19:21 / 10.10.2018
7 354

Amir Temur va Fransiya qiroli oʻrtasidagi maktublar nima haqda edi?

Amir Temur va Fransiya qiroli oʻrtasidagi maktublar nima haqda edi?
Jahon tarixida Fransiya bilan doʻstona munosabatlarimiz teran ildizlarga ega ekanini ifoda etuvchi maʼlumotlar koʻp uchraydi.

Xususan, XIV asr oʻrtalarida Buyuk Ipak yoʻlining Gʻarb mamlakatlariga olib boruvchi tarmogʻi turli nizolar tufayli inqirozga uchragan edi. Oʻsha davrda Amir Temur turli sohalarda qitʼalararo aloqalar tiklanishiga sharoit yaratib berdi. Sohibqironning Yevropa qirollari bilan olib borgan muloqotlari orasida, ayniqsa, Fransiya qiroli Karl VI bilan yozishmalari alohida tarixiy ahamiyatga ega. 1394 va 1399 yillarda Amir Temur huzuriga kelgan Vizantiya imperatorining Konstantinopoldagi muovini Fransuaga Sandro ismli vakil hamroh boʻlgan. Sandroning qoʻlida Genuyaning homiysi boʻlgan Fransiya qirolining Amir Temur nomiga yozilgan maktubi bor edi.

1402 yilda Karl VI Amir Temur bilan mustahkam siyosiy aloqalarni oʻrnatishga intildi. Ular yozishmalarining bir qismi Fransiya hujjat arxivida saqlanadi. Mazkur maktublarda Amir Temur qirolning Sharqqa nisbatan siyosatini qoʻllab-quvvatlagan holda, oʻz davlati bilan Fransiya oʻrtasida savdo-sotiq yoʻlga qoʻyilishining ahamiyatiga eʼtibor qaratadi: “Bizning u ulugʻ amirdan kutganimiz shuldurki, doimo bizga shohona maktublarni yuborib, salomatliklarini bildirib tursalar, toki biz xotirjam boʻlgaymiz. Yana sizning savdogarlaringiz bu tarafga qatnab tursalar, biz bu yerda ularni azizu mukarram tutgʻumizdir, shuningdek, bizning savdogarlar u tarafga yuborilsa, siz ham ularni azizu mukarram tutsangiz, hech kimsa ularga zoʻrlik qilmasa va zarar-zahmat yetkazmasa! Chunki dunyo savdogarlar bilan oboddir!”

Sohibqironning Fransiya qiroliga yozgan, bizning davrimizgacha lotincha tarjimasi yetib kelgan ikkinchi maktubi ham 1402 yil 1 avgust sanasi bilan belgilangan. Har ikkala maktub arxiyepiskop Ioann III tomonidan Fransiyaga yetkazilgan. 1403 yil iyunda Parijga yetib borgan arxiyepiskop Amir Temurning Fransiya qirolligini qiziqtiruvchi taklifini bayon etadi. Unda ikki davlat savdogarlarining erkin savdo munosabatlarini taʼminlash va savdo erkinligini tegishli bitim orqali kuchga kiritish oʻz ifodasini topgandi.

Amir Temurning oʻzaro hamkorlik toʻgʻrisidagi tashabbusi Fransiya qiroli tomonidan mamnuniyat bilan qabul qilingani 1403 yil 15 iyunda Karl VI ning Sohibqiron nomiga yoʻllagan maktubida oʻz ifodasini topadi. “Yaratganning marhamati bilan franklar qiroli Karl muhtaram hazrat va muzaffar podshoh Temurbekka salom yoʻllaydi va tinchlik tilaydi” soʻzlari bilan boshlanadigan mazkur maktubda Fransiya bilan Amir Temur davlati oʻrtasida savdo aloqalarini oʻrnatish masalasiga katta ahamiyat qaratiladi va shunday soʻzlar bilan yakunlanadi: “Biz sizning ishlaringizni, foydali takliflaringizni qabul qilamiz, imkoni bor joylarda (ularga) barobar va undan ortiqroq iltifot koʻrsatishga vaʼda beramiz”.

Amir Temur ham, Karl VI ham oʻzaro doʻstlik va birdamlikdan hamda savdo bitimi tuzishdan manfaatdor boʻlishganini mazkur maktublardan anglash mumkin. Akademik Akmal Saidov va Lyusyen Keren hammuallifligidagi “Amir Temur va Fransiya” nomli asarda Vensan Frunyoning Amir Temur haqidagi ushbu fikri qayd etilgan: “Amir Temur mavzusi Gʻarbiy Yevropada Klavixo va Jenkinson safarnomalari eʼlon qilinmasdan burun, shuningdek, Ibn Arabshoh, Sharafiddin Ali Yazdiy singari tarixchilarning asarlari tarjima qilinmasdan oldin tarixiy va adabiy mavzu sifatida mavjud boʻlgan”.

Vatanimiz mustaqillikka erishgach, Oʻzbekiston dunyoning turli mamlakatlari bilan boʻlgani kabi Fransiya bilan ham siyosiy, iqtisodiy va madaniy aloqalarni oʻrnatdi. Shunday qilib, Amir Temur va Karl VI tomonidan tamal toshi qoʻyilgan hamkorlik hamda birdamlik munosabatlari bugungi kunda ikki davlat oʻrtasida yangi surʼatda rivojlanib bormoqda.
Xurshid FAYZIYEV,
Temuriylar tarixi Davlat muzeyi direktori

Manba: “Xalq soʻzi”

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Amir Temur va Fransiya qiroli oʻrtasidagi maktublar nima haqda edi?