23:06 / 17.10.2018
3 532

Korrupsiyada ayblanayotgan Quva hokimi o‘rinbosari uni tuzoqqa tushirmoqchi bo‘lishganini ma’lum qildi

Korrupsiyada ayblanayotgan Quva hokimi o‘rinbosari uni tuzoqqa tushirmoqchi bo‘lishganini ma’lum qildi
O‘zbekiston Bosh prokuraturasi 11 oktbyar kuni Farg‘ona viloyati Quva tuman hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Xabibulla Rustamov va va tuman kadastr bo‘limi mutaxassisi Shokir Qirg‘izboyev qo‘lga olingani to‘g‘risida xabar berdi.

Qo‘shma tadbir Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurash departamentining Farg‘ona shahar bo‘limi va Davlat xavfsizlik xizmati Farg‘ona viloyat boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda «G.S.» MChJ rahbari U.ning murojaatiga asosan o‘tkazilgan.

Hokim o‘rinbosari va kadastr bo‘limi mutaxassisi tumandagi maktabgacha ta’lim muassasalaridagi ta’mirlash ishlarini bajarish majburiyatini «G.S.» MChJ zimmasiga yuklash evaziga «G.S.» MChJ rahbari U.dan kelishilgan 1500 AQSh dollaridan 1000 AQSh dollarini pora tariqasida olgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan, deyiladi xabarda.

Bosh prokuraturaning aniqlik kiritishicha, Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. X.Rustamov Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi «v» bandi (xizmat vakolatidan foydalangan holda firibgarlik) bilan gumon qilinuvchi tariqasida ishda ishtirok etishga jalb qilinib, so‘roq qilingan. Shokir Qirg‘izboyevga nisbatan JKning 211-moddasi (pora olish) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

16 oktyabr kuni telefon orqali «Gazeta.uz"ga murojaat qilgan hokim o‘rinbosari uni tuzoqqa tushirishga urinishganini ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 11 oktyabr kuni taxminan 8:00 da xizmat xonasiga olti kishi kirib keladi. Ular orasida Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurash departamenti va DXX xodimlari bo‘lgan.

«Tintuv vaqtida stolim ustidagi qozog‘lar ostidan 1000 dollar — 100 dollarlik 10 dona pulni topishdi va meni pora olganlikda ayblashdi. Aytishdiki, men kimgadir qurilish uchun yer uchastkasi ajratishga va’da berganman. Pullarga ultrabinafsha nurlari ostida ko‘rinadigan maxsus bo‘yoq surtib qo‘yilgan, biroq ular barmoq izlarimni topa olishmadi», — dedi u.

Hokim o‘rinbosarining ma’lum qilishicha, kelganlar orasida ikki nafar guvoh ham bo‘lgan, ular unga Quvadan 60 km uzoqlikdagi Farg‘ona tumanining Lagan qishlog‘idan kelganini aytadi.

Xizmat xonasi tekshirilganidan so‘ng, amaldorning aytishicha, uni Farg‘onaga olib ketishadi va departament binosida yarim tungacha qolib ketadi.

7 mart kuni hokim o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan Xabibulla Rustamov 10 oktyabr kuni Shokir Qirg‘izboyev va undan qurilish ishlarini berishni so‘ragan tadbirkor U. bilan uchrashganini tasdiqladi. «Ha, u qurilish ishlarini olishni xohladi. Men tenderda qatnashish uchun ariza yozishni so‘radim», — dedi hokim o‘rinbosari.

Ayni vaqtda tergov harakatlari olib borilmoqda.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Korrupsiyada ayblanayotgan Quva hokimi o‘rinbosari uni tuzoqqa tushirmoqchi bo‘lishganini ma’lum qildi