15:39 / 10.11.2018
6 437

Kim bizdan «Allohu Akbar» so‘zlarini o‘g‘irladi?

Kim bizdan «Allohu Akbar» so‘zlarini o‘g‘irladi?
Qirg‘izistonning Ummamag.kg saytida Aykol Bolotbekovaning yuqoridagi sarlavha ostidagi maqolasi e’lon qilindi. Biz uni sizning e’tiboringizga havola etamiz.

Kunlardan bir kuni biz qarindoshlarimiz peyntbol o‘ynayotgandik va qo‘limizda qurollar bilan jamoaviy suratga tushishga qaror qildik. Bir qator bo‘lib turib olganimizdan so‘ng, akalarimiz «Allohu Akbar» deb baqira boshlashdi va qolganlar ham ularga jo‘r bo‘lishdi. «Allohu Akbar» deya hayqirayotgan vintovkali askarlar obrazi miyamizga shu qadar o‘rnashib qolganki, «Allohu Akbar» so‘zlari ko‘pchilikning tasavvurida zo‘ravonlik, qotillik va qurol bilan uyg‘unlik kasb etadi. Nega bu yorug‘ dunyoga kelishi bilan murg‘ak chaqaloq ilk bor eshitadigan va namozda ko‘p marotaba takrorlanadigan so‘zlar zo‘ravonlik ramziga aylandi. Nega biz bizga tegishli «Allohu Akbar» so‘zini o‘g‘irlashlariga yo‘l qo‘ydik?

Bugun sahifamni varaqlab, amerikalik olim, Islom fanlari professori shayx Umar Sulaymonning «Allohu Akbar» so‘zining ma’nosi haqidagi postiga ko‘zim tushdi. Quyida biz bu maqolaning tarjimasini keltirishni lozim topdik.

Men Iroqda xizmat qilgan amerikalik askar bilan uchrashuvimni hech qachon unutmayman. Bir kuni u Yangi Orleandagi masjidimizga shahodat keltirish uchun keldi. U butun borlig‘i bilan Islomni qabul qilishni istardi. Lekin u shahodat keltirgach, odamlar baland ovozda «Allohu Akbar» deb baqira boshlashdi va askar bundan qattiq hayratga tushdi.

Urush faxriysi Iroqda xizmat qilgan paytida uni dahshatga solgan so‘z uni yangi dinda kutib olishi haqida hatto o‘ylab ko‘rmagan. U bu so‘zlarni ibodat vaqtida aytishi mumkinligini tasavvur kila olmagan.

«Allohu Akbar» so‘zi odamlar u haqda o‘ylashga ko‘nikkan ma’noning butunlay teskarisini anglatadi. Bu so‘z «Alloh Buyuk» degan ma’noni bildiradi, xolos. Bu so‘z musulmon bayramlari, ibodatlarida tez-tez qo‘llaniladi. Bu so‘zdan hayot, tiriklikni namoyish etish uchun foydalaniladi. Bu chaqaloqning dunyoga kelib eshitadigan ilk so‘zlaridir. U tug‘ilishi bilan otasi qulog‘iga «Allohu Akbar» deb pichirlaydi.

Bu so‘zlarni musulmonlar barcha quvonchli hodisalarda Allohning qudratini ta’kidlash uchun aytishadi. Masalan, Alloh ularga ular hatto orzu ham qila olmagan ne’matlarini in’om etadi. Bu so‘zlar namozda, nimaiki sodir bo‘lmasin, biz qanday falokatga duch kelmaylik, har doim hammadan ustun turuvchi Buyuk Alloh borligini eslatish uchun ishlatiladi.

Biroq «Allohu Akbar» jumlasi OAVda tez-tez salbiy kontekstda paydo bo‘lib turadi. Go‘yo, ataylab bu so‘zlarni aytuvchilarga nisbatan qo‘rquv uyg‘otish hamda Islomni qoralash maqsadida undan foydalanishayotgandek. Biroq biz bu so‘zlar begunoh odamni o‘ldirish vaqtida ularni aytuvchi terrorchiga tegishli emasligini yodda tutishimiz kerak. Bu odamlar mazkur go‘zal so‘zning ma’nosini o‘g‘irlagan nochor o‘g‘rilar xolos.

«CAIR-Florida»ning ijrochi direktori Hasan Shiboiy Nyu-Yorkdagi so‘nggi teraktga nisbatan javobida shunday dedi: «Eng ulkan bid’at — Ollohga qarshi gunoh sodir etish vaqtida «Allohu Akbar» deb baqirishdir».

Biroq ta’kidlash kerakki, yangi hayotni ovoza qilishga mo‘ljallangan so‘zlar o‘lim haqida jar solish uchun kecha ishlatila boshlangani yo‘q.

Bunga aloqador muhim voqea Payg‘ambarimiz Muhammad (sollallohu alayhi vasallam)ning sahobasi Abdulloh ibn Zubayr (roziyallohu anhu) bilan sodir bo‘lgan. «Allohu Akbar» so‘zlari uning dunyoga kelishi va vafoti vaqtida aytilgan. Abdulloh ibn Zubayr musulmonlarning Makkadan Madinaga hijrat qilishidan so‘ng tug‘ilgan birinchi chaqaloq edi. Bu vaqtda Madinaning ayrim fuqarolari musulmonlarda farzandsizlik tavqi la’nati borligi haqida mish-mishlar tarqata boshlagan. Shuning uchun, Abdulloh tug‘ilganda, uning bobosi, hurmatli Abu Bakr (roziyallohu anhu) o‘z nabirasini ko‘chalardan olib o‘tarkan, mamnun ovozda «Allohu Akbar» deya xitob qilgan.

Abdulloh Makkada adolat uchun kurashda o‘ldirilganida ham uni halok qilgan bir guruh odamlar «Allohu Akbar» deb baqirishgan.

Bu sahnalarning guvohlaridan biri shunday degan: «Men Abdulloh tug‘ilgan kunda va u vafot etgan kunda bor edim. Men u tug‘ilgan kunda va u vafot etgan kunda «Allohu Akbar» so‘zlarini aytishganini eshitdim. Alloh nomi bilan ont ichamanki, u tug‘ilgan kunda «Allohu Akbar» deganlar uni o‘ldirayotganda aytganlardan ko‘ra yaxshiroq edilar».

Abdullohni o‘ldirgan odamlar u tug‘ilgan vaqtdagi so‘zlarni aytayotgan bir damda, faqatgina bir guruh haqiqatan ham Allohning buyukligiga imon keltirgan. Va «Allohu Akbar» so‘zining ma’nosi aynan ularga tegishli. O‘z hayoti va insonlarga xizmati orqali ular doim Allohni ulug‘laydilar.

Biz «Allohu Akbar» so‘zlarining asl ma’nosini doim yodda tutishimiz va xursandchilik onlarida hamda Alloh marhamatiga muyassar bo‘lganimizda ularni ishlatishimiz kerak. Terrorchilar yoki turli siyosiy o‘yinlar «Allohu Akbar» so‘zining ma’nosini o‘g‘irlashiga yo‘l qo‘ymasligimiz shart.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Kim bizdan «Allohu Akbar» so‘zlarini o‘g‘irladi?