12:30 / 09.10.2018
2 946

9 yil davomida bedarak yoʻqolgan oʻzbekistonlik yigit oilasi bagʻriga qaytarildi

9 yil davomida bedarak yoʻqolgan oʻzbekistonlik yigit oilasi bagʻriga qaytarildi
2009 yil sentyabr oyining boshlarida Rossiya Federatsiyasining Vladivostok shahridan Oʻzbekiston Respublikasi tomon yoʻlga chiqqan poyezdda ota-onasi va yaqinlarining diydoriga intiqqancha shoshib kelayotgan 19 yoshli Nazmiddin Saipov ham bor edi. Ammo kutilmagan vaziyatlar uni oʻz manziliga yetib kelishiga toʻsqinlik qildi. Kutilmaganda u Qozogʻiston hududiga yetib kelganda poyezddan qolib ketgan va toʻsatdan izsiz gʻoyib boʻlgan.
Yillar davomida N.Saipovning ota-onasi va yaqinlari u tushib qolgan poyezd bekatini, uning atroflarini hattoki, Chimkent shahrigacha boʻlgan hududlardan izlagan. Uni topish uchun bormagan joyi, murojaat qilmagan eshigi qolmadi, ammo uning daragi ha, deganda hech qayerdan chiqmagach N.Saipov rasman bedarak yoʻqolgan shaxs sifatida eʼlon qilingan. Ammo 9 yil oʻtib, toʻsatdan ijtimoiy tarmoqlarda oʻzi endigina 27 yoshga toʻlgan rasmda esa undan yoshi kattaroq koʻrinuvchi, ahvoli tang holatdagi N.Saipovning rasmi paydo boʻladi. Uni koʻrgan Samarqand viloyatining Nurota tumanida joylashgan Nurbuloq qishlogʻining aholisi rasmdagi yigitni koʻriboq taniydi va quvonchi ichiga sigʻmay zudlik bilan uning ota-onasiga xabar bergani boradi.

Rasmni koʻrgan N.Saipovning ota-onasi va yaqinlari zudlik bilan ushbu rasmni kim internet tarmogʻiga joylaganini aniqlashga kirishadi. N.Saipovning ukasi Fazliddin Saipov turli ijtimoiy saytlar orqali Qozogʻistonda boʻlgan oʻzbek fuqarolariga iltimosnoma yozib, akasini qayerda va kim bilan, qay ahvolda ekanligini aniqlashga harakat qiladi. N.Saipovning otasi esa vujudida ming hayajon va yillar davomida yigʻilgan sogʻinch bilan Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziriga ariza bilan murojaat qilib, holat haqida maʼlumot beradi va farzandini uyga qaytarishda amaliy yordam berishini soʻraydi.

Oʻz oʻrnida, mazkur holat yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Terrorizm va ekstremizga qarshi kurashish bosh boshqarmasi xodimlari N.Saipovni qidirib topish choralarini koʻradi. Aniqlanishicha, ushbu rasmni Oʻzbekistondan vaqtinchalik ishlash uchun Qozogʻiston Respublikasiga borgan Baxriddin Hamidov telefoniga suratga olib, Fargʻona viloyati Oʻzbekiston tumanida boʻlgan ukasi Nuriddin Homidovga yuborib, ushbu rasmdagi yigit oʻzbek fuqarosi ekanligini va koʻp yillardan buyon Qozogʻistonda yurganligini hamda uning yaqinlarini topishga harakat qilib koʻrishini aytadi. Akasining gaplaridan soʻng N.Xomidov uning rasmni ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatib, N.Saipovning yaqinlarini qidira boshlaydi. N.Saipovning tirikligidan va qayerda ekanligidan yaqinlari shu tariqa xabardor boʻlgan.

N.Saipovning otasi Xudoyberdi Niyozov sabri yetmay ukasini olib, oʻgʻli rasmga tushirilgan Jambul viloyatining Taroz shahriga boradilar. Taqdirning oʻyinini qarangki, N.Saipov bundan oldinroq yon atrofidagi insonlarning soʻzlaridan uni qidirayotganidan xabardor boʻladi va oʻzi ishlab yurgan joyning egasiga ushbu xabarni aytib, turgan joyidan ketib qoladi. Shundan soʻng, N.Saipovni topa olmagan otasi va amakisi Oʻzbekistonga qaytib kelib, yangi xabarni kuta boshlashadi. Bu vaqtda esa vazirlikning Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish bosh boshqarmasi xodimlari qonun doirasida lozim boʻlgan barcha ishlarni amalga oshirib, uni zudlik bilan Vatanga qaytarish ishlarini olib borayotgan edi.

