21:03 / 30.10.2018
9 404

O‘zbekistonda tijorat banklari omonat stavkalarini 19-21 foizgacha oshira boshladi

O‘zbekistonda tijorat banklari omonat stavkalarini 19-21 foizgacha oshira boshladi
O‘zbekistonning bir nechta tijorat banklarida so‘mdagi omonatlar bo‘yicha foiz stavkasi oshishni boshladi. Sentyabr oyida jismoniy shaxslar uchun omonat stavkasi foizlari o‘rtacha yillik 15-16 foizni tashkil etgan. Oktyabr oyida bir qator tijorat banklari aholiga o‘z mablag‘larini 18-21 foizlik omonatga qo‘yish imkonini bermokda.

Yuqori foiz stavkalari hozir faqat xususiy banklar tomonidan bir yildan ortiq muddatga ega bo‘lgan omonatchilarga taklif etilmoqda. Xususan, "Aloqabank", "Trastbank", "Savdogarbank" va "Infinbank" aholi uchun omonat stavkasini yillik 18-20 foiz qilib belgiladi.

Eng yuqori foiz stavkalari "Turonbank" tomonidan taqdim etilmoqda, ya’ni 1, 2, 3 yil muddatgacha bo‘lgan depozitlar uchun 19, 20 va 21 foiz miqdorida omonat stavkasi belgilangan.

Mustaqil ekspert Aleksandr Davletovning aytishicha, tijorat banklari likvidlik tanqisligi sabab, muddati bir yildan ortiq bo‘lgan omonatlar uchun foiz stavkalarini oshirmokda. Kredit berish uchun banklarda mablag‘ yetishmayotgani ularning aholi qo‘lidagi bo‘sh mablag‘ uchun raqobatlashishiga va omonat foiz stavkalarini oshirishiga olib kelmoqda.

Markaziy bankning qayta moliyalash stavkasini oshirishi ham omonat foiz stavkalari oshishiga ta’sir ko‘rsatadi. MB o‘z xabarida pul-kredit siyosati qat’iylashishi iqtisodiyotdagi boshqa foizlarning oshishiga olib kelishi mumkinligi haqida aytgan edi.

Bundan tashqari, 1 oktyabrdan boshlab tijorat banklari uchun majburiy zaxiralash normativ stavkalari pasaygan. Endilikda tijorat banklari jismoniy shaxslarning ikki yildan ortiqroq muddatga qo‘yilgan omonatlarining bir qismini zaxiraga olib qo‘yishi shart emas. Bunday o‘zgarish bankka mavjud barcha pullarni kreditga berish yoki boshqa maqsadlarda foydalanish imkonini beradi.

1 yildan 2 yilgacha bo‘lgan muddatga qo‘yilgan omonat summasidan esa 4 foizi zaxiraga olinishi lozim.

Joriy yilning sentyabr oyi oxirida O‘zbekiston Markaziy banki pul-kredit siyosatini qat’iylashtirish maqsadida, qayta moliyalashtirish stavkasini yillik 14 foizdan 16 foizga oshirgan edi. Bu kutilayotgan inflyatsiyaning o‘sishi bilan bog‘liq. 2018 yil oxiriga kelib, yil boshidan buyon kutilayotgan inflyatsiya darajasi 11,5-13,5 foiz o‘rniga 16-17 foizni tashkil etdi.

Omonatlar bo‘yicha foiz stavkasi – bank tomonidan omonatchining mablag‘larini saqlash va ishlatish uchun to‘langan summasi. Odatda, banklar odamlarni o‘z pullarini banklarda saqlashga qiziqtirish maqsadida, aholiga qulay bo‘lgan foiz stavkalarini o‘rnatadi. O‘z navbatida, banklar ushbu mablag‘larni yuqoriroq foizda kreditga berish orqali to‘lanadigan omonat xarajatlarini qoplaydi.

Majburiy zaxira normativi – tijorat banklari jalb qilgan omonatlarning zaxira sifatida saqlashi shart bo‘lgan qismi. Odatda Markaziy bank ushbu qismni o‘zgartirish orqali berilayotgan kreditlar hajmi va iqtisodiyotdagi foiz stavkalariga ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Zaxira normativi past bo‘lsa, bank arzonroq kredit berishi yoki omonatlarni yuqoriroq foizda jalb qilishi mumkin bo‘ladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » O‘zbekistonda tijorat banklari omonat stavkalarini 19-21 foizgacha oshira boshladi