14:48 / 10.10.2018
3 587

Hurfikrlikni bugʻishning oqibatlari yoxud Amerikani kimlar Amerika qilgan?

Hurfikrlikni bugʻishning oqibatlari yoxud Amerikani kimlar Amerika qilgan?
Har bir jamiyatda turfa toifalar mavjud. Bu oʻz-oʻzidan tushunarli — Yaratgan Zot hammani turlicha yaratgan. Dunyo — rang-barang. Mazkur maqola doirasida biz ikki toifa toʻgʻrisida soʻz yuritamiz.

Birinchi toifa

Bir toifa kishilar bor — ular jamiyatning aksar qismini tashkil qiladi — jamiyatda yuz berayotgan jarayonlar bilan unchalik ishlari boʻlmaydi. Qulay ish joyi, yaxshi maosh, koʻp tergamaydigan rahbar, hovli-joy, bola-chaqa tashvishlari — mazkur toifaning urinishlari, intilishlari va qiziqishlari doirasini tashkil etadi. Oʻzlari yashayotgan jamiyatning hayoti, muammolari, mazkur jamiyatning binosi qanday qurilgani, uni isloh qilish masalalari — bular haqida bu toifa kishilar oʻzlarini, aql va qalblarini koʻp urintirmaydilar. Bunday kishilar nazdida, mazkur “ulkan” masalalarning tashvishini iqtidori benihoya ulkan boʻlgan, “yuqorida turgan” “kimlardir” qilishlari lozim va albatta, ularning nazdida, bu “ulkan kishilar” buni oliy maqomda qilyaptilar ham. Oʻzlarini esa atrof-voqelikda boʻlayotgan ishlar uchun masʼul deb bilmaydilar.

Tabiiyki, mazkur dunyoqarash bu toifaning jamiyatda tutgan oʻrnini va umuman yaratuvchanlik iqtidorini muvofiq ravishda belgilaydi — jamiyatda yuz beradigan hech bir islohot ularning faol ishtiroki bilan koʻp ham ozuqalanmaydi. Aksincha, islohot ehtiyoji oʻzi aynan shu toifaning befarqligidan paydo boʻladi, chunki, maʼlumki, befarqlik muammolarning kelib chiqish sababidir.

Ustiga-ustak, qiziqishlari ayricha boʻlgani boisidan, bu toifa kishilar kun tartibida turgan islohotlar mohiyatini koʻpincha ilgʻamaydilar ham, baʼzida esa oʻziga xos tarzda — buzib, oʻzlariga moslab taʼvil qiladilar.

Ikinchi toifa

Shu bilan birga, har bir jamiyatda ozchilikni tashkil etadigan boshqa bir toifa boʻladi.

Bu toifa birinchi toifadan farqli ravishda, oddiy tirikchilik tashvishlari bilan cheklana olmaydi — buni ularning tabiati koʻtarmaydi. Loʻnda qilib taʼriflasak, bu kishilar yangi fikr va gʻoyalar generatoridir. Insoniyat paydo boʻlgandan buyon mazkur noyob toifa tamaddunni oldinga siljitib kelgan. Barcha ixtirolar, yangi fikriy yoʻnalishlar, ilm-fan rivoji, bir soʻz bilan aytganda novatsiyalar shu guruhning “tinch oʻtirish”ni istamasligi evazigadir.

Jamiyat ichida boʻlayotgan jarayonlar, oʻzi yashab turgan shahri muammolaridan tortib dunyoda boʻlayotgan hodisotlar — bular haqida bu kishilar rostakamiga jon kuydirishadi va har qanday islohotlarda bevosita ishtirok etishga urinishadi.

Ammo bu yerda bir “ammo” bor!

Ammo...

Mazkur toifa oʻta moʻrt boʻladi. Bu xildagi insonlar faqat va faqat hurfikrlik, kengfikrlik, oshkoralik sharoitidagina oʻzlarini yaxshi his qilishadi. Fikr cheklanadigan muhitda esa ichki iqtidorlari roʻyobga chiqmagani sababidan oʻzlarini yomon his qilishadi. Tor doiradagi tashvishu qiziqishlar bilan umr kechirishga rozi boʻlmagani bois ular bunday sharoitda yo maʼnan “soʻnib” qolishadi va yoki boshqa, fikr cheklanmaydigan joylarga ketib qolishadi.

Amerika fenomeni

Tarix. Oʻrta asrlarda Yevropada holat oʻziga xos edi. Dunyoqarashi turli xurofotlar bilan, katolik cherkovining totalitar tartiblari bilan sugʻorilgan oʻsha paytdagi Yevropa muhiti erksevar kishilar uchun yomon edi. Va yangi qitʼa — Amerikaning kashf etilishi bu toifa uchun goʻyo yangi hayotga ochilgan daricha, yangi imkoniyatlar mayogʻi boʻldi. Koʻhna Yevropaga sigʻmay qolgan turfa toifalar — avantyuristlardan tortib oʻzgacha hayot va imkon shaydolari boʻlgan kishilar bir necha asr davomida okeanortiga koʻchib oʻtishdi va uni ishgʻol etishdi.

Qarangki, ajib tarixiy fenomenning — totalitar, zugʻum muhitidan norozi boʻlib, undan qochib chiqqanlarning iqtidori ila dunyodagi eng qudratli davlat — AQSH vujudga keldi.

