07:43 / 20.10.2018
3 293

Yana o‘sha gaz, elektr haqida

Yana o‘sha gaz, elektr haqida
Mutasaddi tashkilotlar O‘zbekistonda energiya resurslariga bo‘lgan tariflar ko‘tarilishini, xarajatlarning o‘rnatilgan joriy tariflardan balandligi bilan izohlamoqda.

Narxi ko‘tarilishi kutilayotgan elektr energiyasi, gaz va yoqilg‘i energiyasi tariflari va ularning qanday asosga ko‘ra oshayotgani haqidagi ma’lumotlar bilan birgalikda, ushbu sektorlarda reformalar o‘tkazish qanchalar katta ahamiyat kasb etishini hamda “O‘zbekenergo” hozirgi holatini ko‘rsatuvchi statistika keltirilgan bo‘lib, unga ko‘ra kompaniya qarzlari 2 milliard dollardan yuqoriligi ma’lum. Elektrostansiyalarning 84% i 50 yil muqaddam ishga tushirilgan, va ularni ishlatish uchun ketadigan yoqilg‘i hajmi hozirgi kundagi zamonaviy stansiyalarga qaraganda 2 marotaba ko‘proqdir. Bu elektr energiyasi ishlab chiqarishdagi asosiy xarajat bo‘lib qolmoqda. Elektr tarmoqlarining 62,4% ning xizmat muddati 30 yildan yuqori. Bunday past samaradorlikka ega bo‘lgan korxona narxlarni hech qanday reformalarsiz ko‘tarishi ushbu sohalardagi muammolarni sudrab yurishdan o‘zgasi emas.

Davlat tomonidan moliyalashtiriladigan ushbu sektorlarda narxlar ko‘tarilishi, o‘tkazilishi kerak bo‘lgan bir qator reformalarni yengillashtiradi. Shunchaki narxlarning oshirilishi yechim bo‘la olmaydi.

Bizga ma’lumki ushbu sektorlar monopollashgan, barcha narxlar davlat tomonidan o‘rnatiladi, bu esa o‘z o‘rnida tashkilotlarning o‘z xarajatlarini oshirib ko‘rsatishga urinishadi. Xarajatlarni oshirish ularga korrupsion daromadlarni yashirish, ko‘tarilgan narxlarni asoslab berishda qo‘l keladi. Bu asosan «qimmat» xaridlar orqali amalga oshiriladi. Ma’lumki yuqori xarajatlar boshqaruvning noto‘g‘ri yo‘lga qo‘yilganidan dalolat beradi.

Ushbu sektorlarni monopoliyadan chiqarish dolzarb masalalardan biri sanaladi. Bunga sabab ushbu tashkilotlar davlat tomonidan moliyalashtirilishiga qaramasdan davlat qarzi o‘sib borayotgani! Boshqaruvdagi muammolar sababi ham bir necha funksiyalar bir tashkilot, yoki javobgar shaxslar tomonidan bajariladi. Korporativ boshqaruvdagi muammolarning yechimi demonopolizatsiya qilishdadir. Bu sektorlarda monopoliyadan chiqarish, avto-sanoat yoki shunga o‘xshash boshqa sektorlardan biroz farq qiladi. Ularda bojxona orqali raqobatdosh mahsulotlar kirib kelishini yengillashtirish orqali raqobat muhitini yaratish mumkin, ammo bunda mukammalroq choralar ko‘rilishi lozim. Aytaylik elektr energiyasi sektorini bir qancha funksiyalarga bo‘lish, «elektr energiyasini tarmoqlarga taqsimlash», «generatsiya» va «chakana savdosini» raqobatdosh muhit shakllanadigan muhitda yo‘lga qo‘yish maqsadga muvofiq bo‘ladi. Bunda energiya taqsimoti tabiiy monopoliyada ya’ni davlat nazoratida qoladi. Tabiiy gaz sektorida ham burg‘lash, geologik tekshiruvlar va qazib olish kabi jarayonlar ham taqsimlash berilishi boshqaruv jarayonini yengillashtiradi.

Xulosa qilib aytganda energiya resurslariga o‘rnatilgan narxlar bunga qadar ham ko‘tarilgan (yiliga 10%-15%), ammo ko‘tarilishi kutilyotgan joriy yildagisi oldingi yillardan farqli o‘laroq maxsus tariflar orqali to‘lanishi kutilmoqda. Ya’ni bunda qanchadir belgilangan miqdorgacha bo‘lgan energiya iste’moli uchun bir tarif, belgilangan limitdan o‘tgan taqdirda boshqacha (yuqoriroq) tarif bo‘yicha to‘lanadi. Bunda oshgan narxlar aholi qatlami uchun u qadar to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’sirga ega bo‘lmasada yuridik shaxslar orqali o‘z ta’sirini o‘tkazmay qolmaydi. Chunki yangi tariflar yuridik shaxslar uchun keskin ko‘tarilishi, bu esa ular ishlab chiqaradigan mahsulotlar narxiga va oxir oqibat umumiy narxlar ko‘tarilishiga olib keladi.

Ikki holatda ham, ya’ni reformalar o‘tkazilganda ham, past samaradorlikka ega joriy struktura qolganda ham narxlar oshishi talab etiladi. Reformalarga sarflansa xizmat sifati, uskunalar va umuman tizim tubdan yaxshilanadi. Buning uchun investorlarni jalb etish talab etiladi, ular esa tabiiyki zararda yotgan, hech bir strategiyaga ega bo‘lmagan korxonaga investitsiya qilishni istashmaydi.

Agar yangi tariflar reformalar uchun ko‘zlangan bo‘lsa bu raqobat muhitini shakllantirgan holda aholi umumiy turmush darajasining yaxshilanishiga olib keladi. Aksinsa sektorlardagi eski, mavjud strukturani saqlab qolish uchun kerak bo‘lsa bundan barcha yutqizadi.
Temur EShQUVATOV

Manba: 21asr.uz
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)