15:25 / 12.10.2018
3 851

Sohibqironning “vannasi” qayerda?

Sohibqironning “vannasi” qayerda?
“Ishonch” gazetasining 2018 yil 15 sentyabrdagi sonida chop etilgan “Gidlar nimalarni hikoya qilmoqda?” sarlavhali maqolasida bugungi kunning dolzarb masalalaridan biri koʻtarilgan.

Haqiqatan ham gidlar masala mohiyatini toʻgʻri soʻzlab bermasa, tinglovchida notoʻgʻri tasavvur paydo boʻladi. Bunga bir necha bor guvoh boʻlganman. Masalan, Oʻzbekiston kimyo va farmatsevtika sanoati xodimlari kasaba uyushmasi ­Respublika kengashining tashabbusi bilan Rossiyaning turdosh kasaba uyushmasi boʻlgan “Ros­ximprofsoyuz”ning Sankt-Peterburg va Leningrad viloyati boʻyicha hududiy tashkiloti hamda Belarusning turdosh kasaba uyushmasi – “BЕLXIMPROFSOYUZ” tashkiloti vakillarini Samarqand shahrining tarixiy yodgorlik­lari va madaniy obyektlari bilan tanishtirishni yuqori saviyada tashkil etish maqsadida ­gidlar yordamidan foydalanishga toʻgʻri keldi.

Rossiyaning turdosh kasaba uyushmasi vakillari bilan boʻlgan suhbatda gidning saviyasi va bilimi, nafaqat Samarqand, balki Markaziy Osiyoning tarixini mukammal bilishi hamda Islom dini toʻgʻrisidagi maʼlumotlari barchani hayratga soldi. Lekin Belarusning turdosh kasaba uyushmasi tashkiloti vakillari bilan boʻlgan suhbatdagi gidning saviyasi buning aksi boʻlib chiqdi. U Amir Temur maqbarasiga kirishdagi ayrim arxeologik topilmalar haqida notoʻgʻri soʻzladi. Uning tushuntirishicha, maqbaraga kiraverishdagi xarsang toshdan oʻyilgan idish Amir Temurning yuvinish vannasi (?) ekan…

Holbuki, bu idishdan Amir Temur koʻp yillik safarlari oldidan lashkarlarini qoʻl bilan sanash bexosiyat ekani sababli idishni anor suvi bilan toʻldirib, ularga ichirgan va qaytgandan soʻng ham shu tadbirni qaytarib, oʻrtadagi farq bilan safarda qancha odamini yoʻqotganini aniqlagan. U shu kabi anchagina haqiqatdan yiroq maʼlumotlarni keltirdi. Bunday salbiy holatlarga Buxoro va Xorazmdagi tarixiy yodgorlik­lar ziyoratida ham guvoh boʻlganman.

Shunday ekan, gidlarning bilimi va saviyasi bilan alohida shugʻullanadigan payt keldi, deb oʻylayman. Buning uchun yuqori darajadagi davlat komissiyasi tuzilib, ular bir yoki ikki yilda imtihon qilinsa, shundagina bu kasb bilan shugʻullanishi uchun tegishli sertifikat berilsa, nur ustiga nur boʻlardi.
Bahriddin YUSUPOV

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Sohibqironning “vannasi” qayerda?