19:22 / 09.10.2018
2 898

Frederik Bopertyui-Bressand xonimning ajdodlari oʻzbek boʻlganmi?

Frederik Bopertyui-Bressand xonimning ajdodlari oʻzbek boʻlganmi?
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Fransiyaga rasmiy tashrifi doirasida 8 oktyabr kuni mamlakatimizning Parijdagi elchixonasida Fransiyadagi Temuriylar tarixi va madaniyatini oʻrganish assotsiatsiyasi prezidenti, tarixchi olima Frederik Bopertyui-Bressand xonimga Samarqand shahrining faxriy fuqarosi unvoni berildi.

Butun ilmiy faoliyatini Samarqand, xususan, temuriylar davrini oʻrganish va uni targʻib etishga bagʻishlagan fransuz olimasi bilan 2017 yil yurtimizga safari chogʻida suhbatlashgan edik. Oʻshanda olima “Samarqandning faxriy fuqarosi boʻlish mening bir necha yillik orzuim”, degandi. Qarangki, oradan bir yil oʻtib, uning orzusi ushaldi. Oʻz navbatida biz ham maʼrifatli fransuz hamshahrimiz borligidan faxrlanamiz!

Mashhur Urgut bozorining kashtadoʻzlik mahsulotlari rastasida beqasam nimcha kiyib, kashtali xalta koʻtarib olgan, oʻz fikrini ruschada bayon qilib, hayratini fransuzcha “o-lya-lya!“, deya ifoda etayotgan chet ellik xonim barchaning eʼtiborini tortdi.

Sotuvchilar xorijlik xonimga sotish ilinjida soʻzanayu kashtalariga taʼrif bera boshladi. Fransuz xonimi ularning baʼzilarini eshitib, miyigʻida kulib qoʻydi. Soʻng sherigiga qarab: “Bu samarqandcha nusxadagi soʻzana, bu kashtaning gulini surxonliklar tikadi, mana bu mashhur buxorocha naqsh…“, deya kashtalarni, ulardagi naqsh maʼnolarini taʼriflay boshladi. Sotuvchilar tilini tishlab qoldi: “Qalampiru quyosh nusxalarimizning taʼrifini keltirayotgan bu fransuz xonimi kim oʻzi?“.

Samarqandga ilk muhabbat

Libosidan tortib qadim Buxoro va Samarqand meʼmoriy obidalari tasviri tushirilgan eski suratlarni avaylab joylab qoʻygan safar sumkasi-yu taqinchoqlarigacha samarqandlik hunarmandlar tomonidan yasalgan. U bu liboslarni koʻz-koʻz qilish uchun faqat Oʻzbekistonda emas, AQSH, Ispaniya, Fransiya – ish yuzasidan qaysi yurtga bormasin, oʻsha yerda ham kiyadi. Uning garderobida bunday liboslar, adras chopon, nimcha, lozim, koʻylak va doʻppilarning xilma-xili mavjud.

Frederik xonim shunchaki tarixiy obidalarimiz va madaniy merosimiz, libosu sanʼatimizga oshufta sayyoh ayol emas. Frederik Bopertyui-Bressand – tarixchi olima, Fransiyadagi Temuriylar tarixi va madaniyatini oʻrganish assotsiatsiyasi prezidenti. Assotsiatsiya muassisligida chop etiladigan “La Timuride“ jurnali bosh muharriri. Frederik xonimning Oʻzbekiston, temuriylar tarixi bilan bogʻliq tadqiqotlar olib borishi-yu bu oʻlkani chuqur tadqiq etishi faqat assotsiatsiya rahbarligi emas, bu ishlarning ildizi uning muhabbati tufaylidir. Oʻzbekistonga, Samarqandga maftunligi bir paytlar kasbining ham oʻzgarishiga sabab boʻlgan.

– Birinchi marta Oʻzbekistonga 1977 yilda kelgandim, – deya xotirlaydi Frederik xonim. – Oʻshanda Fransiyadagi universitet talabasi boʻlib, rus va xitoy tillarini oʻrganayotgandim. Rus tilini yaxshiroq oʻzlashtirish, uning barcha nozik jihatlarini tushunish uchun sobiq ittifoq tarkibidagi qariyb barcha davlatlarda boʻldim. Shunday safarlardan birida Samarqandga ham keldim. Ilk tashrifimdanoq bu yer men uchun anglab boʻlmas darajada qadrdon tuyuldi. Fransiyaga qaytgach, minoralaru niliy gumbazlar tushlarimga kira boshladi. Oradan bir necha yil oʻtgach, yana keldim.

