13:28 / 23.10.2018
3 689

Turkiya elchisi o‘zbek tilini qanday va nima uchun o‘rganganligini aytdi

Turkiya elchisi o‘zbek tilini qanday va nima uchun o‘rganganligini aytdi
Yurtdoshlarimiz Turkiya Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Ahmed Bashar Shenning turli tadbirlarda, ommaviy axborot vositalari vakillariga intervyu berish jarayonida sof o‘zbekcha ravon so‘zlashiga katta hurmat bilan qaraydi. Uning davlatimiz tilini qanday o‘rganganligi bilan qiziqdik.

— Anado‘lu turkchasi va o‘zbek tili bundan taxminan 900 yil avval bir-biridan ajratilgan ikki qardosh tildir. Ularning til mantig‘i, so‘zlar tizilishi bugungi kunda ham katta tafovut qilmaydi, desam adashmayman. Shu bois xalqlarimiz bir-birining tilini tushunishi va o‘rganishi juda oson.

Men ham Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida o‘zbek tili filologiyasi bo‘yicha ilmiy ish yoqlagan, benihoya qobiliyatli va yetuk o‘qituvchidan 25-30 ta dars olib, o‘zbek tilini juda qisqa muddatda o‘rgana oldim. “O‘tgan kunlar”, “Shum bola” kabi mumtoz o‘zbek badiiy filmlarini tomosha qilib, Erkin Vohidov, Abdulla Qodiriy va Alisher Navoiyning (bugungi o‘zbek tiliga o‘girilgan holatdagi) asarlarini o‘qib, ma’lumot doiramni kengaytirishga intildim.

O‘zbek tili men uchun, avvalo, qardoshimning tilidir. Til esa butun madaniyatning umurtqasi, tashuvchisi hisoblanadi. O‘zbekistonda vazifa o‘tayotgan, bitta madaniy tomirlarni o‘rtoqlashgan qardosh davlatning elchisiman. Tillarimiz bitta onaning ikki farzandidek go‘yo. Dinimiz bir. O‘zbek xalqini yanada yaxshiroq tushunish, qardoshimning dardiga sherik, quvonchidan sevinish uchun, birinchi navbatda, uning tilini mukammal o‘rganishni o‘zimning mas’uliyatim, deb bildim.

O‘zbek xalqi asrlardan buyon taraqqiy etgan, o‘z atrofiga ziyo nurini taratgan, bugun ham mintaqada yulduz misoli porlagan qadim, rango-rang, nafis madaniyatga ega. O‘sha madaniyatga yaqinlashish, yanada teran tushunish va undan bahra olish imkoniga men o‘zbek tilini o‘rganish orqali erishdim.

Shu bilan birga, Turkiyada ko‘plab o‘zbeklar yashaydi va ular bilan mamlakatimizning har joyida uchrashib qolishim mumkin. Ularni uchratganimda o‘zbekcha salomlashib, so‘rashganimda yuzlaridagi tabassumni ko‘rish men uchun naqadar bebaho tuyg‘u ekanligini ta’kidlashni xohlardim.
Dilshod KARIMOV yozib oldi.

Manba: "Xalq so‘zi"

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Turkiya elchisi o‘zbek tilini qanday va nima uchun o‘rganganligini aytdi