22:27 / 13.10.2018
3 885

Al-Azhar majmuasi rahbari: «O‘zbekistonda o‘zimni begona yurtdagidek his etmayapman. Men bobolarim yurtidaman» (foto)

Al-Azhar majmuasi rahbari: «O‘zbekistonda o‘zimni begona yurtdagidek his etmayapman. Men bobolarim yurtidaman» (foto)
Avvalroq, Misr bosh imomi, Al-Azhar majmuasi rahbari shayx Ahmad Muhammad Toyyib O‘zbekistonga kelgani, prezident Shavkat Mirziyoyev qabulida bo‘lgani haqida xabar berilgan edi.

Shayx Ahmad Muhammad Toyyib kecha, 11 oktyabr kuni Hazrati imom masjid majmuasida juma namozini o‘qib, ushbu majmuani ziyorat qildi. U O‘zbekistondagi orttirgan taassurotlari haqida shunday deydi:

"Men O‘zbekistonga bundan bir necha yil oldin kelgan edim. Hozir, o‘sha safarimni xotirlab, joriy ziyoratim bilan solishtirsam, har jihatdan ijobiy fikr va taassurotlarga ega bo‘lmoqdaman. O‘shanda buyuk Buxoriyning qabrini ziyorat qilish baxtiga muyassar bo‘lganman.

Mana, bu safar katta delegatsiya bilan O‘zbekistonga keldik. Bu tashrifdan nafaqat men, balki barcha hamrohlarim mamnun. Oldingi safarim bilan solishtirganimda, bugungi kunda O‘zbekistonda o‘zgarishlar juda katta ekanini ko‘rdim. Ayniqsa, tekis va ravon ko‘chalar, yo‘l bo‘yi va shahar atrofidagi obodlik, yangi barpo etilgan va qurilayotgan binolar kishi ko‘nglini shod etadi. Bu yerda meni e’tiborimni tortgan bir jihat - odamlarning ko‘tarinki kayfiyati, ularning hayotdan mamnunligi bo‘ldi.

Men bu yurt haqida qachon eslasam, ko‘z o‘ngimda Imom Buxoriy, Imom Zamaxshariy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy, Ibn Sino gavdalanadi. Men ularni o‘zimning bobolarim deb bilaman, nafaqat men, balki har bir musulmon odam ularni mening bobom, desa kerak. Bilasizmi, men O‘zbekistonda o‘zimni begona yurtdagidek his etmayapman, nega desangiz, yana o‘sha gapim: men bobolarim yurtidaman. Ularga bo‘lgan hurmatim shu darajada balandki, ularning nomlari Al-Azhar universitetida bugun ham jarang sochib turishiga jon-jahdim bilan harakat qilaman, asarlarini talabalarga o‘qitamiz, ularning boy ilmiy meroslarini talabalarimizga o‘rgatmoqdamiz.

Mening O‘zbekistonga qilgan safarim sermazmun va esda qolarli o‘tmoqda. Chunki O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti bilan uchrashdim. Qolaversa, Bosh vazir hamda Oliy Majlis Senati raisi bilan ham muloqot qildim. Shuningdek, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasidagi ijobiy kelishuvlarimiz meni juda xursand qildi. O‘ylaymanki, bundan keyin aloqalarimiz yangi bosqichga chiqadi va yaqin kelajakda o‘zining ijobiy samarasini beradi".

Misr bosh imomi, Al-Azhar majmuasi rahbari shayx Ahmad Muhammad Toyyibning O‘zbekistonga safari yakuniga yetdi. U bugun, 13 oktyabr kuni Islom Karimov nomidagi "Toshkent" xalqaro aeroportidan yo‘lga chiqdi.

Ma’lumotlarga qaraganda uning navbatdagi manzili - Italiya poytaxti-Rim.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Al-Azhar majmuasi rahbari: «O‘zbekistonda o‘zimni begona yurtdagidek his etmayapman. Men bobolarim yurtidaman» (foto)