16:52 / 13.10.2018
3 941

Korrupsiyaga aralashgan bu ayollar nega Londonni tanlashadi? (foto)

Korrupsiyaga aralashgan bu ayollar nega Londonni tanlashadi? (foto)
Buyuk Britaniyaning Jinoyatchilikka qarshi kurash milliy agentligi (NCA) bu yil birinchi marta ikki ob’ektga nisbatan kelib chiqishi noaniq bo‘lgan ko‘chmas mulk borasida so‘rov jo‘natdi. Bu haqda Kun.uz nashri xabar bermoqda.

Bunday talab yil boshida qo‘yilgan, biroq javob beruvchining shaxsi faqatgina endi oshkor etildi.

Gap 2001-2015 yillarda Ozarboyjon Xalqaro bankini boshqargan Jahongir Hojiyevning turmush o‘rtog‘i Zamira Hojiyeva haqida ketmoqda. O‘tgan o‘n yilda u Harrods univermagida 16 million funt sterling (21 million dollar) sarflagan, bir kunda 150 ming funt (197 ming dollar)ga baholanuvchi zargarlik buyumlarini xarid qilgan.

Avvalroq, Britaniya hukumati aktivlar egalariga ularning qiymati 50 ming funtdan oshiq bo‘lsa, mol-mulk qanday manba hisobidan xarid qilingani haqida so‘rov yuborish huquqiga ega bo‘ldi. Gap, birinchi navbatda, jinoyat sodir etishda gumon qilinayotgan shaxslar, shuningdek, Yevropa iqtisodiy hududi tashqarisidagi mamlakatlardan bo‘lgan nufuzli siyosatchilar haqida ketmoqda.

Hojiyeva ishi bo‘yicha eshituvlar London Yuqori sudida iyulda boshlandi. Undan 2009 yilda Londonning Knightsbridge tumanidan 11,5 million funtga sotib olingan uy, shuningdek, Eskot yaqinida 2013 yilda 10,5 million funtga xarid qilingan yer uchastkasi bo‘yicha izoh berish so‘ralgan. Agar Hojiyeva pullar qayerdan kelib chiqqanini tushuntirib bera olmasa, mol-mulk musodara qilinishi mumkin.

Ayolning turmush o‘rtog‘i Ozarboyjonda firibgarlik, lavozimini suiiste’mol qilish va boshqa ayblovlar bo‘yicha 15 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan hamda 40 million dollarga yaqin jarimaga tortilgan. Hojiyev ayblovlarni tan olmagan, uning turmush o‘rtog‘i va advokati bu ayblovlarni mutlaqo adolatsiz, deb atashgan.

Londondagi eshituvlarda ma’lum bo‘lishicha, Zamira Hojiyeva Londonda dabdabali hayot kechirgan. Xususan, sud hujjatlarida ta’kidlanishicha, u biznes-jetlarda parvoz qilgan, so‘nggi 10 yilda esa Londondagi Harrods univermagida taxminan 16 million funt sarflagan.

Kelib chiqishi noma’lum bo‘lgan mol-mulk haqidagi so‘rov nima?

Bunday so‘rovlarni yuborish imkonini beruvchi qonun Buyuk Britaniyada korrupsiyaga aralashgan xorijiy mansabdor shaxslar va pul yuvish bilan kurashish uchun qabul qilindi. Jinoyatchilik bilan kurashish bo‘yicha milliy agentlik tergovchilarining fikricha, Buyuk Britaniyadagi ko‘chmas mulkka xorijdan milliardlab pullar investitsiya qilingan.

Biroq, hozirgacha bunday shaxslarga ayblov qo‘yish yoki ularning mulkini xatlovga olish dalillarning yo‘qligi sababli juda qiyin edi. Yangi qonunga binoan, gumonlanuvchilar pulning kelib chiqishini batafsil tushuntirishlari kerak. Agar ular kapital qonuniy yo‘l bilan olinganini isbotlay olmasalar, Jinoyatchilik bilan kurashish bo‘yicha milliy agentlik mulkni musodara qilish masalasi Oliy sudga murojaat etishi mumkin.