Dastlab, Qozogʻiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligiga soʻrov xati yuborgan, bundan tashqari N.Saipovni qidirib topish uchun Oʻzbekiston Respublikasining Olmota shahridagi bosh konsulxonasi ham Qozogʻistonning Ichki ishlar vazirligiga soʻrov xati bilan murojaat qilgan. Oʻz oʻrnida, ikki vazirlik N.Saipovning aniq manzilini topish uchun hamkorlikda bir qator tadbirlar oʻtkazdilar.

Shunday boʻlsada, N.Saipovning ukasi ham qoʻl qovushtirib oʻtirmay, internet saytlari orqali Qozogʻistonda yurgan yurtdoshlaridan yordam soʻraydi.

Oradan vaqt oʻtib, harakatlar ijobiy samara berib, N.Saipovning aniq manzili topiladi. U Qozogʻiston Respublikasi Jambul viloyatining Taroz shahridagi bozordan topilgan. Buning xabarini eshitgan N.Saipovning otasi va amakisi u ushlab turilgan politsiya mahkamasiga borgan hamda aynan oʻsha yerda yillar davomida sogʻinchga toʻlgan koʻzlar bir-biri bilan uchrashgan. Beixtiyor ota farzandi bilan uchrashgani haqida oila aʼzolariga xabar berish maqsadida Samarqandga qoʻngʻiroq qilib, N.Saipovni onasi va ukasi bilan telefon orqali gaplashtiradi. Ammo suhbat jarayonida N.Saipov ukasi Fazliddinni taniy olmagan, akasidan nima uchun shu vaqtga qadar oʻzi haqida biron-bir xabar bermagini soʻraganida xech qanday javob qaytarmagan. Keyinroq N.Saipov oʻtgan 9 yil vaqt oraligʻida boshidan qattiq jarohat olib, sogʻligi u qadar yaxshi holatda boʻlmaganigi va koʻp holatlarni eslay olmasligi maʼlum boʻldi.

N.Saipovning shaxsini tasdiqlovchi hujjati yoʻqolgani sabab Oʻzbekiston Respublikasining Ichki ishlar vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi hamda Oʻzbekiston Respublikasining Olmota shahridagi bosh konsulxonasi yordamida “Vatanga qaytish guvohnomasi” rasmiylashtirilib, joriy yilning 4 oktyabr kuni N.Saipov yashash manziliga qaytib kelishi taʼminlandi.

Hozirda N.Saipovga Odam savdosiga qarshi kurashish boʻyicha Respublika idoralararo komissiyasi tomonidan psixologik va tibbiy yordam koʻrsatish choralari koʻrildi.

Shuni qayd etish kerakki, 9 yil ota-onasi, yaqinlaridan yiroqda boʻlgan N.Saipovni oʻz Vataniga qaytarishda elektron ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqda faol boʻlgan fuqarolar, Qozogʻiston va Oʻzbekiston Respublikalari Ichki ishlar vazirliklarining oʻrni muhim ahamiyat kasb etdi. Oʻz oʻrnida, soʻngan qalblarga birinchi boʻlib, umid chiroqlarini yoqqan Fargʻona viloyatining Oʻzbekiston tumanida yashovchi aka-uka Baxriddin va Nuriddin Hamidovlarga alohida minnatdorchilik bildirilib, Ichki ishlar vazirligi hamda Fargʻona viloyati Odam savdosiga qarshi kurashish boʻyicha hududiy idoralararo komissiyasining raisi – Fargʻona viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi nomidan tashakkurnoma tantanali ravishda topshirildi.

Oʻz navbatida, biz ham N.Saipov uyiga, ota-onasi bagʻriga qaytgani bilan tabriklaymiz hamda uning topilishida oʻz imkon darajasida yordam bergan barcha ommaviy axborot vositalariga, Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi va Olmota shahridagi bosh konsulxonasiga, Qozogʻiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligiga, shuningdek ushbu holatga befarq boʻlmagan barcha insonlarga minnatdorchiligimizni bildiramiz,-deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi IIV Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi.

Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » 9 yil davomida bedarak yoʻqolgan oʻzbekistonlik yigit oilasi bagʻriga qaytarildi