16:25 / 08.10.2018
5 838

UXX Rossiyaning “Vagner” XHK yollanma jangchisi boʻlgan Oʻzbekiston fuqarosi ismini oshkor qildi (foto)

UXX Rossiyaning “Vagner” XHK yollanma jangchisi boʻlgan Oʻzbekiston fuqarosi ismini oshkor qildi (foto)
Ukraina xavfsizlik xizmati (UXX) Rossiyaning xususiy harbiy kompaniyasi (XHK) “Vagner”ning yollanma jangchilari boʻlgan 206 nafar shaxsning ismlarini maʼlum qildi. Ushbu roʻyxatdan Oʻzbekistonning bir fuqarosi ham joy olgan boʻlib, u Suriyadagi harbiy harakatlarda ishtirok etgan, deya xabar beradi Ukraina maxsus xizmatiga tayanib Kun.uz.

Ukraina maxsus xizmati roʻyxatdagi shaxslardan birining - Oʻzbekiston fuqarosi Dilshod Mamajonovning shaxsiy hujjatlari suratini eʼlon qildi. UXX maʼlumotlariga koʻra, u fevral oyida jiddiy jarohatlangan va Rossiya harbiy samolyoti yordamida Suriyadan olib chiqib ketilgan. Xususan, mahkama Mamajonov pasportining vizalar urilgan sahifalari suratini ham eʼlon qilgan.

“Mavjud hujjatlar shuni koʻrsatadiki, bu shaxs Rostov-Dondan Suriyaga 2017 yil 30 avgustda «Vagner” XHK maxfiy harbiy kontingentining navbatdagi partiya tarkibida joʻnab ketgan. Muhim narsa shundaki, pasportda Suriya hududida chegara nazoratidan oʻtganlik haqida hech qanday belgi yoki muhr yoʻq», - deya taʼkidlaydi UXX.

Mamajonovning pasportida Suriya hududida chegara nazoratidan oʻtganligi haqida hech qanday maʼlumot yoʻq. “Bu Rossiya Federatsiyasida yuqori darajada rossiyalik harbiylar boshqa davlatlar hududida terrorchilik faoliyatida ishtirok etish faktlarini atayin yashirish amaliyoti borligini yana bir bor tasdiqlaydi”, - deyiladi UXX xabarida.

“Vagner” XHK - xususiy harbiy tashkilot. Fevralda OAV Suriyada xalqaro koalitsiyaning zarbasi oqibatida “Vagner” XHK yollanma jangchilari halok boʻlgani haqida xabar berdi. “Kommersantʼ”ga koʻra, 11 kishi halok boʻlgan. Biroq, Donbassdagi isyonchilar sobiq qoʻmondoni Igor Strelkov maʼlumotiga qaraganda, gap 644 kishi haqida ketmoqda. Oʻshanda Rossiya hukumati besh nafar rossiyalikning oʻlimini tasdiqladi, ammo ular harbiy xizmatchilar boʻlmaganini maʼlum qildi.

Aprel oyida Reuters oʻz tekshiruvi natijalarini eʼlon qildi, unga koʻra, rossiyalik yollanma jangchilar Rostovdagi “Platov” aeroportidan Suriyaga joʻnatiladi. Oʻtgan yilning yanvaridan joriy yilning mart oyigacha boʻlgan 14 oy davomida agentlik Damashq va Lataqiyadan Rostov-Donga va aksincha yoʻnalishda 51ta reys amalga oshirilganini aniqladi.

Eslatib oʻtamiz, avvalroq “DXR”dagi jangovar harakatlarda ishtirok etgan shaxs Oʻzbekistonga ekstraditsiya qilinishi xabar berilgandi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)