Shohi Zinda, Registon, Bibixonim… Har birining tarixiyu yaqin oʻtmishini qiziqish bilan oʻrganar ekanman, bu yurt odamlarining samimiyati, hunarmandlari mahsulotlaridagi jilolarga yanada koʻproq bogʻlanib qola boshladim. Fotoapparatimni oldimu shaharni piyoda aylandim. Obidalar, koʻchalar, odamlaru binolar bir-bir fotoapparat nishoniga tusha boshladi. Fransiyaga qaytgach, ularni tomosha qilarkanman, fotokoʻrgazma uchun yetarli suratlar borligi xayolimdan oʻtdi. Xayol koʻp oʻtmay haqiqatga aylandi. Koʻrgazmada Oʻzbekiston tarixidan xabardor, temuriylar davrini oʻrgangan bir necha olimlar ham ishtirok etdi. Temuriylar davrining boy madaniy merosini tadqiq etgan fransiyalik olim Lyusyen Keren bilan ham shu koʻrgazmada tanishdim. U bilan temuriylar davri haqida ancha suhbatlashdik. Shundan soʻng bu davr tarixi, Amir Temur shaxsi, uning ota, hukmdor, diplomat, jangchi sifatidagi qirralari haqida har hafta suhbatlashadigan boʻldik.

“Koʻrgazma bahonasida siz bilan tanishib, temuriylar tarixi bilan bogʻliq qiziqishlarimni baham koʻryapman. Ehtimol, bu davrga qiziquvchilar koʻpdir. Ularni jamlab, assotsiatsiya tashkil qilsak, nima deysiz?“. Bu taklifim olimga maʼqul keldi. Shu tariqa koʻp oʻtmay, 1988 yilning 22 martida Temuriylar tarixi va madaniyatini oʻrganuvchilar assotsiatsiyasi tashkil etildi. Uzoq yillar ushbu uyushmaga ustozimiz, tarixchi olim, professor Lyusyen Keren boshchilik qildi. Suhbatlar qizgʻin ish jarayoniga aylandi. Avval Fransiya, soʻng boshqa davlatlardan ham temuriylar tarixini oʻrganuvchi, qiziquvchi olimlarni assotsiatsiyaga jalb eta boshladik. Oʻsha yillarni eslayman. Oʻzbekistonga assotsiatsiyamiz tashkil etilganini maʼlum qilish hamda hamkorlikda ish olib borishni taklif qilish maqsadida tashrif buyurdik. Ming afsus, u paytlar, sobiq ittifoq tarkibida boʻlgan yurtda Amir Temur shaxsi haqida pichirlab gaplashishar edi. Faqat 1991 yil, yaʼni Oʻzbekiston suveren davlat sifatida eʼlon qilingandan soʻng aloqalar yaxshilanib, hamkorlikda qator ishlarni amalga oshirdik.

Oʻzbek madaniyatining Fransiyadagi targʻibotchisi

Assotsiatsiya tomonidan amalga oshirilgan ishlar xususida qisqacha toʻxtalib oʻtsak. Uyushma tomonidan oʻtgan yillar davomida Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Arxeologiya instituti, Temuriylar tarixi davlat muzeyi va boshqa tashkilotlar bilan aloqalar oʻrnatildi. Frederik Bopertyui-Bressand 2007 yilda Samarqand shahrining 2750 yillik yubileyi doirasida oʻtkazilgan xalqaro konferensiyada “Temuriylar davri musiqasi“ mavzuidagi maʼruza bilan ishtirok etdi. Shu yillarda Parijda “Moviy Samarqand“ va “Sehrli Samarqand“ kitob-albomlari nashr etildi. Samarqandda oʻtkazilgan kitob taqdimotlaridan birida “Siz tufayli Samarqandga boshqacha nazar bilan qaray boshladik“ degan lutfni eshitgan Frederik xonim bu eʼtirofni haliyam koʻnglida asrab yuradi. Assotsiatsiya Oʻzbekiston madaniyati va sanʼatini nafaqat Fransiya, balki butun Yevropa, AQSHda ham keng targʻib qilmoqda. Xususan, Parijda Oʻzbekiston xalq artisti Munojot Yoʻlchiyevaning konserti, rassom Bobur Ismoilov va kulol Abdulla Narzullayevning koʻrgazmalari tashkil etildi.