Yoʻq, biz bu jarayonni ideallashtirishdan yiroqmiz, genotsid — mahalliy hindularning daryo boʻlib oqqan qoni va boshqa voqealar odamlarning yodidan chiqmaydi. Shu bilan birgalikda, aynan yangilikka, hurriyatga intiluvchi toifa barpo etgan davlat pirovardida boshqalardan oʻzib ketganiga guvohmiz.

“Amerika orzusi”

Oʻz vaqtida “Amerika orzusi” tushunchasi paydo boʻldi va dunyoning barcha chekkalariga yoyildi. Bu goʻyo bir chaqiriq edi. “Dunyoda bir joy bor, u yerda imkoniyatlaringiz roʻyobga chiqadi, orzularingiz ushaladi, chunki u yerda erkin boʻlasiz!” — degan chaqiriq edi bu. Bu shunchaki quruq vaʼda boʻlmagani, bunday joy amalda ham mavjud boʻlgani bois dunyoning turli chekkalaridan koʻplab kishilar, tabiatida erksevarlik boʻlgan insonlar Amerikaga yoʻl olishardi. Bunday “erkinlik istovchilar migratsiyasi” alal-oqibat Shimoliy Amerikada iqtidorlarni roʻyobga chiqarish uchun qulay bir muhitni yuzaga keltirdi.

XX asrga kelib bu jarayon yangicha sifat oldi. AQSHda yuzaga kelgan erkin muhit, mulkiy huquqning sobitligi, ilm-fan, sanʼat va boshqa soha namoyondalari uchun mamlakatda erkin faoliyat yuritish imkoniyati koʻplab isteʼdod egalari AQSHga koʻchib oʻtishiga sabab boʻldi. Bu ham AQSHning salohiyatini oshirdi, zero, bu mamlakat koʻplab isteʼdod egalarini oʻziga yigʻib olgandi.

Berluskoni yutib chiqdi

Bir necha yil avval Italiyaning oʻsha paytdagi rahbari Silvio Berluskoni va Rossiya Federatsiyasining oʻsha paytdagi prezidenti Dmitriy Medvedev oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi. Suhbat davomida Medvedev mamlakatning yerosti boyliklari boshqa mamlakatlarning u bilan hisoblashishlarini taqozo etayotganini eʼtirof etdi. Bunga javoban Italiya bosh vaziri tabassum ila shunday dedi: “Italiyada tabiiy boyliklar deyarli yoʻq, ammo 5 million kreativ (ijodiy) fikrlaydigan tadbirkorlar bor va bu bizning boyligimiz”.

Chindanam u tilga olgan boylik Italiya va boshqa bu kabi davlatlarning haqiqiy boyligi boʻlib, ular ishlab chiqarayotgan mahsulotlar hamda u yerdagi aholi hayot darajasi bunga yaqqol dalildir. Eng muhimi — bu boylik bir kun kelib tugaydigan neft va gaz koʻrinishida emas, balki tirik, ijodkor, hur insonlar koʻrinishida. Berluskoni haq edi oʻshanda.

Mulohaza va xulosalar

Hurfikrlik boʻgʻilgan joyda oʻsha — yangi gʻoyalar generatori boʻlgan, sivilizatsiyani oldinga siljitib kelayotgan, atrofga befarq boʻlmagan toifa oʻzini yomon his qiladi. Bunday sharoitda bu kishilar iqtidori roʻyobga chiqmagani bois boshqa joylarga ketish chorasini izlaydi.

Ochigʻini aytganda, aynan shu “irratsional” qatlam oʻzini yaxshi his qilgan joyda oʻsha joy, oʻsha mamlakat rivojlanishi, obod boʻlishi ehtimoli nihoyatda yuqorilaydi. Aksincha boʻlsa — aksincha.

Hurfikrlik, oshkoralik, yaxshi huquqiy muhit — qonunlar oldida barchaning barobarligi, mustaqil sud tizimi, gʻoyalar tatbiqi taqdirini kabinetlarda oʻtirib kun kechiradiganlarning irodasi emas, balki gʻoyaning obyektiv samarasi hal qiladigan muhit va boshqa shunga oʻxshash “asbob”larning mavjudligi kreativ, ijodkor, jonkuyar qatlamning potensiali yuzaga chiqishi uchun zaruriy omildir.

Bu omillarsiz jamiyatining, millatning chinakam doʻsti boʻlmish bu qatlam oʻz ona millatiga foyda keltirolmaydi, foydani oʻzga jamiyatlar — omillarni yaratib qoʻyib isteʼdodlilarni oʻziga chorlaydiganlar koʻradi. Vatanda esa isteʼdodlar quyi saviyadagi toifa qoʻlida — huquqsizlik muhitida choychaqa topish dardida yurgan turfa mansabdorlar tomonidan oyoqosti qilinadi.

Soʻngsoʻz oʻrnida

Koʻrinib turibdiki, islohotlarning muvaffaqiyati mamlakatda hurfikrlik, oshkoralik, haq-huquqlar ustuvorligi, oʻzaro hurmat va eʼzoz muhiti yuzaga kelishiga bogʻliq ekan. Zero aynan shunday muhitda faol, ijodkor, jonkuyar toifaning bor iqtidori roʻyobga chiqishi, isteʼdodlar shu zaminga “yopishishi” va barcha bundan foyda koʻrishi, farovonlikka erishgan yurtlarga nuqul havas bilan qarab oʻtirmasligimiz mumkin boʻladi.

Ustuvor maqsad — prioritetlarimizni belgilab olish vaqti kelgan.
Shokir Sharipov

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Hurfikrlikni bugʻishning oqibatlari yoxud Amerikani kimlar Amerika qilgan?