Er-xotin Hojiyevlar haqida nimalar ma’lum?

Jahongir Hojiyev 2001-2015 yillarda Ozarboyjon Xalqaro bankiga rahbarlik qilgan. 2016 yilda u firibgarlik, lavozimini suiiste’mol qilish va boshqa ayblovlar bo‘yicha 15 yillik qamoq jazosiga hukm qilindi hamda 40 million dollarga yaqin jarimaga tortildi.

Britaniya Virgin orollarida ro‘yxatdan o‘tgan kompaniya bundan yetti yil oldin Harrods univermagidan bir necha daqiqalik piyoda masofada 11,5 million funt sterlingga uy sotib olgan. NCA’ning ma’lum qilishicha, bu kompaniya Hojiyevlar oilasiga tegishli. 2013 yilda Zamira Hojiyevaga qarashli yana bir kompaniya Askot yaqinida Mill Ride nufuzli golf-klubining yarmini sotib oldi.

Zamira Hojiyeva investor vizasini oldi va Buyuk Britaniyada doimiy yashash huquqiga ega.

Hojiyevlar Buyuk Britaniyada pulni nimalarga sarflashgan?

Sud jarayonining boshida Hojiyevlar hujjatlarda faqat janob va xonim A. deb atalgan. Sudda ma’lum bo‘lishicha, 10 yil ichida Zamira Hojiyeva Harrods univermagida 16 million funt sterling mablag‘ sarflagan – bu kuniga 4 mingdan ortiq.

Sudda bir kun ichida u Boucheron firmasi mahsulotiga 150 ming funt sarflagani borasida dalillar taqdim etildi. Ushbu firma dabdabali zargarlik buyumlari, parfyumeriya va soatlar ishlab chiqaradi.

Ertasi kuni, sud eshituvlari davomida aytilishicha, u 1800 funt sarflab, o‘zining ichimliklar zaxirasini to‘ldirgan. Boshqa bir kun u 100 ming funtni Cartier zargarlik buyumlariga sarflagan. Shuningdek, 20 ming dollarga eri uchun sovg‘alar sotib olgan. Hojiyevada Ozarboyjon Xalqaro banki tomonidan berilgan 35ta bank kartasi bo‘lgan.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Hojiyevlar Harrods xususiy avtoturargohida mashinalar uchun ikkita joy sotib olishgan, Zamira Hojiyeva esa Gulfstream G550 samolyotini 42 million dollarga xarid qilgan.

Hojiyeva o‘z aybini tan oldimi?

Yo‘q. Uning bildirishicha, hech narsada aybi yo‘q va sud orqali so‘rovni bekor qilishga urinmoqda. Hojiyevlar advokatlarining Oliy sudda ma’lum qilishlaricha, ular adolatsizlik qurboniga aylanishgan.

Jahongir Hojiyev o‘z banki hisoblaridan firibgarlik yo‘li bilan yirik miqdordagi pullarni olib chiqib ketganini rad etmoqda. U shikoyat arizasi bilan murojaat qildi, ammo hukm o‘zgarmadi. Uning advokatlari so‘zlariga ko‘ra, u Ozarboyjon hukmdor doiralari bilan janjallashib qolgan va bunga o‘z ozodligi bilan to‘ladi.

U Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudini o‘z ishini ko‘rib chiqishga chaqirdi.

Zamira Hojiyevaning Britaniya sudida ma’lum qilishicha, turmush o‘rtog‘i – bank rahbari bo‘lishidan avval biznes orqali boyib ketishga muvaffaq bo‘lgan halol tadbirkor.

Biroq, Jinoyatchilik bilan kurashish bo‘yicha milliy agentlikning bildirishicha, 1993 yildan 2015 yilgacha Hojiyev davlat xizmatida bo‘lgan hamda bunday katta miqdorda pul ishlab topmagan.

Buyuk Britaniya hukumati Gulnora Karimovaning ham aktivlarini xatlashni rejalashtirmoqda

Buyuk Britaniya hukumati Gulnora Karimovaning ham qirollik hududidagi ko‘chmas mulk ob’ektlari va boshqa aktivlarini xatlashni rejalashtirmoqda.

