14:05 / 14.10.2018
5 812

OTM to‘lov-kontrakt narxlari keyingi semestrdan oshiriladi

OTM to‘lov-kontrakt narxlari keyingi semestrdan oshiriladi
13 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar miqdorini oshirish to‘g‘risida»ni Farmoni e’lon qilindi. Unga asosan, 2018 yilning 1 noyabridan boshlab byudjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar hamda nafaqalar miqdori 1,1 baravar oshirildi va respublika hududida eng kam oylik ish haqi 202,730 so‘m etib belgilandi.

Eng kam oylik maosh miqdorining oshirilishi bilan endilikda O‘zbekistonda oliy ta’lim muassasalarining to‘lov-kontrakt narxlari ham ko‘tariladi.

Buning sababi, Davlat qabul komissiyasining 2018 yil 4 iyuldagi 2-sonli bayoniga ilovada to‘lov-kontrakt narxlari eng kam oylik ish haqiga bog‘langan bo‘lishi belgilab qo‘yilgan edi. Ya’ni har safar EKOIH oshganida OTM talabasi bo‘lish bahosi ham yuqorilab boraveradi. Bunda ikki muhim jihatga e’tibor qaratish lozim.

Birinchidan, kontrakt narxidagi bu o‘zgarish «superkontrakt» asosida birinchi bosqichga qabul qilingan talabalarga daxldor emas.

Shu yilning mart oyida Moliya vazirining buyrug‘i bilan «Oliy va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarida o‘qitishning to‘lov-kontrakt shakli va undan tushgan mablag‘larni taqsimlash tartibi to‘g‘risida»gi Nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgan. Yangi tahrirdagi hujjatning 18-bandiga asosan, ish haqi va stipendiyalar miqdorlarining, energiya resurslari, kommunal va ekspluatatsiya xizmatlarining narxlari va tariflari o‘zgarishi munosabati bilan oddiy kontrakt asosida o‘qitishning to‘lov miqdori o‘quv yili davomida qayta ko‘rib chiqilishi mumkin, ammo oshirilgan («super») to‘lov-kontrakt miqdori bundan mustasno.

Ikkinchidan esa, o‘quv yili davomida kontrakt asosida o‘qitishning to‘lov miqdori o‘zgarganda kontrakt qiymati navbatdagi semestr boshidan oshiriladi. Ya’ni, EKOIH miqdori 1 noyabrdan boshlab oshirilsa ham, kontrakt narxi bahorgi semestrdan (mart oyidan) ko‘tariladi.

Birinchi yarim yillik uchun to‘langan kontraktga qo‘shimcha to‘lov qilish shart emas. Ammo oldindan bir yillik to‘lovni amalga oshirib qo‘ygan talabalar bahorda kontrakt oshishi sabab yuzaga kelgan farqni to‘lashlari kerak bo‘ladi.

Ma’lumot uchun, hozirda bakalavriat ta’limi uchun EKOIHning 45-60 baravari, magistratura uchun 49-66 baravarida to‘lov belgilangan. Yangi narxlarga asosan, eng arzon kontrakt bakalavriatda 9 mln 122 ming 850 so‘m, magistraturada 9 mln 933 ming 770 so‘mni tashkil etadi.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan haftada shu yil birinchi bosqichga qabul qilingan talabalar uchun to‘lov-kontrakt miqdorining birinchi yarmini to‘lash muddati 31 oktyabrga qadar, ikkinchi va undan yuqori kurs talabalari uchun 15 noyabrgacha uzaytirilgan edi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » OTM to‘lov-kontrakt narxlari keyingi semestrdan oshiriladi