23:17 / 26.10.2018
4 328

Jurnalistlar odob-axloq kodeksi qabul qilinadi

Jurnalistlar odob-axloq kodeksi qabul qilinadi
Joriy yil so‘ziga qadar O‘zbekistonda jurnalistlar odob-axloq kodeksi qabul qilinishi kutilmoqda. Bu haqda O‘zA Milliy matbuot markazida bo‘lib o‘tgan «OAV sohasida o‘zini o‘zi boshqarishning samarali usullari» mavzusidagi davra suhbati yakunlari bo‘yicha xabar qildi.

O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi hamda O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi hamkorligida tashkil etilgan mazkur davra suhbatida asosiy e’tibor O‘zbekiston jurnalistlarining odob-axloq kodeksi loyihasi muhokamasiga qaratildi.

Tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, YuNESKO, Yevropa Ittifoqining Toshkentdagi vakolatxonalari, «Regional dialog» xalqaro tashkiloti, Buyuk Britaniya elchixonasi vakillari, axborot sohasi mutaxassislari, yetakchi ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

«O‘zbekiston jurnalistlari odob-axloq kodeksini qabul qilish biz uchun juda muhimdir. Dunyoning rivojlangan davlatlarida jurnalistlarning professional kasb etikasi kodekslari mavjud va ularda barchamiz uchun muhim bo‘lgan qoidalar aks etgan. Shu o‘rinda jurnalistik faoliyat etikasi yuridik me’yor emasligini alohida qayd etish lozim. U media muhitda qabul qilinadigan va jamoatchilik fikri bilan qo‘llab-quvvatlanadigan ma’naviy-axloqiy yo‘riqnoma hisoblanadi», — dedi O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Sa’dulla Hakimov.

Kodeks loyihasi O‘zbekistondagi bir qator media tuzilmalari tomonidan jurnalistlar va soha ekspertlari, fuqarolik institutlari, manfaatdor tashkilotlar vakillari ishtirokida ishlab chiqilgan. Unda Konstitutsiyamiz va amaldagi qonunchilik, milliy mentalitet va xalqaro huquqiy me’yorlar, xususan, «Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi», «Xalqaro jurnalistika professional etika tamoyillari», «Xalqaro jurnalist axloqi tamoyillari deklaratsiyasi» kabi hujjatlardagi asosiy tamoyillar hisobga olingan.

Tadbirda ishtirok etgan xalqaro tashkilotlar vakillari xorij amaliyotida jurnalistlarning odob-axloq qoidalariga rioya etilishi borasidagi mavjud tajribalari bilan ishtirokchilarni tanishtirdi, taklif-mulohazalarini bildirdi.

Tadbirda O‘zbekiston jurnalistlari odob-axloq kodeksi loyihasini ommaviy axborot vositalari orqali ochiq muhokamaga qo‘yish, unda bildirilgan taklif va tavsiyalar e’tiborga olingan holda kodeksni joriy yil yakuniga qadar qabul qilish, uning amaliyotdagi ijrosini nazorat qiluvchi jamoatchilik kengashini tuzishga kelishib olindi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Jurnalistlar odob-axloq kodeksi qabul qilinadi