«Boshqarma 2002 yili joriy etilgan qonunga muvofiq, ob’ektlarni fuqarolik tartibida musodara qilish haqida sud da’vosi bilan murojaat qildi. Da’vo bir necha aktivlarga, shu jumladan, O‘zbekistonda Gulnora Karimova va Rustam Madumarov ishtirokidagi korrupsiyaviy bitimlardan olingan daromadlardan foydalanib sotib olingani taxmin qilinadigan uchta ko‘chmas mulk ob’ektiga taalluqlidir», deyilgan Britaniyadagi O‘ta yirik miqdordagi firibgarliklarga qarshi kurashish byurosi (Serious Fraud Office) xabarida.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasidan ma’lum qilishlaricha, mahkama xodimlari xorijiy davlatlardagi hamkasblar bilan hamkorlik qilmoqda, jumladan, Shveysariya prokuraturasi bilan qalin aloqalar yo‘lga qo‘yilgan.

«Britaniya tomoni bo‘yicha masalaga kelsak, ayni damda Britaniya huquqni muhofaza qilish tuzilmalari bilan Gulnora Karimova ishi bo‘yicha qonuniy kuchga kirgan sud qarori doirasida aktivlarni qaytarishga doir muzokaralar olib borilmoqda», – deya aytib o‘tdi Bosh prokuratura matbuot xizmati vakili Surayyo Rahmonova.

Gulnora Karimova va Zamira Hojiyeva o‘rtasida hech qanday aloqalar mavjud bo‘lmasa-da, Britaniyada kelib chiqish manbasi noaniq bo‘lgan pullarga qarshi faol kurash boshlanganiga e’tiboringizni qaratmoqchimiz.

Faktlar

Financial Times ma’lumotlariga ko‘ra, har yili Londonga kirib keluvchi, kelib chiqish manbasi noaniq bo‘lgan pullar oqimi 90 milliard funt (taxminan 120 milliard dollar)ni tashkil etadi.

NCA’ning iqtisodiy jinoyatlar bilan kurashish bo‘yicha bo‘limi direktori Donald Tunning aytishicha, mahkama manbasi tushunarsiz bo‘lgan boyliklar bo‘yicha orderlardan aktivlarni muzlatish uchun kengroq foydalanishga tayyorlanmoqda. Bu, o‘z navbatida, ekspat-rossiyaliklar jamoasida katta tashvish uyg‘otdi. Sud tomonidan ruxsat beriladigan ushbu vosita, agar egalari xarid qilishga qonuniy pullardan foydalanilganini isbotlab bera olishmasa, tergovchilarga mulkni xatlash imkonini beradi.

«Biz Rossiyaning potensial ob’ektlarini ko‘rib chiqyapmizmi? Ha, albatta. Buyuk Britaniyadagi qimmatbaho rus aktivlarini kuzatyapmiz, sudga murojaat qila olishimiz va bu aktivlarga nisbatan shubhali boylik bo‘yicha order olish imkoniyatimizni ham ko‘rib chiqmoqdamiz», – dedi Tun gazetaga bergan intervyusida.

Shuningdek, Tun huquqshunoslar, buxgalterlar va moliyaviy jinoyatlarning boshqa «professional vositachilarini» ogohlantirdi. Uning ma’lum qilishicha, ular NCA’ga shubhali bitimlar ko‘rsatib o‘tiladigan ko‘proq murojaatlar yuborishlari kerak.

Uning umid qilishicha, kelasi yilning sentyabr oyiga kelib, shubhali boyliklar bo‘yicha orderlar soni ikki barobar ko‘payadi.

Darvoqe, Britaniya oldin, Boris Yelsin prezidentligi davrida, oligarxlar haqida indamagan, biroq bir necha hodisalardan so‘ng, London shubhali pullarga nisbatan o‘z siyosatini o‘zgartirishga qaror qildi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Korrupsiyaga aralashgan bu ayollar nega Londonni tanlashadi? (foto)