2016 yilda Germaniyada oʻtkazilgan “Alisher Navoiy va uning jahon adabiyoti va madaniyati rivojiga qoʻshgan hissasi“ mavzuidagi xalqaro konferensiyada assotsiatsiyamiz aʼzolari oʻz maʼruzalari bilan qatnashdilar. Umuman, faoliyati davomida assotsiatsiya tomonidan Oʻzbekiston madaniyati, temuriylar davri, oʻsha davrga oid madaniy hayot mavzularida turli davlatlarda 200 ga yaqin konferensiyalar tashkil etildi.

Bu ishlarning hammasi assotsiatsiya rejasi ijrosi uchun emas, balki Frederik xonimning fidoyiligi, Samarqandga muhabbati tufayli amalga oshirilgan, desak koʻpchilik ishonmasligi mumkin. Ammo Frederik xonimni bir necha yillardan beri taniydigan samarqandlik doʻstlari uning bir sirini fosh etib qoʻyishdi: “U koʻpincha Oʻzbekiston haqidagi kitoblarini nashr ettirish, xorijda oʻtkazayotgan konferensiyalari uchun mablagʻni oilaviy byudjetidan ajratadi“.

“Onamizning ajdodlari oʻzbek boʻlgan”

Oiladagilari Frederik Bopertyui-Bressandning qadim Samarqandga muhabbatini toʻgʻri qabul qilishadi. Parijdagi xonadonidan katta bir uy faqat oʻzbekistonlik hunarmandlar yasagan mahsulotlar bilan bezalgan. Unda beshikdan tortib turli kashtayu soʻzanalargacha, koʻzadan tortib oftobagacha bor.

– Qizimning tili chiqqanda aytgan birinchi soʻzi bilasizmi nima boʻlgan? – suhbatni davom ettiradi Frederik xonim. – U “syu-za-ne”, deb gapira boshlagan. Uni hatto beshikda katta qilmoqchi boʻlgandim. Toʻrt farzandimning hammasi oʻzim kabi Oʻzbekistonga mehr qoʻygan. Sharq dunyosi ularniyam maftun etgan.

Oʻzbekistonlik doʻstlarim uyimizga tashrif buyurishadi, men ham ularnikida mehmon boʻlaman va bu doʻstlikni judayam qadrlayman. Oʻgʻlimni uylantirishim munosabati bilan oʻtkazilgan toʻy marosimida doʻstim Munojot Yoʻlchiyevaning tashrifidan boshim osmonga yetgandi. Unga qoʻshiq aytib berishini iltimos qildim, u rad etmadi.

Ha, oʻz farzandining toʻyida uzun adras libosda, oʻzbek mumtoz musiqasiga raqs tushayotgan fransuz xonimini tasavvur qilish qiyindir, ehtimol. Ammo yonidagilari Frederik xonimni shunday taniydilar. Uning doʻstlari ham Sharq dunyosini chuqur tushunuvchi insonlar. Farzandlarining “Onamizning ajdodlari oʻzbek boʻlgan”, degan hazilomuz gaplariga jilmayib qoʻya qoladigan xonim qariyb 40 yildirki, koʻnglidagi bu mehr sabablarini aytib bera olmaydi, bu holga izoh topishdan koʻra, har gal kelganida mamlakat tarixi bilan bogʻliq yangiliklarni oʻrganib ketishni afzal biladi.

Allaqaysi eʼtiqodga koʻra, inson bir necha umrni yashab oʻtishi mumkin ekan: turli asrlarda, turli qiyofalarda. Agar shu fikrga tayanadigan boʻlsak, ehtimol, Frederik xonim ham XV asrlarda aynan Samarqandda, yanayam aniqrogʻi, temuriylar saroyida yashagan boʻlishi mumkin. Uning Sharq dunyosi, xususan, Oʻzbekiston, Samarqandga nisbatan muhabbati sababini aniqlash uchun boshqa izoh topa olmadik.
Gulruh Moʻminova

Manba: Darakchi.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Frederik Bopertyui-Bressand xonimning ajdodlari oʻzbek boʻlganmi?