13:56 / 15.10.2018
4 421

Paxta terimidagi kamchiliklar tufayli ommaviy ravishda ishdan bo‘shatishlar amalga oshirilmoqda

Paxta terimidagi kamchiliklar tufayli ommaviy ravishda ishdan bo‘shatishlar amalga oshirilmoqda
14 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri Abdulla Aripov raisligida paxta yig‘im-terimiga bag‘ishlangan selektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda 2018 yil paxta hosilini yig‘ib-terib olish ishlarini jadallashtirish, terimchilarni dalaga safarbar qilish, kunlik terim sur’atini oshirishda joylarda mutasaddilar tomonidan yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar, hosilni yog‘in-sochinli kunlarga qoldirmasdan yakunlash bo‘yicha shoshilinch choralar ko‘rish yuzasidan 4ta sektor rahbarlarining hisobotlari tinglangan.

Yig‘ilishda bosh prokuror Otabek Murodov, prezident adminstratsiyasi rahbari Zaynilobiddin Nizomiddinov hamda O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri o‘rinbosari Zoir Mirzayev nutq so‘zlagan.

Yig‘ilish keskin tanqidiy ruhda o‘tgan. Ma’lum qilinishicha, aksar tumanlarda ikkinchi terim boshlanib ketganiga qaramasdan paxta rejasi 60 foizdan oshmagan, ayrim hududlarda reja 25-40 foiz atrofida qolmoqda.

«Kun.uz» manbasi ma’lum qilishicha, Nizomiddinov prezidentning maxsus qaroriga ko‘ra, joylarda sektor rahbarlari (tuman hokimi, prokuror, IIB boshliqlari, DSI boshliqlari) bo‘lgan 100dan ortiq kishiga nisbatan intizomiy chora (ishdan bo‘shatish, ikki oylik maoshdan mahrum etish, hayfsan) qo‘llanishi haqida ma’lum qilgan.

Jumladan, paxta terimi vaqtidagi sustkashliklari uchun 10dan ortiq tumanda prokurorlar, 10dan ortiq tumanda IIB boshliqlari ishdan ketgan, soliqchilar orasida esa ishdan olinganlar soni ko‘proq.

Bundan avvalroq Toshkent viloyati hokimi G‘ulomjon Ibragimovga hayfsan berilgani, viloyat IIB boshlig‘i ishdan bo‘shatilgani to‘g‘risida xabar qilingandi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)