ham tilxat yozib berdi. Shuningdek, u yana 250 AQSH dollari berishga rozilik bildiradi. Ishlar pishgandek edi goʻyo... Ammo voqea joyiga huquqni muhofaza qiluvchi idora xodimlari yetib kelishdi. Shu tariqa Sh. Sunnatova oʻziga moddiy, oilaviy jihatdan qaram va ojiz ahvolda boʻlgan voyaga yetmagan farzandini sotayotgan vaqtda xolislar ishtirokida ashyoviy dalillar bilan qoʻlga olindi.

Sud sudlanuvchilarni Jinoyat kodeksining 135-moddasi 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topdi va Sh. Sunnatovani ol­ti yil, Sh. Arziyevni esa, besh yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish toʻgʻrisida hukm chiqardi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Yoʻlkira puliga qizini sotgan ayol qismati...